Bahrom Haydarov: “Biz ham shunaqa darvozabonimiz boʻlishini xohlardik”
"Andijon" - "Qoʼqon-1912" (3:0) bellashuvidan soʼng matbuot anjumanida dastlab mehmonlar ustozi Bahrom Haydarov qatnashdi.
- Koʻpchilik koʻrdi, albatta 3:0 hisobidan keyin bir nima deyish qiyin. Baxona qidirgandek boʻlib qolishimiz mumkin. Ikkita golni hisobga olmasak teng jamoa bilan oʻynayotgandek edik. Gapirish juda qiyin. Chunki juda ogʻir hisob. Yutqazmasligimiz kerak, deb oʻylayotgandim. Birinchi boʻlim ham, ikkinchi boʻlim ham teng kurashlar ostida oʻtdi. Lekin individual mahorat evaziga birinchi va ikkinchi gollar darvozamizga kiritildi. Bizda ham vaziyatlar boʻldi. Lekin “Andijon” darvozabonini terma jamoadagi oʻyinlarida ham koʻrgandik, tahlil qilgandik. Biz ham shunaqa darvozabonimiz boʻlishini xohlardik. Oʻylaymanki, bu darvozabon gʻalabaga juda katta hissa qoʻshdi. 0:0 boʻlib turganida ham, yutqazayotgan chogʻimizda ham juda yaxshi imkoniyatlarimiz boʻldi. Darvozabon yarim jamoa deb bejizga aytishmaydi. Albatta, “Andijon”ni qolgan hamma oʻyinchilari ham mehnat qilishdi. Ammo darvozabonini alohida taʼkidlab oʻtgan boʻlardim. Himoya chizigʻimizni ham bir nima deyish qiyin. Yaxshi desak, hisob bunga toʻgʻri kelmayapti. Uchrashuvni koʻrib chiqqanimizdan keyin xulosaga kelishimiz mumkin.
- Birinchi boʻlimdan to uchrashuv oxirigacha beshta himoyachi bilan oʻynadinglar. Shu haqida fikringiz?
- Yoʻq, 5 ta himoyachi bilan emas. Raqib oʻyinini tahlil qilganimizda Abdumannopov bilan Abdumannonov keng oʻynashadi. Ularni OKMK bilan oʻyinini ham tahlil qildik. Shunga majbur edik. Ammo toʻp bizdaligida uch himoyachi bilan...Bizda asosan uch himoyachi. Faqat ikkala qanot himoyachilari ham bor, majbur boʻldik. “Andijon” futbolchilarini keng joylashuvi hisobiga shunga moslab tayyorgarlik koʻrgandik. 5 ta himoyachi degani, yutqazmasak boʻldi, deb maydonga tushmadik. Agar oʻyin davomida natija oʻzgarganida biz ham oʻzgarish qilmoqchi edik. Raqibni ikkala qanot oʻyinchilari deyarli oxirigacha oʻynashgani uchun sxemamizni almashtirmadik.
- Ikkinchi goldan keyin oldingi chiziqqa hujumchi tushirsangiz boʻlmasmidi?
- Bilasizmi, ikkinchi goldan keyin meni tushuncham boʻyicha aksincha uchta himoyachi qolsangiz, ikkala qanot futbolchilari tepaga koʻtariladi. Bu sxemani 4 ta hujumchiga moslasangiz boʻladi. Yutqazgandan keyin buni notoʻgʻri qilgan boʻlishimiz mumkin, buni oʻrganib chiqamiz. Bu savolga javob berish qiyin.
- Ikkinchi davra yirik hisobdagi magʻlubiyat bilan boshlandi. Davralar oraligʻidagi tarkibda yuz bergan oʻzgarishlardan koʻnglingiz toʻldimi?
- Uchta yangi futbolchi tarkibimizda maydonga tushdi – Gadoyev, Datsi va Haydarov. Haydarov bilan Datsi hujumchi. Gol urishmadi. Bugungi hisob hamma narsani kesib qoʻyyapti-da. Ularni maqtashga ham ojizmiz. Gadoyevni biroz oʻyini qovushmadi, jamoaga qoʻshilib keta olmadi. Unga vaqt kerak. Chunki u ikkinchi davra boshlanishiga yaqin keldi. Datsi bilan Haydarov gol ura olmagan boʻlsa ham bosim oʻtkazishga harakat qilishdi. Ammo 0 ga oʻynaganimizdan keyin koʻnglingiz toʻlmaydi-da. Mehnat qilishdi, yomon oʻynadi, deb boʻlmaydi. Shu oʻrinda ishqibozlarimizga katta rahmat. Yoʻl bosib kelishdi va stadionda oxirigacha qoʻllab-quvvatlashdi. Yutqazayotganimizda ham ketib qolishmadi, ularga katta rahmat va uzr soʻrayman.