Abdulvohid G'ulomov jarrohlik amaliyotini o'tkazdi
“Andijon” jamoamiz yetakchilaridan biri, ajoyib himoyachi Abdulvohid G'ulomov yaqinda Tojikistondagi yig'in doirasida oyog'idan jarohat olgandi. Bu esa futbolchimizda jarrohlik amaliyotini o'tkazish masalasi zarurligini ko'rsatdi. Natijada kuni kecha G'ulomov Toshkentda operatsiya stoliga yotdi.
“Tojikistondagi yig'inda jarohat oldim. Ya'ni, “Xo'jand” jamoasiga qarshi bo'lib o'tgan o'rtoqlik uchrashuvida yuz berdi. Keyin lat yegan oyog'imni tekshirtirdik. Shifokorlar operatsiya zarurati borligini aytdilar. Ikki kun avval jarrohlik amaliyotini o'tkazdim. Xudoga shukurki, operatsiya yaxshi o'tdi. Holatim kundan-kunga yaxshilanib bormoqda”, - deya klub matbuot xizmatiga fikr bildirdi, Abdulvohid.
Biz ham futbolchimizga sog'liq tilaymiz va umid qilamizki, tezroq oyoqqa turib safga qaytadi.