SAYT TEST REJIMIDA!!!

Erjan Tokotayev: “Bilasizmi, stadiondagi muhitni his qilish uchun yakshanba kungi oʻyinni intiqlik bilan kutyapman”

Erjan Tokotayev: “Bilasizmi, stadiondagi muhitni his qilish uchun yakshanba kungi oʻyinni intiqlik bilan kutyapman”

“Andijon” klubining yozgi transferlaridan biriga aylangan qirgʻizistonlik tajribali darvozabon Erjan Tokotayevni muxlislar yaxshi bilishadi. 

Ayniqsa, uning jahon chempionati saralash doirasida Qirgʻiziston terma jamoasi tarkibida koʻrsatgan ajoyib oʻyinlari barchada juda iliq taassurotlar qoldirgani rost. 

Turkiya chempionatida faoliyat olib borgan posbon endi “Andijon” sharafini himoya qiladi. 

Klub matbuot xizmati esa Erjandan intervyu oldi.

- Erjan, “Andijon” klubiga xush kelibsiz! Hammasi juda tez yuz berdi. Siz shunday boʻlishini oʻylaganmidingiz?

- Katta rahmat. Albatta, muzokara juda tez boʻldi. Bir sutka davomida shartnomaning barcha detallarini kelishib oldik. Natijada kelishuvga asosan jamoaga qoʻshilishga tayyor boʻldim. 

- Jamoadagi dastlabki taassurotlar qanday? Oʻylashimcha, siz “Andijon”dagi ilk kuningizdanoq muxlislarimizning kuchini his qildingiz.

- Taassurotlarim yaxshi. Barcha yigitlar doʻstona. Jamoa yosh va yangi kollektivga tez kirishib ketdim. Muxlislarni mashgʻulotda koʻrish ancha zavqli boʻldi. “Andijon” jamoasini jiddiy va juda ham zoʻr fanatlari borligini bilaman. Mashgʻulotda muxlislarning meni yaxshi soʻzlar bilan qoʻllab-quvvatlashayotganini eshitdim. Bunday soʻzlarni eshitish men uchun juda ham quvonchli boʻldi. Bilasizmi, stadiondagi muhitni his qilish uchun yakshanba kungi oʻyinni katta ishtiyoq bilan kutyapman. 

- “Andijon”ni tanlashingizning asosiy sababi nimada?

- Bungacha Yevropani bir qator jamoalari bilan gaplashgandik. Faoliyatimni Yevropada davom ettirishni xohlab turgandim. Lekin buni bir qancha qiyinchiliklari bor edi. Keyinchalik “Andijon”dan qoʻngʻiroq boʻlib, jamoa murabbiylari meni koʻrishni istayotganini eshitganimdan soʻng koʻp oʻylanmadim va rozi boʻldim. Chempionatning darajasi yuqori. “Andijon” esa Osiyo Chempionlar ligasida oʻynaydi. Shuningdek, ushbu shahar oʻz uyimdan uzoq emas. Eng asosiysi, murabbiylar shtabi menga ishonch bildiryapti va menga oʻyin amaliyotini bermoqchi. Shu sababli ularga rahmat. Bu ham klubga oʻtishimga turtki boʻldi.  

- Maʼlumki, “JCH-2026” 3-saralash bosqichida Qirgʻiziston termasi Oʻzbekiston bilan bir guruhda qatnashdi. Jamoangizning ishtirokini qanday baholaysiz?

- Terma jamoa haqida nima deyishim mumkin? Birinchi navbatda biz oldimizdagi vazifani bajara olmadik. Hech boʻlmaganda minimal hisobda keyingi bosqichda ishtirokimizni davom ettirishni istagandik. Ikkinchi tomondan biz yaxshi oʻyinlarni oʻtkazdik. Har kimda oʻzini koʻrsatish imkoniyati boʻldi va kim nimaga qodirligini koʻrsatdi. Raqobat kuchli edi. Shu bilan birga Qirgʻiziston Osiyoning kuchli jamoalari qatoriga kira oldi, deb oʻylayman. Hamma futbolchi katta tajriba toʻpladi. Bu esa bizga kelajakda faqat yordam beradi.

- Erjan, Qirgʻizistonda ham futbol oʻsib boryapti. Futbol mamlakatingizda birinchi raqamli sport turi. Sizningcha, chempionat qay darajada rivojlanyapti?

- Futbol mamlakatda tez rivojlanib boryapti. Eski stadionlar rekonstruksiya qilinyapti. Yangi stadionlar qurilyapti. Mahalliy chempionatda yangi jamoalar shakllandi va raqobat kuchaydi. Futbolchilarda koʻproq oʻynashga imkoniyat paydo boʻlyapti. Oʻylaymanki, yaqin yillar ichida chempionat yanada kuchli darajaga chiqadi. 

- Bungacha ikki yil Turkiya chempionatida oʻynadingiz. U yerda faoliyat olib borganingiz sizni qanchalik oʻzgartirdi? 

- Ikki yil davomida Turkiyada juda yaxshi vaqtlarni oʻtkazdim. U yerda oʻzim uchun koʻp narsalarni oʻzlashtirdim. Yangi tanishuvlar, yangi doʻstlar, yangi tajriba...Chempionat ham yetarlicha kuchli. Koʻplab murabbiylar bilan ishladim. Har biridan oʻziga yarasha yangilik oldim. Har bir murabbiy yangi narsalarni oʻrgatdi. Oʻrganganlarim kelajakda menga asqotadi, deb oʻylayman. Jamoani ikkita sabab bilan tark etdim: Birinchi sababi, shartnomam tugagandi. Ikkinchi sababi, biz birinchi ligani tark etdik va ikkinchi ligada esa legionerlarning toʻp surishi mumkin emas ekan. Shu sababli klubni tark etishga majbur boʻldim.

- “Andijon” klubi faoliyatingizda yangi chaqiriq... 

- Hech qachon nima boʻlishini oldindan bilmaysan. Hammasi oʻzimga bogʻliq. Barchasini yaxshi bajarishga harakat qilaman. Klub va muxlislar mendan kutayotgan barcha talabni bajarishga va ularning umidlari oqlashga qoʻlimdan kelganicha harakat qilaman. 

- Sizni “Andijon”ga oʻtishingiz Oʻzbekistonda ham, Qirgʻizistonda ham ancha eʼtiborni oʻziga tortdi. Buni his qildingizmi?

- Ha, bu atmosferani juda yaxshi his qildim. Meni juda yaxshi kutib olishdi va yoqimli boʻldi. Toʻgʻrisini aytsam, bunday eʼtiborni kutmagandim.

 

Share on Facebook Share on Twitter Share on Pinterest