Aleksandr Xomyakov: “Futbolchilarga minnatdorchilik bildirgan holda ularning oldida shlyapamni yechaman”
Superliganing 5-turidan oʻrin olgan “Paxtakor” – “Andijon” (2:3) oʻrtasidagi uchrashuvdan keyin tashkil etilgan matbuot anjumanida dastlab jamoamiz bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov ishtirok etdi.
- Bugungi gʻalabadan juda ham xursandman. Taʼriflashga soʻz ojiz. Xudoga shukurki, yigitlar xarakter koʻrsatishdi va gʻalabani saqlab qolishdi. Oʻylaymanki, maydonda yaxshi harakat qildik. Toʻgʻrisini aytsam, ha, baʼzi holatlarda biz oʻylaganlarning barchasi ham oʻxshadi, deya olmayman. Lekin, eng asosiysi, gʻalaba qozondik. Futbolchilarga minnatdorchilik bildirgan holda ularning oldida shlyapamni yechaman. Ulardagi yaxshi harakat va matonat uchun barchani ajoyib gʻalaba bilan chin koʻnglimdan tabriklayman.
- Safarda “Paxtakor” ustidan qozonilgan tarixiy gʻalaba bilan tabriklaymiz. Jamoangizning himoyadagi oʻyiniga qanday baho berasiz? Masalan, oʻtgan safar “Mashʼal” bilan oʻyin oxirlarida himoyalangandi...
- Bizda qaysidir vaziyatlarda aniqlik yetishmayapti, deyishim mumkin. Yirik hisobda gʻalaba qozonishni rejalashtirmagandik. Biz oʻyinni nazorat qilishimiz kerak edi. Bunga qisman erishdik, deb oʻylayman. Umuman olganda, bugun raqib ham yaxshi harakat qildi. Baʼzi holatlarda himoyachilarimizni xato qilishga majbur qildi, deyishim mumkin. Biz esa qarshi hujumlardan foydalandik. Shu oʻrinda taʼkidlashim kerakki, hujumda yaxshi oʻynadik va uchta gol urishga erishdik. Tan olaman, himoyada muammolar boʻldi. Imkon qadar toʻgʻrilashga harakat qildik.
- “Paxtakor” maydoniga kelgan jamoalar asosan yopiq oʻyin koʻrsatishadi. Ammo bugun jamoangiz boshqacha oʻyin namoyish qildi...
- Bilasizmi, bizga qiyin boʻlishini oʻyindan avval his qilgandik va shunga yarasha tayyorgarlik koʻrgandik. Agar biz birdaniga hujumga oʻtib ketadigan boʻlsak, bizga juda qiyin boʻlishini bilardik. Oʻyin startida, boshlangʻich 15 daqiqasida agressiv futbol koʻrsatishga harakat qildik. Oʻyinni toʻliq 90 daqiqa bir xil tempda oʻynashning imkoniyati yoʻq. Shu bilan birga raqib oʻyinlarini yaxshi oʻrganib chiqqandik. Shunga yarasha harakat qildik. Baʼzi vaqtlarda himoyalanib oʻynadik. Chunki bunga raqib majbur qildi. Ayrim holatlarda uch himoyachi boʻlib oʻynashimizga toʻgʻri keldi. “Paxtakor” kuchli oʻyin koʻrsatishga kirishdi. Shu bois buni alohida sirli joyi yoʻq va biz rejamiz boʻyicha harakat qildik. Kuchli xohish hamda gʻalabaga boʻlgan ishtiyoq sababli gʻalaba qozondik.
- “Mashʼal” bilan oʻyinda siz gʻalabadan soʻng oʻyindan qoniqish hosil qilmaganingizni aytgandingiz. Bugungi uchrashuvda ham jamoangiz yutdi va siz oʻyindan qoniqish hosil qildingizmi?
- Qiziqarli savol uchun rahmat. Ikki tomonlama fikr aytishim mumkin. Murabbiy uchun natijani albatta muhim deb hisoblayman. Ikkinchi tomondan esa futbol – bu muxlislar uchun oʻynaladigan oʻyin. Ishqibozlar oddiy oʻyin boʻlsa, hisobni koʻrishadi va uyiga ketishadi. Qiziqarli uchrashuv boʻlsa, albatta kelib oxirigacha turishadi, qoʻllab-quvvatlashadi. Jamoa shakllanyapti, oʻz oʻyinini topib boryapti. Oldimizda xalqaro uchrashuvlar turganini barchamiz his qilib turibmiz. Murabbiy sifatida oʻyindan-oʻyinga kuchayib, yuqori darajaga chiqishimizni juda xohlayapman. Biz yuqori natijalar uchun intilyapmiz. Hammasi asta-sekin amalga oshiriladi. Chaqaloq ham birdaniga yurib ketmaydi. Biz ham rivojlanib boryapmiz. Muxlislarbop oʻyin koʻrsatishga harakat qilyapmiz. Shu bilan birgalikda natija ham juda muhim. Balki hammamiz birgalikda “Andijon”ning gʻalabasini nishonlarmiz, ketdik (kuladi)!