SAYT TEST REJIMIDA!!!

Fevzi Davletov: “0:2 dan keyin biroz xotirjamlikka berildik”

Fevzi Davletov: “0:2 dan keyin biroz xotirjamlikka berildik”

Oʻzbekiston Kubogi “B” guruhidagi “Andijon” – “Surxon” (2:3) uchrashuvidan soʻng tashkil etilgan matbuot anjumanida dastlab mehmonlar bosh murabbiyi Fevzi Davletov qatnashdi. 

- Tigʻiz taqvim bor edi. Shu sababli oʻyinni yaxshi boshlashga harakat qildik. Dastlabki 15 daqiqasi davomida hujumkor oʻyin koʻrsatdik. Hisob 0:2 boʻlgach, biroz xotirjamlikka berildik. Ozgina eʼtiborsizligimiz sababli standartdan gol oʻtkazib yubordik. Bir qator kamchiliklarimiz koʻzga koʻrindi. Biz hali bu vaziyatlar boʻyicha koʻp ishlashimiz kerakligi koʻrinib turibdi. Tanaffus paytida kerakli koʻrsatmalarni berdik. Baʼzi vaziyatlarda hujumda ham, himoyada ham kamchiliklarimiz boʻldi. Lekin umumiy maʼnoda aytganda, barchasi biz uchun foydali boʻldi, deb oʻylayman. 

- “Surxon” 1:2 hisobida oldinda borayotganida chuqur himoyaga oʻtdi. Bu borada nima deysiz?

- Vaziyatlarni ushlash haqida koʻrsatmalar berilgandi. Ayniqsa, tanaffusda ham markaziy himoyachilar diqqatliroq boʻlishlari haqida aytgandik. Ikkinchi golni aynan markaziy himoyachilarning eʼtiborsizligi sababli oʻtkazib yubordik. Shunday boʻlsa-da, safardagi qoʻlga kiritilgan natijani yaxshi deb oʻylayman.  

- Guruhda “Dinamo” bilan “Lochin” ham bor. Ularga qarshi qanday taktikada oʻynaysiz? Yoki yana tarkibda rotatsiyalar amalga oshiriladimi?

- Albatta, rotatsiya qilamiz. Oʻylaymanki, bizni yana oldinda qiziq oʻyinlar kutib turibdi. Avval tiklanish jarayonini oʻtkazish va yaxshi tayyorgarlik koʻrishimiz kerak. 

- Muhammad Ali Abdurahmonov raqobatda Haydarovni yutib chiqyapti va oʻzini koʻrsatmoqda. U haqida fikringiz qanday?

- Mavsum boshida Haydarov biz bilan emasdi. Jarohat bois ancha vaqtni oʻtkazib yubordi. Shuning uchun hozir biroz formasida emas. Abdurahmonov esa aksincha barcha yigʻinlarda yaxshi qatnashdi va yaxshi sport formasida. U toʻxtamasdan mehnat qilmoqda.

Share on Facebook Share on Twitter Share on Pinterest