Biz albatta kuchli bo'lib qaytamiz
Superliganing 10-turi doirasidan o'rin olgan “Sho'rtan” hamda “Andijon” ishtirokidagi o'yinga ham e'tibor katta edi. Boisi, “Burgutlar”ga Maksim Shatskix bosh murabbiy etib tayinlangani sababli qiziqish yanada ortdi.
Shu bilan birga “Andijon” safida yo'qotishlar ham bor edi. Jumladan, Farhod Sohibjonov, Luka Uskokovich, Mirzad Mexanovich kabi futbolchilar jarohati sababli yordam bera olmadilar. Muhammadkarim Toirov ham hali jarohatidan to'liq forig' bo'lgani yo'q.
Maksim Aleksandrovich 14 may kuni rasman ishga kirishdi va oradan uch kun o'tib dastlabki rasmiy uchrashuvini o'tkazdi. Afsuski, “Sho'rtan”ga qarshi bahsda yagona gol o'yin taqdirini hal qildi va bu mezbonlar tomonidan kiritildi. O'yin ritmiga ta'sir ko'rsatgan yana bir omillardan biri shu bo'ldiki, birinchi bo'lim oxirlarida Miomir Jurichkovich maydondan chetlatildi. Bosh hakam VAR orqali suhbatlashgach, shunday qarorga keldi. Ha, o'yin qoidasi buzilishi bor edi, biroq bu qizil kartochkaga tortarmidi? Bosh hakam esa VARni ko'rgach, chetlatishga qaror qildi. Shuningdek, oradan ko'p o'tmasdan Rustam Turdimurodovga ishlatilgan qo'pollik sababli hakam raqib o'yinchisiga to'g'ridan-to'g'ri qizil kartochka ko'rsatdi. Lekin VAR aralashuvidan so'ng bosh hakam qarorini o'zgartirib qizilni sariqqa aylantirdi.
Umuman olganda, o'yin ochiq va hujumkor ruhda o'tdi. Bir vaziyatda Islam Mashukovda gol urish uchun yaxshi imkoniyat bo'ldi, biroq darvozabon xavfni bartaraf qildi. Ikkinchi bo'limda “Bugutlar” bir futbolchi kam bo'lib qolganida ham raqibdan bo'sh kelmadi va raqib darvozasi oldida xavfli vaziyatlarni yaratishga harakat qildi. Uchrashuv oxiriga qadar o'yinda burilish yasash uchun hujumlar uyushtirildi. Bahs oxirida Doniyor Abdumannopovning yaqin masofadan yo'llagan zarbasi ustunga tegib maydondan chiqib ketdi.
Shatskixga biroz vaqt kerak va futbolchilarga uning o'yin uslubini to'liq o'zlashtirishlari ham birdaniga sodir bo'lmaydi. Ha, mag'lubiyat har doim yoqimsiz va alamli. Lekin bu albatta vaqtinchalik. Yangi murabbiylar boshchiligida “Andijon” hali albatta o'z so'zini aytadi. Shunchaki, futbolda omad degan tushuncha ham bor. “Sho'rtan”ga qarshi bellashuvdan murabbiylar o'zlari uchun xulosalar chiqarishgani tabiiy. O'yindan-o'yinga jamoa yanada kuchayib boradi.
Keyingi turni jamoamiz 23 may kuni “Bobur arena”da “Surxon”ga qarshi o'tkazadi va bo'lajak uchrashuvda omad tilaymiz.
“Sho'rtan” – “Andijon” – 1:0 (1:0).
17 may. G'uzor. “Markaziy” stadioni. 4186 tomoshabin.
Hakamlar: Rustam CHoriev, Akmal G'iyosov, Dilshod Jumaniyozov
Zaxira hakami: Rinat Serazetdinov
VAR: Ibrohim Ismoilov
AVAR: Alisher Rahimqulov
Nazoratchi: Timur Abdullaev
Komissar: Vladimir Nazarov
“Sho'rtan”: Shoxruh Eshbo'taev, Shoxjahon Sultonmurodov, Ulug'bek Xudoyberdiev, Sirojiddin Qo'ziev, Shaxboz Nuriddinov (Asadbek Saitxonov, 60), Temur Mamasidiqov, Jo'rabek Mannonov (Abror Toshqo'ziev, 68), Doniyor Narzullaev (Choriyor Tursunqulov, 79), Bekjon Rahmatov (Kamron Saydazimov, 68), G'anisher Qodirov (Murodxo'ja Jabborov, 79), Azizbek Pirmuhammedov.
“Andijon”: Valijon Rahimov, Islom Mamatkazin, Altin Kreziu, Abdurahmon Komilov (Abdulvohid G'ulomov, 90+1), Oleg Zoteev, Miomir Jurichkovich, Ilhom Abdug'aniev (Damir Temirov, 90+1), Doniyor Abdumannopov, Bektemir Abdumannonov (Usmonali Ismonaliev, 65), Rustam Turdimurodov, Islam Mashukov (Iskandar Shoyqulov, 46).
Gol: Doniyor Narzullaev, 33 – 1:0.
Ogohlantirishlar: Bekjon Rahmatov, 45+5 – Doniyor Abdumannonov, 24. Oleg Zoteev, 90+3.
Chetlatish: Miomir Jurichkovich, 40.