ULAR YANGI “ANDIJON”IMIZNING YORQIN SAHIFASINI YOZISHGA TAYYOR!
Repetitsiya tugab, endi sahnaga chiqish vaqti keldi! Ha, azizlar, sizu, bizning jonajon va sevimli jamoamiz hisoblangan “Andijon”imiz yozgi yigʻinni juda yaxshi tarzda oʻtkazib, transfer oynasi ochilgan kundan boshlab, bir oy davomida tarkibiga 10 nafar yangi oʻyinchilarni jalb qildi.
👉Maksim Shatskix boshchiligidagi jamoamizning iyul oyida oʻtkazgan yigʻinini repetitsiyaga qiyoslasak, sahnaga chiqish vaqti – bu “Bobur arena”da barchamizni xursand qiladigan oʻyinlar koʻrsatishi demakdir.
👉Shuni unutmaylikki, mavsumning ikkinchi qismi “Andijon” klubi va futboli tarixida yangi sahifa ochadi. “Burgutlar” ulkan parvozga tayyorlanyapti, desak mubolagʻa qilmagan boʻlamiz. Ha, parvozning qanchalik muvaffaqiyatli amalga oshishi bu Yaratganning inoyatidadir. Lekin biz bu borada muvaffaqiyatli ishtirokimiz uchun sababini qilgan holda jamoamizni chempionatda va xalqaro maydonda munosib ishtirok etishi borasida barcha zarur choralarni koʻrmoqdamizki, bundan muxlislarimiz quvonishi asosiy oʻrindadir. Barchasi jamoamiz va futbolchilarimiz uchun muhayyo qilinmoqda. Klubning yangi zamonaviy va qulay sharoitlarga ega boʻlgan qarorgohga koʻchib oʻtishi ham bunga yaqqol misol boʻla olishi hech kimga sir emas.
👉Biz uchun yangi ochiladigan sahifa 3-avgust kuni “Qoʻqon-1912”ga qarshi oʻyin bilan boshlanadi. Avgust oyida jamoamizni muhim oʻyinlar kutyapti va sentyabr oyida esa OCHL 2 dagi debyutimizni boshlaymiz. Bunda biz nafaqat viloyatimiz, balki yurtimiz sharafini himoya qilishdek sharafli vazifaga kirishamiz.
👉Klub rahbariyati, murabbiylar shtabi, futbolchilar, klub xodimlari, ashaddiy muxlislarimiz – hammamiz bir oila sifatida, bir maqsad va muvaffaqiyatlarni oʻzida mujassamlashtirgan ulkan yoʻl boshidamiz. Ha, birinchi davra ortda qoldi va bu biz uchun tarixga aylandi. Oldinda esa “Andijon”ni ikkinchi davra va OCHL 2 musobaqasi kutmoqda. Vaqti kelib, hammasi yana tarixga aylanadi, biroq keyinchalik ushbu tarixni yorqin xotiralar bilan eslashsa shu biz uchun kifoya.
👉Hammasi 3-avgust kuni “Bobur arena”da “Andijon” hamda “Qoʻqon-1912” oʻyini bilan boshlanadigan yorqin sahifamizni debochasi boʻladi. Muxlislar qanchalik “Andijon”ni sevishlarini bilamiz. Oʻzbekistonda tengsiz sanalishini hamma-hamma ich-ichidan yaxshi his qiladi. “Ultras Burgut” doim alohida mavzu va jamoamizning ajralmas qismi. Biz doim maydonda oʻynar ekanmiz, oʻzimizni 12 oʻyinchidek his qilamiz. Axir yana kimda bor, “Ultras Burgut”?!
👉Har qanday holatda ham “Andijon” jamoamizni sevamiz, uning uchun jon kuydiramiz, qaygʻuramiz va qoʻllab-quvvatlaymiz. “Andijon” – men, “Andijon” – siz, “Andijon” – hammamiz.
👉Shunday ekan, 3-avgust kuni “Burgutlar” yangi, zafarli parvozini boshlaydi va ushbu parvozni muvaffaqiyatli chiqishi uchun oʻz hissangizni qoʻshgan holda futbolchilarni “Bobur arena”da qoʻllang! Axir, siz oʻzgarayotgan “Andijon”ga befarq emassiz-ku! Siz sogʻingan jamoamiz umid qilamizki va ishonamizki, muvaffaqiyatli yoʻlning boshida.
👉Ortda qolgan bir oy qanday oʻtganini muxlislar yaxshi bilishadi. Har bir mashgʻulotimiz ularsiz oʻtayotgani yoʻq. Shatskix boshchiligidagi futbolchilarimizni esa koʻzlari “yonib” turibdi, gʻalabalarga chanqoq holatda turishibdi. Ular yangi “Andijon”imizning yorqin sahifasini yozishga tayyor, bunga shubha qilmang!
☝️Unutmang, oʻyin vaqti 19:00 da...