Maksim Shatskix: “To'g'ri fol bor edi, ammo qizil kartochkaga tortadigan darajada emasdi”
“Sho'rtan” – “Andijon” (1:0) uchrashuvidan keyin uyushtirilgan matbuot anjumanining birinchi qismida jamoamiz bosh murabbiyi Maksim Shatskix ishtirok etdi.
- Ikkinchi taymda yomon o'ynamadik. Tushunarsiz holatda qizil kartochka ko'rsatildi. Bu men uchun tushunarsiz bo'ldi. Raqibga ko'rsatilgan qizil kartochkaning qaytarilishi g'alati bo'ldi. VARda ko'rib chiqilganidan so'ng shu holat yuz berdi. Albatta, har bir vaziyat qaytadan ko'rib chiqiladi. Lekin o'yin taraflama ikkinchi bo'limda biz tomonimizdan yaxshi o'yin ko'rsatildi. Bir futbolchi kam bo'lib qolishimizga qaramasdan yaxshi o'yin ko'rsatdik, deb o'ylayman. Ikkinchi taymda ham bizda bir qator imkoniyatlar bo'ldi. Umumiy ma'noda aytganda, yigitlar ko'rsatmalarimizni bajarishdi. Lekin shunda bo'lsa-da, dastlabki daqiqalardan e'tiborliroq bo'lib o'ynashimiz kerak edi. Ana shunda natija boshqacha bo'lishi ham mumkin edi. O'yin haqida gapirsam, agar durang bo'lganida adolatliroq bo'lardi. Raqib a'zolari bizni darvozamiz oldida ham bir qator vaziyatlarni yaratishdi. O'z navbatida biz ham raqibga yetarlicha qarshilik ko'rsatdik. Nima ham derdim, biz bungacha faqat jamoa bilan uch marta mashg'ulot o'tkazdik va bugungi o'yinda maydonga tushdik. Futbolchilarimiz qiyin vaziyatda ham o'zlarini yaxshi tomonlama ko'rsatishga harakat qilishdi. Ular maydonda borini berib o'ynashdi.
- “Andijon”ning bir qator o'yinchilari – Farhod Sohibjonov, Mirzad Mexanovich, Luka Uskokovich kabi o'yinchilarning qaydnomaga kiritilmaganiga nima sabab?
- Ularni jarohati bor. Bugun qancha imkoniyatimiz bo'lsa, shuncha almashtirishlarga qo'l urdik. Men mavsum boshida qanday seleksiya ishlari amalga oshirilganligini bilmayman. Hozir bu borada biror narsa deya olmayman. Umumiy ma'noda aytganda, bir qator futbolchilarimiz davolanish bilan band. Bugun ba'zi o'yinchilarimiz o'z pozisiyalarida harakat qilishmadi. Bu vaziyatdan chiqib ketishning biror chorasini o'ylab topamiz.
- Birinchi bo'limda “Andijon” futbolchisiga ko'rsatilgan qizil kartochka borasida nima deya olasiz?
- Nima deyishim mumkin? Men ham futbolga birinchi marta kirib kelganim yo'q. To'g'ri, o'sha yerda fol bo'lgandi, lekin qizil kartochkaga tortadigan darajada emasdi. Raqibga ishlatilgan qo'pollik chetlatilish uchun yetarli emasdi. Lekin hakamlar nima uchun bunday qarorga keldi, biror nima deyishim qiyin. Birinchi taymda bu kabi holatda qizil kartochka ko'rsatishi, bilmadim...Buni hakamlar qo'mitasi ko'rib chiqsa kerak. O'ylaymanki, bu chiqarilgan qarorni ko'rib chiqishadi. Qizil kartochkaga tortadigan vaziyat emasdi. O'sha chetlatilish bois ham rejalarimiz to'liq amalga oshmay qoldi.
- Bundan keyin jamoani kuchaytirish mumkin bo'lgan chiziqlar qaysi va klubni maqsadi qanday?
- Maqsad – imkon qadar yuqoriga ko'tarilish. Har bir uchrashuvda maydonga faqat g'alaba uchun tushamiz. Hali oldinda o'yinlar ko'p. Barcha imkoniyatlardan foydalanamiz, deb o'ylayman. Bu o'yin bizga o'ziga xos sinov. Terma jamoa o'yini sababli chempionatda ta'til bo'ladi. Biz bu payt davomida yetarli darajada tayyorgarlik ko'ramiz. Ushbu tanaffusdan so'ng biz boshqacha bo'lib qaytamiz.