Rasman! “Andijon” “Paxtakor”dan uch nafar futbolchini qoʻlga kiritdi
“Andijon” yozgi transfer oynasi vaqtida tarkibini yangi oʻyinchilar bilan toʻldirish va kuchaytirish borasida seleksiya ishlarini faol tarzda olib bormoqda.
Muxlislarga shuni mamnuniyat bilan maʼlum qilamizki, “Paxtakor”dan uch nafar iqtidorli futbolchilar “Andijon” jamoasiga koʻchib oʻtdilar.
Jumladan hujumkor yarim himoyachi Muhammadali Usmonov bilan shartnoma imzolandi.
Maʼlumot uchun, Usmonov 2004-yilning 9-dekabr sanasida Andijonda tavallud topgan. U “Paxtakor”ning U18, U21 va asosiy jamoalarigacha boʻlgan yoʻlni bosib oʻtgan. Joriy mavsumning birinchi qismida “Paxtakor” safida Superliga va Oʻzbekiston Kubogida 2 ta oʻyinda maydonga tushdi va 1 ta gol muallifi boʻldi.
Taʼkidlash kerakki, bosh murabbiy Maksim Shatskix oʻz vaqtida “Paxtakor”da ishlagan chogʻida Muhammadali Usmonovni kashf qilgan. Umid qilamizki, iqtidorli hujumchi “Andijon”da oʻzining ajoyib oʻyinlari va gollari bilan muxlislarimizni xursand qiladi.
Isteʼdodli hujumchi Otabek Joʻraqoʻziyev bilan ham shartnoma imzoladi. Endilikda u mavsum oxiriga qadar ijara asosida “Burgutlar” safida toʻp suradi.
Maʼlumot uchun, Joʻraqoʻziyev 2002-yilning 2-aprel sanasida Fargʻona viloyatida tavallud topgan.
Faoliyati mobaynida bungacha “Bunyodkor farm”, “Olimpik” va “Paxtakor” tarkibida toʻp surgan.
Joriy mavsumning birinchi qismida “Paxtakor” safida 13 ta oʻyinda 3 ta gol urdi. Shuningdek, Oʻzbekiston U23 terma jamoasida 26 ta uchrashuvda maydonga tushgan va 6 gol muallifiga aylangan.
“Andijon” “Paxtakor”ning yana bir tarbiyalanuvchisi Saidumarxon Saidnurullayevni oʻz safiga qoʻshib oldi.
Maʼlumot uchun, Saidnurullayev 2005-yilning 13-aprel kuni Andijon viloyatida tavallud topgan. “Paxtakor” klubi tarbiyalanuvchisi 2023-yildan beri “Sherlar” tarkibida toʻp surib keladi. Joriy yilgi mavsumning birinchi qismida futbolchi “Paxtakor” tarkibida bitta oʻyinda maydonga tushib, 2 ta gol urgan va 1 ta golli pasni uzatgan.