SAYT TEST REJIMIDA!!!

Altin Kreziu: “Yana shunday ruhda ishlashda davom etamiz”

Altin Kreziu: “Yana shunday ruhda ishlashda davom etamiz”

“Andijon”ning “Paxtakor”ga qarshi oʻtkazgan ajoyib oʻyini va unda qayd etilgan natija muhim voqealardan biri boʻldi va bu shubhasiz tarixiy gʻalaba! 

“Andijon” jamoasining Oʻzbekiston chempionatida hali Toshkentda “Paxtakor”ni taslim qilmagani fonida bu safar “Burgutlar”ning “Sherlar” uyidan gʻalaba bilan qayta olgani tahsinga loyiq. 

Butun jamoa katta hajmdagi ishni bajardi va gʻalabaga har tomonlama munosibligini isbotlay oldilar. Yarim himoyachi Altin Kreziu ham ushbu oʻyinda jamoadoshlari kabi oʻzini koʻrsata oldi. Legioner “Andijon” matbuot xizmatiga dastlab Toshkentdagi oʻyin haqida gapirdi:

“Ha, bu “Andijon”ning tarixida “Paxtakor”ga qarshi birinchi gʻalabamiz. Shu sababli nihoyatda xursandmiz. Biz buning uchun hafta davomida juda qattiq mehnat qildik. Raqibning ajoyib jamoa ekanligini bilamiz. Shu bois ham qiyin oʻyin boʻlishini sezib turgandik. Lekin amalda uch ochkoni qoʻlga kiritganimizdan katta qoniqish hosil qildik. Yana shunday ruhda ishlashda davom etamiz”.

Maʼlumki, oʻyinning birinchi boʻlimida darvozalar daxlsiz qoldi. Hammasi ikkinchi boʻlimda sodir boʻldi va darvozalarga beshta gol urildi. Altin bu xususida shunday dedi:

“Birinchi taymda toʻpni egallab turish masalasida bir qator ustunlikka erishayotgandek tuyulmagandik. Boisi, “Paxtakor” toʻpni nazorat qilib, paslar orqali yaxshi oʻynadi. Lekin tanaffus vaqtida kichik detallarni toʻgʻrilashga muvaffaq boʻldik. Natijada ikkinchi taymda ancha yaxshi oʻyin koʻrsata oldik”. 

Kreziuning kiritilgan gollarda hissasi katta boʻldi. Koʻrgan boʻlsangiz, ikkita golga qoyilmaqom pas uzatdi va bundan jamoadoshlari ustalik bilan foydalandi. Bunda albatta butun jamoaning hissasi beqiyos boʻlganini taʼkidlash darkor.

“Toʻgʻri, ikkita assistni berdim. Lekin jamoasiz buning umuman imkoni boʻlmasdi. Bizda juda yaxshi darajadagi futbolchilar borligidan xursandman. Shu bilan birga safimizda yosh hamda tajribali oʻyinchilar oʻrtasida balansli tarkib yuzaga kelgan. Murabbiylar shtabi ham uchrashuvga juda yaxshi tayyorgarlik koʻrishdi. Birinchi taymda biroz boʻshliqlarga yoʻl qoʻydik. Keyin esa murabbiy oʻyinimizga kichik oʻzgartirishlar kiritdi. Murabbiylar shtabi bizni yana faol oʻyinga qaytara oldilar. Ikkinchi taymdagi oʻyin rejasi beshta himoyachi bilan himoyalanish edi, chunki “Paxtakor” hujumchilari xavfli boʻlib, ular yaxshi paslarni amalga oshirishayotgandi. Biz bunga tayyor edik. Ikkinchi taymdagi qarshi hujumlarimiz jamoamizga yordam berdi. Oʻz imkoniyatlarimizdan unumli foydalanganimiz ajoyib ish boʻldi. Umuman olganda, bizga yordam beradigan kichik detallar ustida koʻp ishladik. Jamoa koʻrsatgan oʻyindan mamnunman”, - deya fikr bildirdi, Kreziu.

Share on Facebook Share on Twitter Share on Pinterest