Magʻlubiyat doimo yoqimsiz. Ammo biz taslim boʻlmaymiz!
Oʻzbekiston Kubogi guruh bahslarining 1-turidagi soʻnggi uchrashuv “Bobur arena”da “Andijon” hamda “Surxon” klublari oʻrtasida boʻlib oʻtdi.
Oʻyin hujumkor, qiziqarli va shu bilan birga asabiy tarzda kechdi. Ikkala jamoa murabbiylari tomonidan tarkibda ayrim oʻzgarishlarga qoʻl urildi. Chunki taqvim tigʻiz boʻlib, oldinda yana Superliga bahslari kutayotgandi. Shu bois tarkiblarda ayrim rotatsiyalar boʻldi.
Lekin bellashuv boshlarida kutilmaganda “Surxon” birin-ketin ikkita gol urdi. Avvaliga 11-daqiqada mehmonlar penaltidan hisobni ochgan boʻlsa, oradan besh daqiqa oʻtgach, ikkinchi gol darvozamiga kiritildi. Vaziyat bunday tus olishini kutmagan mezbonlar shundan soʻng toʻliq tashabbusni oʻz qoʻliga oldilar va raqib darvozasi oldida golga tortadigan vaziyatlarni yarata boshladi. Ana shunday hujumlarning birida himoyachi Luka Uskokovich yana standart vaziyatdan soʻng boshi bilan raqib darvozasini ishgʻol qildi. U ketma-ket ikkinchi oʻyindirki gol urmoqda. Oʻtgan safar Toshkentda “Paxtakor” darvozasiga ham aynan boshi bilan gol urgani yodimizda. “Andijon” yana bir nechta vaziyatda golga yaqin keldiyu, biroq yakunlovchi zarbada aniqlik yetishmadi.
Tanaffusdan keyin “Andijon” tarkibida bira toʻla uch nafar oʻzgarish roʻy berdi. Kutilganidek, maydon egalari katta kuch bilan oldinga tashlandilar. Galma-galdan futbolchilar “Surxon” darvozasi tomon xavfli zarabalar bera boshladi. Faqatgina uchrashuv oxirlariga yaqin koʻplab xavfli hujumlardan biri gol bilan yakun topdi. Bu vaziyatda jarima maydoni ichida Damir Temirov oʻzi uchun qulay imkoniyatdan foydalanib qoldi. Biroq oradan ikki daqiqa oʻtgach, mehmonlar uchinchi golni urdilar. Natijada bahs 2:3 hisobida “Surxon” foydasiga hal boʻldi.
Mehmonlar gʻalabaga erishish oʻyin tempini tushirishga harakat qildilar. Bu esa tabiiyki, muxlislarga yoqmadi. Toʻgʻri, magʻlubiyat hech kimga yoqmaydi. Ammo vaziyatni toʻgʻrilash uchun jamoamizda hali imkoniyat yetarli va barchasi oʻz qoʻlimizda. “Surxon”ga qarshi jon kuydirib oʻynagan barcha jamoamiz aʼzolariga tashakkur. Uchrashuvdan keyin muxlislar magʻlubiyatga qaramay, futbolchilarni olqishladilar va ruhan dalda boʻldilar. Bu eng muhimi! Zero, fanatlarimiz gʻalaba va magʻlubiyatda ham yonma-yon ekanliklarini, yelkadosh boʻlib, ishonch bagʻishlashini koʻrsata oldilar. Endi barcha eʼtibor 20-aprel kuni Superliga doirasida “Bobur arena”da “Dinamo”ga qarshi oʻtadigan bellashuvga qaratiladi.
“Andijon” – “Surxon” – 2:3 (1:2).
17-aprel. Andijon. “Bobur arena” stadioni. 8818 tomoshabin.
Hakamlar: Firdavs Norsafarov, Rasul Fozilov, Islom Nosirov.
Zaxira hakami: Alisher Toʻxtasinov
Nazoratchi: Oleg Dachev
Komissar: Diyor Hotamqulov
“Andijon”: Valijon Rahimov, Islom Mamatkazin, Luka Uskokovich, Oleg Zoteyev, Usmonali Ismonaliyev (Abdulvohid Gʻulomov, 64), Altin Kreziu, Ilhom Abdugʻaniyev (Damir Temirov, 46), Sardor Azimov (Doniyor Abdumannopov, 46), Mirzad Mexanovich, Farhod Sohibjonov (Bektemir Abdumannonov, 46), Islam Mashukov (Rustam Turdimurodov, 64).
“Surxon”: Dilshod Yoʻldoshev, Behruz Karimov (Javohir Joʻrayev, 55), Nodirxon Neʼmatxonov, Jamaldin Xojiniyazov, Kiril Kolesnichenko, Sarvar Abduhamidov (Diyor Ramazonov, 79), Muhammad Ali Abdurahmonov, Sherzod Komilov (Sardor Mahmudov, 79), Behruz Shukurullayev, Asad Karimov (Doston Tursunov, 71), Dmitriy Kratkov (Dmitriy Pletnev, 71).
Gollar: Kiril Kolesnichenko, 11-pen. – 0:1. Muhammad Ali Abdurahmonov, 16 – 0:2. Luka Uskokovich, 27 – 1:2. Damir Temirov, 87 - 2:2. Doston Tursunov, 89 – 2:3.
Ogohlantirishlar: Luka Usokokovich, 9. Doniyor Abdumannopov, 66 – Dmitriy Kratkov, 23 Nodirxon Neʼmatxonov, 38. Muhammad Ali Abdurahmonov, 79.