Altin Kreziu: “Andijon” Oʻzbekistondagi eng yaxshi muxlislarga ega ekan”
“Andijon” bilan shartnoma imzolagan va “Burgutlar” oilasining yangi aʼzosiga aylangan 23 yoshli legioner Altin Kreziu jamoaning Antaliyadagi yigʻiniga qoʻshildi. Ushbu yarim himoyachidan muxlislarning ham umidi katta. Futbolchi esa klub matbuot xizmatiga dastlabki intervyusini berdi.
- Altin, avvalo oʻzingiz haqingizda gapirib oʻtsangiz.
- Salom qadrli muxlislar! Men “Andijon” klubiga kelib qoʻshilganimdan juda ham xursandman. Bu jamoa oʻziga xos anaʼanalarga va katta maqsadlarga ega klub hisoblanadi. Men Kosovodanman va yoshim 23 da. Yarim himoyachi sifatida toʻp suraman.
- Siz Italiyaning “Torino” klubida ham faoliyat olib borgansiz. Hammasi qanday yuz bergan?
- Ha, bu toʻgʻri. Men “Spal”dan “Torino”ga koʻchib oʻtganman. Bu Italiyadagi jamoalarim edi. U yerda uch yil davomida boʻldim. Yoshlar jamoasi bilan ancha yaxshi ishlayotgandim. Asosiy jamoa bilan ham shugʻullanib turardim. Afsuski, A seriyada debyut qilish nasib qilmadi. Lekin qaysidir eshik yopilsa, boshqasi ochiladi. Shunday ekan, men bu yerda boʻlishdan nihoyatda mamnunman. Oʻzimni juda yaxshi tarafdan koʻrsatishga harakat qilaman. Ushbu mavsumda jamoamga koʻzlangan maqsadlariga erishishida yordam bera olaman, deb oʻylayman.
- Ayting-chi, “Andijon” klubini tanlashingizga nima sabab boʻldi?
- Men Oʻzbekiston Superligasi haqida koʻp eshitdim. Bu raqobatbardosh boʻlgan yaxshi liga. Mening agentim “Andijon” varianti haqida gapirganida darhol “ha” deb javob berdim. Klub haqida maʼlumot qidirgan paytimda guvohi boʻldimki, Oʻzbekistondagi eng yaxshi muxlislarga ega ekan. Ushbu klubni katta ambitsiyalarga ega boʻlgan jamoalardan biri desam ham boʻladi. Men oʻz faoliyatimda yangi chaqiriq boʻlishini xohladim.
- “Andijon”ni oldinda muhim mavsum kutyapti. Oʻzbekiston Superligasi, Kubogi, Superkubogi va Osiyo Chempionlar ligasi! Bu siz uchun ham juda qiziqarli boʻlsa kerak-a?
- Ha, albatta. Har bir musobaqa oʻziga yarasha qiziqarli. Biz yana Kubokni yutishni xohlaymiz. Ligada ham eng yuqori oʻrinlarni egallash uchun harakat qilamiz. Osiyo Chempionlar ligasida esa uzoqroqqacha borishni maqsad qilganmiz. Unutmasligimiz kerakki, may oyida bizni “Nasaf”ga qarshi Superkubok oʻyini kutib turibdi. Ushbu titulni ham yutishni xohlaymiz. Lekin bularning hech biri muxlislarimizsiz amalga oshmaydi. Mavsum davomida ishqibozlarimizni biz bilan birga boʻlishlarini xohlaymiz va shunday ham boʻladi. Ishonamanki, biz birgalikda juda yaxshi ishlarni amalga oshira olamiz.
- Yangi maqsad va gʻalabalarga tayyormisiz?
- Men bu yerda boʻlishdan xursandman. Yangi sinovlarga tayyorman. Yangi mavsum boshlanishini kutyapman.
- Sizda ikkita fuqarolik bor ekan-a?
- Men Kosovodan tugʻilganman. Lekin Sloveniyada voyaga yetdim. Ikkala mamlakat fuqaroligiga egaman.
- Jamoadagi ilk taassurotlaringiz qanday?
- Jamoa meni ajoyib kutib oldi. Ularga buning uchun rahmat aytmoqchiman. Murabbiylar shtabi, futbolchilar va klub xodimlari iliq qarshi oldilar. Men uchun biroz oson kechadi. Chunki bolqonlik bir nechta yigitlar ham bor. Ular va butun jamoa menga istalgan masalada yordam berishlari mumkin. Hammaga rahmat aytaman.