Shaxzod Azmiddinov: “Andijon”ga oʻtishni va Maksim Aleksandrovich qoʻl ostida toʻp surishni xohladim”
“Andijon” klubining yangi transferlari orasida iqtidorli himoyachi Shaxzod Azmiddinov ham bor.
Futbolchi “Burgutlar” oilasining bir boʻlagiga aylangan holda ikkinchi davraga tayyorgarlikni boshlab yuborgan. Jamoa ham uni boshqalar qatori iliq qarshi oldi.
Azmiddinov “Andijon”dagi birinchi oʻtkazgan mashgʻulotidan soʻng klub matbuot xizmatiga dastlabki intervyusini berdi.
- “Paxtakor”dan “Andijon”ga koʻchib oʻtdingiz. Barchasi qanday yuz berdi?
- “Andijon” jamoasiga qoʻshilganimdan xursandman. Bu yerga oʻtishimni katta sababchisi bosh murabbiy Maksim Aleksandrovich boʻladi. Men ushbu mutaxassis bilan uch yil birga ishlaganman. Yaxshi bilaman. Oʻzim ham ushbu jamoaga oʻtishni va Maksim Aleksandrovich qoʻl ostida toʻp surishni ancha xohladim. Albatta, oʻtishim oson boʻlmadi. Oxiri tomonlar kelishuvga erishishdi. Xudo xohlasa, qoʻlimdan kelganicha “Andijon”ga yordam beraman. Jamoa fan-klubini qanaqaligini bilaman. Bunday muxlislar qarshisida toʻp surish juda yoqimli. Ularni uyaltirib qoʻymaslikka harakat qilamiz.
- Yangi qarorgohda yangi jamoangiz bilan birinchi mashgʻulotni oʻtkazdingiz. Taassurotlar qanaqa?
- Kollektivdagilarni barchasi ogʻaynilarim. Hammasi bilan tanishmiz. Baribir umumiy bogʻlamlarimiz bor. Jamoaga kirishib ketish muammo boʻlgani yoʻq. Mashgʻulot jarayonlari ham oʻsha. Shunday ekan, yanada moslashishim qiyin kechmaydi. Kuchliroq boʻlib, ishonchni oqlashga harakat qilamiz.
- “Andijon” safida ikkinchi davradan nima kutyapsiz?
- Oldimizga qoʻyilgan maqsadlardan biri Osiyo Chempionlar ligasida munosib ishtirok etish. Birinchi vazifamiz guruhdan chiqish. Chempionatda ham yaxshi oʻrinlardan birini egallamoqchimiz. Bunday futbolchilar bilan kuchli uchtalikka kirsa boʻladi. Barchasi ajoyib oʻyinchilar. Oldimizda hali koʻp qiladigan ishlarimiz bor. “Andijon” muxlislari uchun yaxshi natija koʻrsatishga bor kuchimiz bilan harakat qilamiz.
- OCHLda ham oʻynagansiz. “Andijon” OCHL 2 da ilk bor ishtirok etadi va siz ushbu turnirda jamoaning ishtirokini qanday tasavvur qilyapsiz?
- U yerda baribir daraja boshqa boʻladi. Bitta xatoni kechirishmaydi. Iloji boricha kam xato qilgan jamoa yutadi.
- Yana bir bor Maksim Shatskix bilan ishlash imkoniyatiga egasiz. Sizga yoqadigan eng afzal tomonlari nimada?
- Murabbiy taktik tomonlama ham juda yaxshi tayyorlaydi. “Paxtakor”da ham koʻproq taktika ustida ishlardik. Raqibni kuchli va kuchsiz jihatlaridan kelib chiqib toʻgʻri tarkib tanlay oladi.
- “Andijon” muxlislari sizni jamoaga qoʻshilganingizdan xursand. Ularga qanday gapingiz bor?
- Bizni qoʻllab-quvvatlashda davom etinglar. Xudo xohlasa, hammasi yaxshi boʻladi. Qoʻldan kelganicha xursand qilishga harakat qilamiz. “Bobur arena”da barcha ishqibozlarni kutib qolamiz.