Maksim Shatskix: “O'yin durangga mos edi”
“Andijon” - “Navbahor” (0:1) bahsidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida jamoamiz bosh murabbiyi Maksim Shatskix ishtirok etdi.
- O'yin haqida nima ham derdim. Durangga mos bo'lgan o'yin. SHunday vaqtlar bo'ladi, raqib darvoza tomon bitta zarba beradi va u gol bo'ladi. Bizda ham ko'p vaziyat bo'lmadi. Ammo o'yinimiz yomon emasdi, Rejalarimiz o'xshamadi. Bu - futbol. Unda hamma narsa bo'lishi mumkin. Albatta, mag'lubiyatdan xafamiz. YAna takrorlayman, durangga mos o'yin bo'ldi.
- Balki o'yinchi almashtirilganda xatolikka yo'l qo'yilgandir?
- Bilmadim, balki shundaydir. Bu holatni tahlil qilib chiqamiz. Tajribadan ma'lumki, yaxshi narsalarni rejalashtirasiz, lekin o'xshamay qoladi.
- Mag'lubiyatga kim asosiy aybdor?
- Menman, kim bo'lishi mumkin? Jamoa mag'lubiyatga uchrasa bosh murabbiy aybdor bo'ladi. Aybni o'z bo'ynimga olaman. Balki qaerdadir, balki o'yinchi almashtirishda xato qilgandirmiz. Balki o'yinchilarni yaxshi tayyorlantira olmagandirmiz. Bunday muhitda, stadion to'la muxlislar qarshisida biz mag'lubiyatga uchramasligimiz kerak edi. Qo'rqinchli joyi yo'q, hayot davom etadi. Futbolda kimdir yutadi, kimdir mag'lubiyatga uchraydi. O'ylaymanki, bunday o'yinda mag'lubiyatga uchramaslik kerak edi, durangga mos o'yin bo'ldi. Bilasizmi, agar biz yutganimizda ham durangga mos o'yin bo'ldi, degan bo'lardim. Yashirib nima qilaman, men har doim to'g'risini aytaman. Shunday holatlar bo'ladi, darvozaga bir marta tepasan va u gol bilan tugaydi. Bizda ham shunday vaziyat bo'lgandi, lekin biz gol urolmadik. Futbol shunisi bilan qiziq. Qaerdadir individual mahorat o'zini ko'rsatadi. Balki ba'zi o'yinchilar bunday muhitda va bunday muxlislar oldida o'ynashmagandir. Qandaydir hayajon bor edi va bu hayajondan ba'zi yigitlar chiqib keta olmay qoldilar. Ikkinchi taymda biroz faolroq o'ynagandek bo'ldik. Boshlagan narsamizni oxiriga yetkaza olmayapmiz. Bu bizni xatoimiz bo'lyapti. Yaxshi rejalashtiryapmiz, biroq oxiriga yetganda uni bajara olmay qolyapmiz. Ayrim holatlarda bunga tushunmay ham qolyapman.
- Ilhom Abdug'anievni o'rniga Altin Kreziu maydonga tushirilsa bo'lmasmidi?
- Altin tayanch yarim himoyachisi. U orqaroqda harakat qiladi. Bizga hujumni kuchaytira oladigan futbolchi kerak edi. Uchta himoyachini tushirishimiz ham mumkin edi. Bu o'yinni yutishni xohlagandik. Altin hujumkor o'yinchi emas, himoyaviy o'yinchi. Shu sababli uni maydonga tushirmadik. Toirov ham tanyach zonasida o'ynaydi. Bu o'yinda Kreziuni tushirishdan ma'no yo'q edi.
- Nega Saidnurullaev o'rniga Mamatkazin tushirildi?
- O'yin oxirida orqada havoda to'p uchun kurashlar ko'paydi. Vaqt oz qolayotgandir va qaerdadir unda imkoniyat bo'lishini hisobga olib, maydonga tushirdik.