Jamoamizni 7-fevral sanasida 2 ta oʻyin kutmoqda
Oldin xabar berganimizdek, 7-fevral kuni “Andijon”ni Antaliya yigʻini doirasida ikkita oʻrtoqlik uchrashuvi kutmoqda. Raqiblar “ASK Voytsberg” (Avstriya) va “Raufoss” (Norvegiya) klublari. Siz oʻquvchilar uchun “Burgutlar”ning boʻlajak raqiblari haqida maʼlumotlarni taqdim etamiz.
Avstriya chempionati, Liga 2 da ishtirok etayotgan “ASK Voytsberg” klubi haqida toʻxtaladigan boʻlsak, 1920-yilda tashkil topgan.
Jamoa hozirda 16 ta ishtirokchi orasida 16 ta oʻyindan soʻng 5 gʻalaba, 2 durang va 9 magʻlubiyat qayd etib, 17\21 toʻplar nisbatiga koʻra, 17 ochko jamgʻarib, musobaqa jadvalida 12-oʻrinni egallab turibdi.
“Munzer Bioindustriye sportrak” stadioni 2000 muxlisga moʻljallangan boʻlib, 2023-yilda foydalanishga topishirlgan.
Klubning eng qimmat futbolchisi yaponiyalik Atsushi Zaizen boʻlib, “Transfermarkt”da uning narxi 300 ming yevro qilib belgilangan.
Jamoani 46 yoshli mahalliy murabbiy David Preib boshqarib bormoqda. U klubda murabbiylikdan tashqari jamoa boshligʻi, sport direktori lavozimlarida ham ishlagan. “ASK Voytsberg” uning boshchiligida Liga 2 va Avstriya Kubogida hozirga qadar 19 ta oʻyin oʻtkazgan. Shundan 7 ta gʻalaba, 2 durang va 10 magʻlubiyat qayd etilgan.
Klub tarkibida Yaponiya, Albaniya va Sloveniyadan kelgan legionerlar bor.
“Andijon”ning yana bir raqibi – “Raufoss” klubi boʻlib, Norvegiya chemponatida OBOS-Ligada qatnashadi (bizning pro ligamiz kabi). Klubga 1918-yili asos solingan. Oʻtgan yilgi mavsumda “Raufoss” 16 ta jamoa orasida 30 ta oʻyin oʻtkazib, 11 gʻalaba 8 durang va 11 magʻlubiyat qayd etib, toʻplar nisbati 34\35ni tashkil qilgan holda 41 ochko bilan 8-oʻrinni egalladi. Hozirda esa jamoa yangi mavsum uchun tayyorgarlik koʻryapti.
Klubda yangi bosh murabbiy ish boshladi. 2025-yilning 1-yanvaridan eʼtiboran 1991-yilda tugʻilgan angliyalik Tom Dent “Raufoss” boshqaruviga kirishdi.
Jamoaning eng qimmat futbolchisi norvegiyalik Yakob Niland boʻlib, uning narxi 250 ming yevro. Shuningdek, klubda Shvetsiya, Gana, Angliya va Germaniyadan kelgan legionerlar ham bor.
Klub uy oʻyinlarini “NAMMO” stadionida oʻtkazadi va 2000 ming muxlisga moʻljallangan.
“Andijon”ning dastlabki raqibi “ASK Voytsberg” boʻlib, bellashuv mahalliy vaqt bilan 10:30 (Toshkent vaqtiga 12:30)ga belgilangan boʻlsa, “Raufoss”ga qarshi uchrashuv mahalliy vaqt bilan 17:30 (Toshkent vaqtiga 19:30)da boshlanadi.