Eldor Moyliev: “G'alabani muxlislarga bag'ishlaymiz”
“Sрo'rtan” – “Andijon” (1:0) o'rtasidagi uchrashuvdan so'ng tashkil etilgan matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbonlarning vaqtinchalik bosh murabbiyi Eldor Moyliev ishtirok etdi.
- Bugungi o'yinni mana shunday qiyin bo'lishini bilardik. “Andijon” jamoasiga yangi murabbiy sifatida Maksim Shatskix tayinlangandi. Yangi murabbiy jamoani ruhiyatini ko'tarishini bilardik. Dastlabki 10-15 daqiqada bizga bosim o'tkazishdi. Lekin yigitlarga rahmat, ular chidab berishdi. Tayyorgarlik ko'rgan o'yinimizni ko'rsatib berishdi. Futbolchilarga katta rahmat. Bu ularning yutug'i. G'alabani muxlislarga bag'ishlaymiz.
- “Sho'rtan”ni g'alabaga tayyorlashda ko'proq nimalarga e'tibor qaratildi?
- Albata, taktik jihatdan u qadar o'zgarishlarga qo'l urmadik. Yil boshidan beri 4-3-3 sxemasi bo'yicha tayyorgarlik ko'rib keldik va shu taktikada o'ynadik. Yigitlarni ruhiyatini ko'tarishga e'tibor qildik. Fikrlashini o'zgartirishga harakat qildik. O'ziga bo'lgan ishonchni ham oshirishga urg'u qaratdik. Asosiy e'tibor bergan narsamiz shu bo'ldi. Bilasizlar, yaqindagina Kubok o'yinida o'ynadik. E'tiborni futbolchilarni ijobiy fikrlashiga qaratdik.
- Jamoa Superligada gol urishga qiynalmoqda. 10 ta turda 4 ta gol urdi. Bugun ham bir qator imkoniyatlar bo'ldi, ammo foydalanishga kelganda jamoa oqsayapti...
- Bilasizlar, bu safar ham yosh hujumchilarni tushiryapmiz, ulardan biri 2006 yilda tug'ilgan. Futbolchilarimizni ko'pchiligi yosh. Turdan-turga o'zlariga ishonchi ortadi va ushbu kamchilikni ham to'g'rilaymiz. Mashg'ulotlarda yana o'z ustilarida ishlashadi. Hozirda iqtidorli yoshlarimiz bor. Ularni ham asosiy jamoaga jalb qilishni boshladik. Shu yoshlardan umidim katta.
- Yaqinlashayotgan transfer oynasida tarkibni kuchaytirish uchun qanday rejalar qilinadi? Yoki yoshlarga e'tibor qaratishda davom etasizlarmi?
- Albatta, yetakchi futbolchilar bizga ham kerak bo'ladi. Superligada har xil bosimda o'yinlar bo'ladi. Hujum chizig'iga, himoyaga imkon qadar yaxshi o'yinchilarni olishga harakat qilamiz. Shu bilan birga asosiy e'tibor yoshlarga qaratilgan. Rahbariyat ham shuni talab qilgan holda g'alabalar qozonib muxlislarni xursand qilishni xohlashadi.