Andijon futboli xalqaro maydonga chiqmoqda: "Beshiktosh" bilan strategik hamkorlik yoʻlga qoʻyilmoqda
Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi strategik munosabatlar mutlaqo yangi bosqichga chiqib, iqtisodiyot, investitsiya, madaniyat va sport kabi sohalarda izchil hamkorlik kengayib bormoqda. Bu jarayon ayniqsa hududiy darajada ham faollashib, xalqaro aloqalar amaldagi loyihalar orqali mustahkamlanmoqda.
Yaqinda Andijon viloyati rahbarining Turkiyaga amalga oshirgan tashrifi ikki tomonlama aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim qadam boʻldi. Tashrifdan soʻng turkiyalik ishbilarmonlar delegatsiyasining Andijonga kelishi mazkur muloqotlar natijasi boʻlgani taʼkidlanmoqda. Delegatsiya tarkibida nufuzli mehmonlar qatorida Turkiya chempionatining gigandlaridan biri "Beshiktosh" klubi qurultoyi aʼzosi Gokhan Saribayir ham ishtirok etdi.
Tashrif davomida mehmonlar viloyat futbol infratuzilmasi bilan yaqindan tanishib, klub bazasi, "Bobur arena", bolalar futboli tizimi hamda akademiya faoliyatini koʻzdan kechirdilar. Mutaxassislar Andijonda futbolni rivojlantirish uchun yaratilgan sharoitlar yuqori baholanganini taʼkidlashmoqda. Eng muhimi — ushbu tashrifning asosiy maqsadi mahalliy futbol tizimini xalqaro tajriba bilan boyitishdir.
Muzokaralar markazida Turkiyaning mashhur klublaridan biri —" Beshiktosh" akademiyasi bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyish masalasi turdi. Rejaga koʻra, murabbiylar almashinuvi, yosh futbolchilar uchun oʻquv yigʻini, metodik tajriba almashish kabi qator qoʻshma dasturlar amalga oshirilishi mumkin. Shuningdek, "Andijon" jamoasi bilan "Beshiktosh" oʻrtasida oʻrtoqlik uchrashuvi tashkil qilish tashabbusi ham koʻrib chiqilmoqda. Bu esa nafaqat sport, balki madaniy diplomatiya nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyatga ega.
Eʼtiborlisi, "Andijon" klubi rahbariyati yaqinda Antaliya shahrida "Antalyaspor" rahbariyati bilan ham uchrashuv oʻtkazgan edi. Bu kabi muloqotlar klubning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish va professional boshqaruv standartlarini joriy etishga xizmat qiladi.
Mutaxassislar fikricha, agar ikki tomonlama memorandum imzolansa, bu hamkorlik Andijon futboli tarixida yangi davrni boshlab beradi. Xalqaro standartlar, ilgʻor tayyorgarlik tizimlari va investitsiya imkoniyatlari jamoaning raqobatbardoshligini sezilarli darajada oshirishi mumkin.
Xulosa: Turkiya bilan hamkorlikning amaldagi natijalari allaqachon koʻrina boshladi. Endigi qadam — kelishuvlarni amaliy loyihalarga aylantirish. Agar rejalar toʻliq roʻyobga chiqsa, "Andijon" nafaqat mamlakat, balki mintaqaviy futbol markazlaridan biriga aylanishi ehtimoli katta.
Gokhan Saribayir viloyat futbol infratuzilmasini koʻzdan kechirgach, quyidagi fikrlarni bildirdi:
“Biz bu yerda ham Yevropa standartlariga xos futbolchilar yetishtirish maqsadidamiz. “Andijon” klubi bilan kelishuvga erishish rejalashtirilyapti va buning uchun memorandum tayyorlanyapti.
Klub bazasi juda yaxshi, standartlari yuqori. Xuddi shu holatni futbol maktablari va akademiyalarga ham targʻib qilinsa yanada yaxshi natijalarga erishishinglarga ishonchim komil.
Andijon viloyati hokimi Turkiyaga borganida bazamizni koʻzdan kechirishgan va “Andijon” klubida ham shunday ishlarni amalga oshirishni xohlagan. Biz ham bu yerga kelib koʻryapmizki, chindan ham koʻp ishlar qilingan. Buning uchun hurmatli viloyat hokimini tabriklaymiz”.

