Muhammadali Usmonov: “Menga ishonch bildirishyapti va bu ishonch albatta oqlanadi”
“Andijon” klubi yozgi transfer chogʻida tarkibiga bir qator yangi futbolchilarni qoʻshib olayotganidan xabaringiz bor.
“Burgutlar” aʼzosiga aylangan yangi oʻyinchilar orasida iqtidorli hujumkor yarim himoyachi Muhammadali Usmonov ham bor. “Paxtakor”da toʻp surgan asli andijonlik yigit oʻz uyiga qaytdi va endi “Andijon” sharafini himoya qiladi.
Usmonov “Andijon” matbuot xizmatiga intervyu berar ekan, bir qator savollarga javob qaytardi.
- Muhammadali ikkinchi davradan faoliyatingizda yangi sahifa ochilmoqda. Bunday yangi chaqiruvga qanchalik tayyor edingiz?
- Barcha andijonliklarga, futbol muxlislariga, “Ultras Burgut” aʼzolari, hamma-hammaga assalomu alaykum. Nasib qilsa, ikkinchi davradan faoliyatimda yangi sahifa ochiladi. “Andijon” klubiga, murabbiylar shtabiga chaqirib ishonch bildirishgani uchun katta rahmat. Albatta, chaqiruvga tayyor edim. Chunki oʻzingiz bilganingizdek, oʻyin amaliyotisiz qolgandim. Shu sababli ketishim kerak edi. Ketishimni oldindan bilardim. Men oʻynashni istayotgandim. Xudo xohlasa, “Andijon”da koʻproq oʻyin amaliyotiga ega boʻlib, oʻzimni koʻrsatib, sogʻlom raqobat qila olishga harakat qilaman.
- “Andijon” bilan Tojikiston yigʻinida qatnashdingiz. Qanday taassurotlar qoldi?
- Albatta, jamoa bilan Tojikistondagi yigʻinda boʻldim. Kuniga ikki mahaldan mashgʻulotlar oʻtkazdik. Jamoadoshlarimga rahmat, hammasi iliq kutib olib, yaxshi qabul qilishdi. Hammasi bilan juda yaxshi chiqishib ketdim.
- Yangi jamoada 99-raqamni tanladingiz. Bu sizni yoqtirgan raqamingizmi?
- Raqam masalasiga keladigan boʻlsak, yoqtirgan raqamlarim ichida bu ham bor. Shuning uchun 99 ni tanladim. Avvalo, raqam oʻyinchini emas, oʻyinchi raqamni bezab turadi. Xudo xohlasa, yaxshi oʻyinlar koʻrsatsak, 99-raqam yanada chiroyli boʻlib koʻrinadi.
- Muxlislar sizni xursandchilik bilan qarshi oldilar va hamma yangi oʻyinchilar qatori sizdan ham umidlari katta. Ularning qoʻllab-quvvatlashi sizga qoʻshimcha motivatsiya bagʻishlayaptimi?
- Muxlislarning bunday iliq kutib olishi oʻzim uchun ham boshqacha quvonch va xursandchilik bagʻishladi. Chunki har bir futbolchining orzusi muxlislarning qalbidan joy olish. Menga ishonch bildirishyapti va Xudo xohlasa, bu ishonch albatta oqlanadi.
- Ikkinchi davrada oldingizga qoʻygan vazifangiz qanday?
- Ikkinchi davrada oldimga qoʻygan vazifam – chiroyli oʻyinlar va gollarim bilan muxlislarni xursand qilib, jamoamga yordam berish. Osiyo Chempionlar ligasida ham ijobiy natijalarga erishish vazifamiz hisoblanadi.
- Oʻz uyingizga qaytdingiz va qachondir shu holat yuz berishi kerak edi. “Paxtakor”dan “Andijon”ga oʻtishingizni qanday izohlagan boʻlardingiz?
- Men uyimga qaytdim. Inson oʻz uyida qanchalik erkin boʻlishini bilasiz. Nasib qilsa, bunday erkinlik bilan yanada kuchliroq boʻlib, biz barchasini albatta uddalaymiz. Muxlislarimizga rahmat. Bizni qoʻllab-quvvatlab turishsa, biz albatta vazifani bajaramiz, olgʻa, “Andijon”!