Kristian Novak: “Muxlislar stadionda tasavvur qilib boʻlmas atmosferani yaratishadi va birinchi oʻyinimni sabrsizlik bilan kutyapman”
“Andijon” yozgi seleksiya jarayonida tarkibini bir qator futbolchilar bilan toʻldirayotganidan xabardorsiz.
Yaqinda “Burgutlar” aʼzosiga aylangan polshalik himoyachi Kristian Novak ayni paytda jamoa bilan Tojikistondagi yigʻinda ishtirok etyapti.
Kuni kecha “Andijon”ning yangi legioner klub matbuot xizmatiga ilk intervyusini berdi.
- Kristian, “Andijon” klubiga xush kelibsiz! Bu taklif siz uchun qachon sodir boʻldi va sizni rozi boʻlishingizga asosiy sabab nima edi?
- Qozogʻistonning “Jenis” klubi bilan shartnomani bekor qildim va “Andijon”dan taklifni qabul qildim. Ular menga taqdim qilgan loyiha, jamoaning qanday ishlashi, Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etishi, muxlislar – bularning barchasi meni shartnoma imzolashimga asosiy turtki boʻldi. Murabbiy ham muhim qismi boʻldi. Chunki uni “Paxtakor”da bosh murabbiylik qilganini bilardim. Mening doʻstim Banashak ushbu klubda oʻynagan va shu jihatdan men Maksim Shatskixni tanirdim. Bu esa meni shartnoma imzolashimga turtki boʻldi.
- Jamoa bilan birinchi mashgʻulotingizni oʻtkazganingizda muxlislar sizni nihoyatda iliq qarshi oldilar. Dastlabki kundanoq mana shunday muhitni kutganmidingiz?
- Men oʻyinlarni tomosha qildim. Muxlislar tasavvur qilib boʻlmas darajadagi atmosferani yaratishgan. Futbolchilarni ajoyib qoʻllab-quvvatlashadi. Meni ham zoʻr kutib olishdi. Ikkinchi davra boshlanishidan oldin bu biz uchun katta ruhlanishimizga sabab boʻlyapti.
- Ikkinchi davra “Andijon” uchun juda muhim. Jamoa chempionatdagi oʻrnini yaxshilashi va Osiyo Chempionlar ligasida debyutini oʻtkazishi lozim. Bu haqida nima deya olasiz?
- Ikkinchi davra oldidan tayyorgarlik mashgʻulotlarini oʻtkazyapmiz. Mavsumning ikkinchi qismiga yaxshi formada kirib borishga harakat qilamiz. Murabbiylar barchasini rejalashtirib chiqishgan. Qoʻlimizdan kelganicha qattiq mehnat qilib, mavsumning qolgan qismida eng yaxshi natijalarni qoʻlga kiritishga harakat qilamiz. Ushbu ijobiy natijalarimiz ikkinchi davraning ilk oʻyinidan boshlanishidan umidvormiz. OCHLdagi debyut uchrashuvimiz ham juda muhim hisoblanadi. Buni hamma anglab turibdi. Barchaning xohishi kuchli va ular buning uchun qanchalik jonini berib mashgʻulotlar oʻtkazayotganidan koʻrishingiz mumkin. Jamoaning har bir aʼzosi bunga tayyor boʻlishi uchun juda qattiq shugʻullanmoqda.
- Qaysi raqamni tanladingiz?
- 27-raqamni kiyaman. Bu menga juda yoqadi. Kelganimda ushbu raqam boʻsh ekan. Soʻnggi paytlarda odatda 15-raqamda toʻp surardim. Lekin bu jamoada band qilingan ekan, boshqa futbolchi oʻynarkan. Shu bois 27 ni tanladim.
- Siz ilgari Yevropa chempionatlarida oʻynagansiz. Osiyoga esa birinchi bor kelyapsiz. Bu sizning faoliyatingizda yangi sahifa, shundaymi?
- Qozogʻistonda oʻynadim va bu Osiyoga yaqin. Bundan tashqari, Yevropaning yana boshqa bir nechta mamlakatlarida ham oʻynaganman. Turli davlat va ligalarga moslashishda menda muammo yoʻq, deb hisoblayman. Har bir mamlakat, yangi joy, yangi chaqiriq va yangi vazifa. Bularning barchasiga men doim optimistik kayfiyatda yondashaman. Hammasi yaxshi boʻlishiga ishonib kelaman.
- Siz bungacha Oʻzbekiston fuboli va “Andijon” haqida nimalarni bilardingiz?
- Meni doʻstim Psemislav Banashak “Paxtakor”da oʻynaganida menga liga haqida gapirib bergan. “Andijon”ning bir nechta oʻyinlarini tomosha qilganman. Bu juda ham muhimki, jamoa tabiiy maydonda oʻynarkan. Stadion katta. Barchasi menga professional futbol atmosferasidek tuyulyapti. Andijonda muxlislar jamoani juda qattiq va kuchli qoʻllab-quvvatlashadi. Bu narsani har bir uchrashuvda namoyish etishadi. Bu har bir insonga motivatsiya beradi. Oldinda kutib turgan birinchi oʻyinimni sabrsizlik bilan kutyapman.