SAYT TEST REJIMIDA!!!

Artyom Odintsov: “Maksim Shatskix bilan birga ishlayotganimdan xursandman”

Artyom Odintsov: “Maksim Shatskix bilan birga ishlayotganimdan xursandman”

Kuni kecha xabar berganimizdek, “Andijon” safiga ukrainalik 25 yoshli darvozabon Artyom Odinsov qoʻshildi. Olib borilgan muzokaralar ijobiy yakun topgach, u bilan shartnoma imzolandi. 

Bungacha asosan Vengriya chempionatida faoliyat olib borgan Odinsovning oxirgi klubi – “Dyoshdyor” hisoblanadi.

Ukrainalik posbon “Andijon” bilan ikkinchi davraga tayyorgarlikni boshlab yuborgan. Klub matbuot xizmati esa undan dastlabki intervyuni oldi.

- Artyom, “Andijon” klubiga xush kelibsiz! Ushbu taklif haqida birinchi marta eshitganingizda nimani oʻyladingiz?

- Yodimga kelgan birinchi narsa ukrainalik darvozabon Igor Litovkaning aynan “Andijon” safida toʻp surgani boʻldi!

- Menimcha, muzokaralar tez yakun topdi. Bu borada sizga eng koʻp nima yoqdi? 

- Dastlabki oʻylaganlarim shundayki, demak, ular men haqimda qiziqishganini va ular meni oʻz klubida koʻrishni xohlashayotganligini his qildim. 

- Faoliyatingizni asosan Vengriya chempionatida oʻtkazdingiz. Endilikda muhitni oʻzgartirishga nima turtki boʻldi?

- Vengriya klubi bilan shartnomam tugaganidan soʻng oʻzimni boshqa chempionatda sinab koʻrishni xohladim va yangi chaqiruvga tayyor edim.

-  “Andijon” ustozi Maksim Shatskixni qanchalik bilasiz? U bilan birinchi marta ishlayapsiz... 

- Maksim Shatskixni anchadan beri bilaman. Yoshlik chogʻimda dadam bilan birga “Dinamo” Kiyev – “Shaxtyor” oʻyiniga borganmiz. Oʻsha paytdan beri Maksim Aleksandrovichni bilaman. Shatskix Ukraina futboli uchun haqiqiy afsonadir. Shunday inson bilan birga ilk bor ishlayotganimdan juda xursandman, bunday mutaxassis qoʻlida faoliyat olib borishimdan baxtiyorman.

- 31-raqamni tanladingiz. Bu nima bilan bogʻliq? 

- Sababi oddiy. Men doim 12-raqamda oʻynaganman. Ammo bu raqam band ekan. Shu sababli yodimga 31-raqam tushdi. 

- Yangi jamoangizdagi ilk taassurotlar qanday?

- Taassurotlarim zoʻr. Barcha yigitlar pozitiv holatda. Ishga juda chanqoqlar va oʻz vazifalarini sidqidildan bajarishyapti. 

- “Andijon”ning taklifini qabul qilishdan oldin kim bilan maslahatlashdingiz va qanday maʼlumotlarni oʻrgandingiz?

- Birinchi navbatda agentim bilan bu taklif haqida oʻylab koʻrdik. Keyinchalik “Qizilqum”da oʻynayotgan doʻstim Roman Papariga bilan gaplashdim. U menga faoliyatni oʻstirish uchun Oʻzbekiston chempionati juda yaxshi imkoniyat ekanligi haqida gapirib berdi. Shuningdek, bu yerda futbol juda tez rivojlanayotganini ham aytdi. Qolaversa, yurtingizdagi odamlar juda mehmondoʻst va mehribonligini ham alohida taʼkidlab oʻtdi. U bilan gaplashganimizdan soʻng men “Andijon” bilan shartnoma tuzishga qaror qildim va bundan xursandman.

 

Share on Facebook Share on Twitter Share on Pinterest