Barcha yoʻllar “Bobur arena”ga olib boradi
Oʻzbekiston Kubogining 2025-yildagi musobaqasiga ham start berilgan. Guruhlarda jamoalar birinchi tur bahslarini oʻtkazishdi va oxirgi bellashuv sifatida faqat “Andijon” – “Surxon” qarama-qarshiligi qoldi. 1-turning soʻnggi bellashuviga eʼtibor yuqori.
“B” guruhi vakillari eski tanishlar hisoblanishadi. Ularning oʻzaro oʻyinlar tarixini hali koʻpchilik unutmagan boʻlsa kerak. Bu xususida biroz quyiroqda toʻxtalamiz. Oʻzbekiston Kubogining “B” guruhida “Andijon” va “Surxon”dan tashqari Samarqandning “Dinamo” hamda Qarshining “Lochin” jamoalari ham bor. Narigi juftlikda “Dinamo” oʻz uyida “Lochin”ni qabul qildi va 3:1 hisobida ustun keldi.
Maʼlumot uchun, oʻtgan yili guruh bosqichida “Andijon” “Dinamo” bilan bir guruhda oʻynagan. “Lochin” esa 2022-yilda tashkil topgan jamoa Qarshi Davlat Universitetiga qarashli jamoasi sanaladi. Birinchi liga ishtirokchisi.
“Andijon” klubi Oʻzbekiston Kubogining amaldagi sohibi sifatida musobaqadagi ishtirokini boshlaydi. Oʻtgan yili “Burgutlar”ning finalda “Navbahor”ga qarshi oʻtkazgan oʻyini va gʼalabasi oʻzbek futboli tarixida oʻchmas iz qoldirdi va zarhal harflar bilan yozib qoʻyildi.
“Burgutlar” finalga chiqish uchun yarim finalda yana bir qahramonlikni namoyish etgani yodingizda ekanligi aniq. 2024-yilning 30-avgust sanasida “Bobur arena”da “Andijon” – “Surxon” toʻqnashuvi yuz berdi. Asosiy vaqt va qoʻshimcha taymlarda darvozalar daxlsiz qolgan. Penaltilar seriyasi dramatik tarzda kechgan va unda “Andijon” 5:4 hisobida gʻolib chiqqan. Bu yil esa eski tanishlar bir guruhdan joy olishgan.
Xabaringiz bor, 2025-yilgi Oʻzbekiston Kubogi finali ilk bor Andijondagi “Bobur arena”da boʻlib oʻtadi. Shunday ekan, barcha klublarning orzusi finalda “Bobur arena” maydonida toʻp surish. Shu sababli ham Oʻzbekiston Kubogida barcha yoʻllar faqat “Bobur arena”ga olib boradi. “Andijon” esa bu yil oʻz uyida boʻlib oʻtadigan finalni tomoshabin sifatida kuzatmoqchi emas, aksincha uning rasmiy ishtirokchisi va Kubokni yana oʻzida saqlab qolish ilinjida joriy yilgi musobaqaga kirishadi.
“Andijon” hamda “Surxon” jamoalari milliy chempionatdan tashqari Oʻzbekiston Kubogida ham uchrashishgan. Albatta, ligadan farqli oʻlaroq, Kubok musobaqasidagi oʻzaro oʻyinlar soni sanoqli. Shu paytgacha jamoalar Oʻzbekiston Kubogida uch marta toʻqnashishgan. Ilk bellashuv 1993-yilda boʻlib oʻtgan. Oʻshanda klublar Oʻzbekiston Kubogining 1\8 finalida roʻbaro kelishgan. Dastlabki oʻyin “Surxon” maydonida oʻtgan va “Andijon” safarda 0:1 hisobida ustun kelgan. Javob uchrashuvida esa “Andijon” oʻz uyida termizliklarni 2:1 natijasi bilan magʻlubiyatga uchratgan. Uchinchi toʻqnashuvni esa bilasiz, yuqorida toʻxtalganimizdek, oʻtgan yili yarim finalda “Burgutlar” penaltilar seriyasida ushbu raqibini magʻlub etib, finalga yoʻl olgan.
Xullas, “Andijon” va “Surxon” Kubok bahslarida uch marta uchrashishgan va barchasida “Burgutlar”ning qoʻli baland kelgan. Bu gal jamoalar Oʻzbekiston Kubogidagi ilk ishtirokida oʻzaro bahs olib boradilar. Uchrashuv bugun “Bobur arena”da soat 20:00 da boshlanadi.
Jamoamizga omad tilaymiz!