Rustam Turdimurodov dastlabki o'yindagi taassurotlar, bo'lajak bahs va nega 7-raqamni tanlagani xususida
“Andijon” “Mavsum-2025”ni safarda “Qo'qon-1912”ga qarshi o'yin boshlaganidan va unda kuchlar teng kelganidan xabaringiz bor.
“Burgutlar”ning bu yilgi chempionatda dastlabki goli muallifi Rustam Turdimurodov bo'ldi.
Hujumchi birinchi uchrashuvdan keyin klub matbuot xizmatiga intervyu berdi.
- Rustamjon, chempionatning dastlabki o'yini borasida nima deya olasiz?
- O'yin kutganimizdek o'tdi. 1-tur bo'lgani uchun hammada hayajon bo'ldi. Qolaversa, vodiy derbisi. Mavsumni yaxshi boshladik, deb o'ylayman.
- “Andijon”ning 2025 yildagi ilk goli muallifi bo'ldingiz va tarixdan joy oldingiz. Buni kutganmidingiz?
- To'g'risi, xayolimda faqat gol urish va g'alaba qozonish edi. “Andijon”ning mavsumdagi ilk goli, tarixda qolish xayolimga ham kelmagan edi. Bor e'tiborim g'alaba va unga hissamni qo'shish edi.
- Golingizga qanday ta'rif berasiz?
- Xudoga shukr, mavsumni gol bilan boshladim. Bundan tashqari, jamoaga va o'zimga ishonch ortishi uchun kerakli gol edi.
- G'alaba uchun nima yetishmadi?
- Bizda g'alaba uchun deyarli barchasi bor edi. Hujumlarni yakunlashda biroz shoshdik, deb o'ylayman.
- O'yin durangga mos bo'ldi, deb o'ylaysizmi?
- Menimcha, jangovar durangga mos.
- Keyingi turda “Nasaf”ni qabul qilamiz. Andijonda ochilish o'yini. Nima kutyapsiz?
- Har doimgidek muxlislarimiz stadionni “yondirib” berishini va uyimizda 3 ochko olishimizni kutyapman.
- Bu yil 7-raqamni tanladingiz. Bu nima bilan bog'liq?
- Ronaldo 18 yoshida 7-raqamda o'ynagan va mas'uliyatni his qilgan. O'tgan mavsumdan-da ko'proq mas'uliyatliroq bo'lish uchun tanladim.