Sergey Lushchan: “Qiyin o'yin bo'ldi”
“Andijon” - “Navbahor” (0:1) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida dastlab mehmonlar ustozi Sergey Lushchan qatnashdi.
- Qiyin o'yin bo'ldi. Ayniqsa, “Andijon” bilan hamisha og'ir o'yinlar bo'lgan. Bu derbi, hamisha asabiy va kurashlarga boy o'yin bo'ladi. Har qanday holatda yigitlarga rahmat. Futbolchilarga ko'rsatmalarimizni 90 foizga bajarishgani uchun minnatdorchilik bildiraman. Ikkita durangdan so'ng o'yinchilarga xotirjam bo'lishlarini alohida ta'kidladik, kerakli ko'rsatmalarni berdik. O'yinlarimiz o'xshamagan paytda ularga kerakli tushunchalarni bera oldik. O'ylaymanki, bu g'alaba jamoamizni keyingi o'yinlarda yanada shakllantirishga zamin yaratadi. Bunday natijalardan so'ng jamoa shakllanib, yana ijobiy natijalarga erishamiz.
- O'tgan turdagi tarkibga nisbatan bir qator rotasiyalarga qo'l urdingiz...
- Men haqida avvalgi matbuot anjumanida aytgandim. Bizda bir qator muammolarimiz bor edi. Yig'inda asosiy tarkibni ko'plab o'yinchilari qatnashishmadi. SHu sababli yig'inimiz ko'ngildagidek o'tmadi va bu holat o'yinga o'z ta'sirini ko'rsatishini bilgandik. Shu bois o'yinlarimizda muammolar paydo bo'ldi. Bunday g'alabadan so'ng o'yinimizni yaxshi tomonga tashkil qilib, vaziyatni yana ijobiy tarafga o'zgartiramiz. Hozircha bir qator o'yinchilarga 20, 30 yoki 40 daqiqa o'ynashga imkoniyat berishga majbur bo'lyapmiz. Asta-sekin o'yinlarimizni shakllantirib olamiz. CHo'chib turgandik. CHunki Boltaboev ko'p vaqt maydonga tushmagandi. Asta o'yinini topib boryapti. To'g'ri, bizda ikkita o'yin o'xshamadi. Buni tub sabablarini tushunib yetdim. Bu borada yetarlicha ish olib boryapmiz.
- Ko'rinib turibdiki, natijadan qoniqdingiz, o'yindanchi?
- O'yindan ham mamnunman. Futbolchilar ko'rsatmalarni bajarishdi va raqibning kuchli hamda kuchsiz tomonlarini to'g'ri baholashdi. SHu bois maqsadimizga erishdik, chiroyli gol ham urdik. Jamoa yutsa barchasi unutiladi, natija qoladi. Biz yangi jamoa tuzyapmiz. Asta-sekin oldinga qarab boryapmiz. E'tibor bergan bo'lsanglar, yosh futbolchilarni ham maydonga tushirdik, bizda potensial bor. Bunday qiyin uchrashuvlarda mana shunday yoshlarni ham maydonga tushirish va ishonch bildirish kerak.
- Jamoa sardori Azim Ahmedov nega maydonga tushmadi?
- Bizda raqobat muhiti bor. U jamoamiz sardori. Mening qarashim bo'yicha maydondagi uchta braziliyalik yomon harakat qilmayapti. Azim Ahmedov xohlagan vaqtda ularning o'rnini bosishi mumkin. Uni bir qancha plyus tomonlari ham bor. Kamchiligi ham yo'q emas. Bilasizmi, murabbiy uchun zaxira o'rindig'ida har qanday holatda maydonga tushib o'ynab ketadigan o'yinchisi bo'lsa bu faqat yaxshi bo'ladi. Hayotda ham, maydonda ham lider. Shunday ekan, uni borligi biz uchun foyda.