SAYT TEST REJIMIDA!!!

Roʻziqul Berdiyev: “OCHLda ikkala jamoaga omad tilaymiz”

Roʻziqul Berdiyev: “OCHLda ikkala jamoaga omad tilaymiz”

“Nasaf” – “Andijon” (1:1) oʻyinidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbonlar ustozi Roʻziqul Berdiyev jurnalistlarning savollariga javob berdi.

- Eʼtiborsizlik bilan oʻyinni boshladik. Raqibga yanada zichroq himoyalanish uchun yaxshigina imkoniyat yaratib berdik. Shu bois gʻalabani oʻnglash uchun juda ham qiynaldik. Raqib 0:1 dan keyin koʻproq natija uchun harakat qildi. Standart vaziyatlarda yoki darvozaga zarbalar berishda aniqroq harakat qilishimiz kerak edi. Menimcha, shu narsa yetishmadi. 

- Roʻziqul Saʼdullayevich, doim shunaqa boʻladi: “Nasaf” birinchi boʻlib gol oʻtkazganda hamisha qiynaladi. “Andijon” zoʻr himoyalandi... 

- Agar darvozaga berilgan zarbalarda aniqroq harakat qilganimizda balki boshqa natija boʻlishi mumkin edi. Zarbadagi xatolarimiz ularga qoʻl keldi. Mashgʻulotda qancha bu haqida gapirmaylik, oʻyinda bu vaziyat boshqacha boʻladi. Bosimda harakat qilganda aniqlik yetishmaydi. Xotirjamlikni saqlab qolishimiz kerak. Chempionat shunaqa natijalar bilan qiziq boʻlyapti. Oldimizda keyingi oʻyinlar bor.

- Legionerlar masalasida doim savollar tugʻilyapti. Hali kelgani yoʻq deyishmoqda. Sabab nima?

- Oldingi safar aytdik, vizani juda kech olishdi. Keyingisi ham keldi, Toshkentda tibbiy koʻrikdan oʻtadi. Ularni holatini yaxshilashimiz kerak. Legioner masalasida variantlarimiz juda koʻp edi. Lekin nimadir sabablar boʻlib, bularga toʻxtalishga majbur boʻldik. Oʻylaymanki, ularni boshqa oʻyinlar davomida rotatsiya qilishga, qayerdadir toliqishlar boʻlsa almashtirishga imkoniyat qilib taklif qildik. Bizga qoʻshimcha kuch boʻladi, degan umiddamiz. 

- Bu yil “Nasaf” bilan “Andijon” OCHLda ishtirok etishadi. Jamoangizning bu boradagi vazifasi qanday va ilk bor qatnashadigan “Andijon”ning imkoniyatlarini qanday baholaysiz?

- Ikkala jamoaga ham omad tilaymiz. “Andijon” ham yaxshi tarkib qilishga harakat qilyapti. Koʻp oʻyinchilarini oʻzgartirdi. Bizni vazifamiz turnirda gʻolib chiqish emas, munosib ishtirok etish. Imkon qadar guruh bosqichidan oʻtishga harakat qilamiz. Bu oson emas. Yil boshidan bu yilgi ogʻir mavsumga tayyorgarlik koʻrdik. Chempionlikni himoya qilish ham juda ogʻir boʻladi. Shunga qaramasdan jamoamiz xotirjam harakat qilyapti. Oʻylaymanki, albatta maqsadimizga erishamiz. 

- Debyut qilgan Shalani oʻyinini qanday baholaysiz?

- Endi birinchi oʻyin. Koʻrdinglar, biz bilan mashgʻulotga ikki marta qatnashdi. Kuchli taraflari bor. Bundan foydalanishimiz kerak. Tezkor, birga-bir va qarshi hujumlarda yaxshi harakat qilish mumkin.

Share on Facebook Share on Twitter Share on Pinterest