SAYT TEST REJIMIDA!!!

Nihoyat, biz uddaladik! “Andijon” va uning muxlislari top darajada!

Nihoyat, biz uddaladik! “Andijon” va uning muxlislari top darajada!

“Andijon” klubining Toshkentda “Paxtakor”ga qarshi oʻyiniga tayyorgarligi juda yuqori darajada boʻldi. Bu uchrashuvning eng ahamiyatli tomoni shunda ediki, “Burgutlar” hali Oʻzbekiston chempionatida Toshkentda “Paxtakor” maydonida gʻalaba nashidasini surmagandi va tarixni yangilash maqsadida Aleksandr Xomyakov oʻz futbolchilarini mazkur oʻyinga puxta tayyorlab, yetarlicha ruhlantira oldi.

Bundan tashqari, “Andijon” fan-klubi, “Ultras Burgut” ham jamoamiz bilan teppa-teng ravishda “Paxtakor”ga qarshi bahsga munosib hozirlik koʻrdi. Kutilganidek, “Jar” stadioni andijonlik minglab muxlislarning auditoriyasi, betakror qoʻllab-quvvatlashlari fonida salkam “Bobur arena”ga aylandi.

Rostini aytish kerak, jamoaning ichida ham, rahbariyat, murabbiylar, futbolchilar, ishchi-xodimlar oʻrtasida ham “Paxtakor”ga qarshi oʻyinda gʻalabaga boʻlgan ishonch juda mustahkam edi va nihoyat bu safar qora anʼanaga barham berilishiga barcha chin dildan ishonayotgandi. Chunki jamoaning tayyorgarligi, ruhlanishi ham shunga monand ravishda olib borildi. “Jar” stadionida 3000-4000 ming atrofida andijonlik ishqibozlarning tinimsiz olqishlashi ham futbolchilarga katta motivatsiya berdi.

Oʻyin ehtiyotkorlik bilan boshlandi. Oʻz uyida oʻynayotgani uchun “Paxtakor” dastlabki daqiqalardan xavfli hujumlar uyushtirishga harakat qildi. Biroq vakillarimiz raqibning hujumlarini bartaraf qilib, tezkorlik bilan mezbon darvozasi oldida golli imkoniyatlar yaratish payida boʻldi. Lekin uchrashuvning asosiy voqealari tanaffusdan keyin yuz berdi.

Birinchi boʻlimda raqibni yaxshi “oʻqigan” Xomyakov tanaffus chogʻida futbolchilarga juda muhim va kerakli koʻrsatmalarni berdi. Natijada ikkinchi boʻlimda “Andijon” oʻyiniga yanada qoʻshdi va raqibning ojiz nuqtalarini topa oldi. 

Avvaliga Bektemir Abdumannonovning reydidan keyin kuchli zarba yoʻlladi. Darvozabon qaytargan paytda Doniyor Abdumannopov jarima maydoni ichida kerakli paytda boʻldi va oʻzining ikkinchi urinishdan soʻng raqib darvozasini ishgʻol qildi. Oradan 6 daqiqa oʻtganidan soʻng andijonlik muxlislar “Jar” stadionini yana larzaga keltirdilar. Altin Kreziuning burchak zarbasidan qoyilmaqom toʻp uzatishidan soʻng Rustam Turdimurodov boshi bilan darvozani nishonga oldi. “Paxtakor” 67-daqiqada Sergeyevning goli bilan javob qaytargan boʻlsa, 80-daqiqada “Andijon” yana gol urdi. Kreziu standart vaziyatdan ustalik bilan toʻpni raqib jarima maydoniga uzatgan chogʻida chernogoriyalik Luka Uskokovich boshi bilan darvoza toʻrini nishonga oldi. Uchrashuvdagi yakuniy gol “Paxtakor” tomonidan kiritildi. Biroq bu ham “Burgutlar”ning unutilmas gʻalabasi yoʻliga gʻov boʻla olmadi.

Shuni alohida eʼtirof etish kerakki, “Andijon” bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov “Paxtakor”ga qarshi juda aqlli yurishni amalga oshirdi. Raqib murabbiyining qilgan oʻzgarishlariga “Andijon” ustozi taktik tomonlama toʻgʻri yondashuv qila oldi. Aynan bosh murabbiyimizning imzosi butun oʻyin davomida sezilib turdi. 

“Andijon” esa nihoyat tarixni yangilay oldi va “Paxtakor” maydonidan gʻalaba qozona olishini isbotladi. Isbotlaganda ham “Burgutlar” “Sherlar” darvozasiga uchta gol urishga muvaffaq boʻldi. “Andijon” va uning muxlislari darhaqiqat top darajada!

“Paxtakor” – “Andijon” – 2:3 (0:0).
13-aprel. Toshkent. “Jar” stadioni. 7250 tomoshabin.

Hakamlar: Nayim Qosimov, Zufar Eliboyev, Shoxnur Yoʻldoshev.
Zaxira hakami: Sardor Mirodilov
VAR: Ravshan Abduvohidov
AVAR: Sherzod Aʼzamov
Nazoratchi: Bobur Haydarov
Komissar: Qudrat Madraimov

“Paxtakor”: Jonatan, Abdulla Abdullayev, Muhammadrasul Abdumajidov, Hojiakbar Alijonov, Mahmudjon Maxamadjonov (Umar Adhamzoda, 89), Jonatan Lukka, Sardor Sobirxoʻjayev, Flamarion (Doston Hamdamov, 89), Muhammadali Oʻrinboyev (Ulugʻbek Hoshimov, 78), Igor Segeyev, Otabek Joʻraqoʻziyev (Bashar Resan, 66). 

“Andijon”: Eldor Adhamov, Abdulvohid Gʻulomov, Oleg Zoteyev (Damir Temirov, 80), Miomir Jurichkovich, Luka Uskokovich, Altin Kreziu, Ilhom Abdugʻaniyev (Islom Mamatkazin, 72), Iskandar Shoyqulov (Abdurahmon Komilov, 80), Bektemir Abdumannonov (Farhod Sohibjonov, 90+2), Doniyor Abdumannopov (Usmon Ismonaliyev, 72), Rustam Turdimurodov. 

Gollar: Doniyor Abdumannopov, 54 – 0:1. Rustam Turdimurodov, 60 – 0:2. Igor Sergeyev, 67 - 1:2. Luka Uskokovich, 80 – 1:3. Bashar Resan, 84 – 2:3.

Share on Facebook Share on Twitter Share on Pinterest