“Buxoro” – “Andijon” to'qnashuvida kuchlar teng keldi
Superligada 12-turining startida ikkita o'yin bo'lib o'tdi va ulardan biri “Buxoro” – “Andijon” to'qnashuvi edi. “Buxoro”ning uy arenasi hali to'liq tayyor emasligi sababli boshqa stadionlardan foydalanib kelmoqda. Bu safar ular Samarqanddagi “Dinamo” stadionidan nominal mezbon sifatida foydalandi.
FIFA kunlaridan keyin yana chempionatimizning davom etishini albatta muxlislar ham intiqlik bilan kutgandilar. Shu sababli doimgidek Andijondan ham muxlislar Samarqanddagi arenada jamoamizni qo'llab-quvvatladilar.
Yana shuni ham ta'kidlash joizki, safimizda bir qator yo'qotishlar mavjud bo'lib, Oleg Zoteev, Luka Uskokovich, Abdulvohid G'ulomov, Farhod Sohibjonov kabi o'yinchilar jarohati sababli davolanish jarayonidalar.
O'yinni ikkala jamoa ham extiyotkor tarzda boshladi. Ilk xavfli hujum jamoamiz tomonidan sodir etildi. Jarima maydoni ichida Abdurahmon Komilovning boshi bilan yo'llagan zarbasi birozgina yuqoridan o'tib ketdi. SHuningdek, yana bir vaziyatda Ilhom Abdug'anievning jarima maydoni tashqarisidan yo'llagan zarbasini raqib posboni ikkinchi urinishda egallab oldi.
Bellashuvning asosiy voqealari ikkinchi bo'limda kuzatildi. Tanaffusdan keyin o'yinni ancha faol boshlagan “Andijon” ketma-ket “Buxoro” darvozasi oldida xavfli hujumlarni yarata boshladi. Doniyor Abdumannopovning zarbasini Abdullaev arang qaytardi. SHu oradan ko'p o'tmasdan yana Abdumannopovning boshlab bergan hujumidan so'ng Bektemir Abdumannonov hisobni ochishga muvaffaq bo'ldi. Tashabbus va o'yin nazorati “Burgutlar” tarafida edi va yana goldan keyin ham jiddiy hujumlar uyushtirayotgandilar. Lekin 67-daqiqada “Buxoro” futbolchisi SHaxboz Jo'rabekovning standart vaziyatdan tepgan to'pi golga aylangach, o'yinda yana muvozanat tiklandi.
Shu tariqa, “Buxoro” – “Andijon” qarama-qarshiligida kuchlar teng keldi. Endi jamoamiz navbatdagi turni 19 iyun kuni “Bobur arena”da “Qizilqum”ga qarshi o'tkazadi.
“Buxoro” – “Andijon” – 1:1 (0:0).
13 iyun. Samarqand. “Dinamo” stadioni. 1811 tomoshabin.
Hakamlar: Shavkat Nasibullaev, Amir Galeev, Sherzod A'zamov
Zaxira hakami: Shaxboz Azimov
Nazoratchi: Valentin Kovalenko
Komissar: Vladimir Nazarov
“Buxoro”: Shirinboy Abdullaev, Izzatilla Po'latov, Sardor Qulmatov, Ravshan Xayrullaev (Javohir Ro'ziev, 85), Shoxruz Norxonov (Bilol Tupliev, 46), Frane Chiryak, Muhammad Yo'ldoshev, Dominik Begich (Mahmud Jo'raboev, 90+3), Marko Kolakovich, Frane Ikich (Asilbek Qayumov, 64), Shaxboz Jo'rabekov.
“Andijon”: Valijon Rahimov, Abubakir Ashurov, Islom Mamatkazin, Abdurahmon Komilov (Rustam Turdimurodov, 46), Altin Kreziu (Damir Temirov, 46), Sardor Azimov, Usmonali Ismonaliev, Ilhom Abdug'aniev, Muhammadkarim Toirov, Doniyor Abdumannopov, Bektemir Abdumannonov.
Gollar: Bektemir Abdumannonov, 58 – 0:1. SHaxboz Jo'rabekov, 67 – 1:1.
Ogohlantirish: Altin Kreziu, 29.