SAYT TEST REJIMIDA!!!

Aleksandr Xomyakov: “Qoʻrqinchli joyi yoʻq, ishlar reja asosida ketmoqda”

Aleksandr Xomyakov: “Qoʻrqinchli joyi yoʻq, ishlar reja asosida ketmoqda”

“Andijon”ning “Voytsberg” (Avstriya) hamda “Raufoss” (Norvegiya) klublariga qarshi oʻyinlarida soʻng jamoamiz bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov klub matbuot xizmati uchun oʻz taassurotlari bilan oʻrtoqlashdi.

“Tigʻiz kun boʻldi. Biz buni “dabl geym” deb ataymiz. Bir kunda ikkita oʻyinni oʻtkazish oson emas. Maydonga tushgan futbolchilarimiz 90 daqiqa mobaynida toʻliq kuch bilan oʻynadilar. Bevosita uchrashuvlarga kelsak, ikkalasi ham bir-biridan qiziqarli kechdi va har ikki bahsda ham vaziyatlar yarata oldik. Bu oddiy oʻyinlar boʻlmadi.

Avstriya jamoasi zamonaviy futbol namoyish etdi. Rostini aytsam, raqibdan bunday oʻyinni kutmagan edim, menga yoqdi. Garchi, ularga hisobda yutqazgan boʻlsak-da, oʻyin borasida koʻp jabhalarda raqibdan ustunlik qildik. Oʻzimizning klub haqida tanqidiy xulosa chiqara olmayman. Chunki safimizga yangi futbolchilar kelib qoʻshilgan va bir-birlarini tushunib olishlari uchun vaqt kerak boʻladi. Muhimi, hammasi reja asosida ketyapti va oʻyindan qoniqdim.

Ikkinchi oʻyinga kelsak, Norvegiya futboli vakili butunlay boshqacha – jismoniy kuchga tayangan holda toʻp surdi. Raqib bu jabhada ustunroq ekanligini namoyish eta oldi. Meni uchrashuvning dastlabki 20-30 daqiqasida yomon oʻynamaganimiz quvontirdi. Biz yaratmoqchi boʻlgan oʻyinni koʻrsata oldik, lekin hammasi ham oʻxshamadi. Ammo bundan fojea yasash kerak emas. Chunki boya aytganimdek, hammasi reja asosida ketmoqda. Har ikkala jamoa navbati bilan hujumlarga oʻtishdi. Toʻgʻri harakatlanib, toʻpga egalik qildik. Ha, imkoniyatlar boʻldi, ammo u qadar koʻp emas. Nazorat bellashuvlarida hisob unchalik katta ahamiyat kasb etmaydi. Asosiysi, futbolchilar bir-birini tushunib, oʻz oʻyinimizni topish ustida ishlashga kirishganlar. 

Umuman olganda, biz deyarli yangi jamoa tuzmoqdamiz. Toʻgʻri, bunga hali vaqt kerak. Xullas, men bu magʻlubiyatlardan fojea yasamoqchi emasman. Qoʻrqinchli joyi yoʻq. Yuqorida aytib oʻtganimdek, ishlar reja asosida ketmoqda. Ishlashda davom etamiz. Oʻz oʻyinimizni topib boryapmiz va shu ruhda harakatni olib boramiz”.

Share on Facebook Share on Twitter Share on Pinterest