Chempion maydonidagi oʻyinda kuchlar teng keldi
Hamma kutgan “Nasaf” hamda “Andijon” oʻrtasidagi oʻyin chindan qiziqarli, hujumkor ruhda kechdi.
Qarshida amaldagi chempionga qarshi oʻynash istalgan jamoa uchun juda murakkab. Lekin shunga qaramasdan “Andijon” ham kuchli raqibga qarshi puxta tayyorlangani uchrashuv davomida koʻzga tashlandi. Boz ustiga aynan “Burgutlar” uchrashuvda birinchi boʻlib hisobni ochishdi. Bu safar ham Damir Temirov yana oʻzini koʻrsatdi. Saidumarxon Saidnurullayevning tezkorlik bilan jarima maydoni ichiga uzatgan toʻpini Damir Temirov darvoza tomon yoʻlladi. Avvaliga Abduvohid Neʼmatov qaytardi, ikkinchi urinishda Temirov baribir oʻz maqsadiga erishdi.
Umuman olganda, oʻyinda ikkita gol urildi va ikkinchi boʻlimda mezbonlar muvozanatni tikladi. “Nasaf” keskin hujumlar uyushtirgan chogʻida himoyachilar va darvozabon ishonchli harakat qildilar. Shu bilan birga “Andijon” tezkor qarshi hujumlarda raqibni jazolashga ham yaqin edi. Ayniqsa, bahs oxirlarida Muhammadali Usmonovning uzatmasidan keyin Ismail Akinadening bosh bilan yoʻllagan zarbasi darvoza ustuniga tegib qaytdi.
“Andijon” chempionga munosib qarshilik koʻrsatdi. Jamoa aʼzolari maydonning har bir qarich yerida jon-jahdlari bilan kurashishdi va ishqibozlarning olqishlariga sazovor boʻldilar. Andijondan yoʻl bosib kelgan ashaddiy muxlislar – “Ultras Burgut” ham “Nasaf” stadionida jamoamizni ajoyib ravishda qoʻllab-quvvatladi.
Endi barcha eʼtiborimiz 12-avgust kuni “Bobur arena”da “Navbahor”ga qarshi oʻyinga qaratiladi. “Nasaf” bilan oʻyin tarixga aylandi. Oldimizda esa vodiy derbisi turibdi. Barcha ishqibozlarni stadionda kutamiz.
“Nasaf” – “Andijon” – 1:1 (0:1).
7-avgust. Qarshi. “Nasaf” stadioni. 12357 tomoshabin.
Hakamlar: Shavkat Nasibullayev, Sanjar Shoyusupov, Avazbek Abdullayev
Zaxira hakami: Jahongir Noraliyev
VAR: Akobir Shukurullayev
AVAR: Adham Rixsiboyev
Nazoratchi: Aleksandr Popov
Komissar: Abdulvosidxon Valixonov
“Nasaf”: Abduvohid Neʼmatov, Umar Eshmurodov, Igor Golban (Gʻolib Gʻaybullayev, 57), Sherzod Nasrullayev, Murod Rahmatov, Zafarmurod Abdirahmatov (Shuhrat Muhammadiyev, 85), Sharof Muhitdinov (Sardor Bahromov, 66), Stefan Cholovich (Adenis Shala, 66), Oybek Bozorov, Dragan Cheran (Suhrob Nurulloyev, 85), Xusayn Norchayev.
“Andijon”: Erjan Tokotayev, Sunnatillox Hamijonov, Shaxzod Azmiddinov, Kristian Novak, Sardor Azimov, Saidumarxon Saidnurullayev (Shoxjahon Yorqinboyev, 82), Damir Temirov (Farhod Sohibjonov, 90), Muhammadkarim Toirov, Doniyor Abdumannopov (Islom Mamatkazin, 90), Bektemir Abdumannonov (Muhammadali Usmonov, 82), Otabek Joʻraqoʻziyev (Ismail Akinade, 63).
Gollar: Damir Temirov, 6 – 0:1. Oybek Bozorov, 60 – 1:1.
Ogohlantirishlar: Shaxzod Azmiddinov, 40. Damir Temirov, 64. Muhammadkarim Toirov, 64.