SAYT TEST REJIMIDA!!!

"Burgutlar"dan yoqimli parvoz

"Burgutlar"dan yoqimli parvoz

Bugun “Andijon” jamoamiz ikkinchi davradagi dastlabki turni “Bobur arena”da minglab sogʻingan muxlislari qarshisida “Qoʻqon-1912”ga qarshi oʻtkazdi. 

Bir oylik tanaffusdan keyin yana katta futbolga qaytgan “Burgutlar” tarkibini qator oʻzgarishlar kuzatildi, bosh murabbiy Maksim Shatskix oʻzining rejalarini amalga oshirib tarkibni kuchaytira oldi. Shuning uchun qoʻqonliklarga qarshi bellashuv ishqibozlarda ham katta qiziqish uygʻotdi. 

Oʻyin kutilganidek ajoyib ruhda oʻtdi. “Bobur arena”da yana betakror muhit hukm surdi. Shatskix jamoasi oʻyinni tashabbus bilan boshladi. Ayniqsa, Otabek Joʻraqoʻziyevning burchak zarbasidan keyin boshi bilan yoʻllagan zarbasini darvozabon arang maydon tashqarisiga chiqarib yubordi. Albatta, bu vodiy derbisi edi va raqib ham anoyilardan emas. Shuning uchun “Qoʻqon-1912” jiddiy qarshilik koʻrsatishga urunib koʻrdi. Biroq “Andijon”ning qirgʻizistonlik yangi darvozaboni Erjan Tokotayev kutilganidek oʻzining ajabtovur seyvlarini namoyish qilgan holda stadionda olqishlarga sazovor boʻldi. Tokotayev ikkala boʻlimda ham jamoamizni gollardan saqladi. Uning ishonchli oʻyini jamoadoshlarini yanada ruhlantirdi.

Oʻyindagi barcha gollar ikkinchi boʻlimda kiritildi. Tanaffusdan keyin bosh murabbiy Maksim Shatskix kerakli soʻzlarni topib aytgani ikkinchi boʻlimda sezildi. Jamoa oʻyini yanada kuchaydi. 51-daqiqada Damir Temirov ajoyib kombinatsiyadan keyin hisobni ochdi. Aynan Damirning oʻzi 80-daqiqada jamoamizning yana bir betakror kombinatsiyani gol bilan yakunladi. Bu vaziyatda Damirning zarbasi ham zargarona koʻrinish oldi. 

Bu hali hammasi edi. Shaxzod Azmiddinov oʻrniga zaxiradan maydonga tushirilgan himoyachi Islom Mamatkazin 90+4-daqiqada belgilangan jarima zarbasini shunday bajardiki, darvozabon uni qaytarishga ojiz qoldi.

“Andijon”da yana boshqa golli imkoniyatlar ham yuzaga keldi. Lekin tabloda 3:0 hisobi porlab turdi va ushbu natija bilan “Andijon” ikkinchi davrani boshladi. Barchaga ajoyib oʻyin va gʻalaba muborak boʻlsin!

“Andijon” – “Qoʻqon-1912” – 3:0 (0:0).
3-avgust. Andijon. “Bobur arena” stadioni. 11145 tomoshabin.

Hakamlar: Asker Najafaliyev, Amir Galeyev, Daniil Yatsenko, 
Zaxira hakami: Umijon Rahimjonov
VAR: Gʻayrat Joʻrayeav
AVAR: Shoxruh Aʼzamov
Nazoratchi: Timur Abdullayev
Komissar: Qudrat Madraimov

“Andijon”: Erjan Tokotayev, Sunnatilloh Hamijonov, Shaxzod Azmiddinov (Islom Mamatkazin, 74), Kristian Novak, Sardor Azimov, Muhammadkarim Toirov, Damir Temirov (Farhod Sohibjonov, 80), Bektemir Abdumannonov (Ismail Akinade, 80), Saidumarxon Saidnurullayev, Doniyor Abdumannopov (Muhammadali Usmonov, 86), Otabek Joʻraqoʻziyev (Muhammadyusuf Mirqodirov, 80). 

“Qoʻqon-1912”: Azizxon Isoqov, Asliddin Toshtemirov, Jasur Yoqubov, Alisher Salimov (Jasur Xoltoʻrayev, 66), Andro Giorgadze, Javohir Husanov (Muhammadanas Hasanov, 53),  Shota Gvazava, Shoxruh Gadoyev (Iqbol Malikjonov, 73), Sherzod Akramov, Abdugʻofur Haydarov (Bahrom Abdurahimov, 66), Kleydi Datsi. 

Gollar: Damir Temirov, 51 – 1:0. Damir Temirov, 80 – 2:0. Islom Mamatkazin, 90+4 – 3:0.

Ogohlantirishlar: Doniyor Abdumannopov, 67. Shaxzod Azmiddinov, 72.

 

Share on Facebook Share on Twitter Share on Pinterest