Aleksandr Xomyakov: “Kamchilik boʻlib qolganimizda ham yigitlar qoʻlini tushirishmadi”
“Navbahor” – “Andijon” (2:2) oʻrtasidagi uchrashuvdan keyin tashkil qilingan matbuot anjumanining dastlabki qismida jamoamiz bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.
- Bunday derbilar hissiyotlarga boy va boshqacha ruhda oʻtadi. Oʻylaymanki, ushbu safargi vodiy derbisi ham oʻzini oqladi. Hissiyotlarga, gollarga, vaziyatlarga boy boʻldi. Ob-havo ham turtki boʻldi, oʻyindan avval yomgʻir yogʻdi. Maydon futbol oʻynash uchun yaxshi holatda edi. Oʻylaymanki, qiziqarli uchrashuv guvohiga aylandik. Oxirigacha intriga saqlanib turdi. Oʻyin yakuni asabiy oʻtdi. Maydonda kamchilik boʻlib qolganimizdan keyin ham hisobni tenglashtirish uchun oldinga tashlangan futbolchilarimga qoyil qolish kerak. Albatta, bizni bundan boshqa yoʻlimiz ham yoʻq edi. Barchasini juda yaxshi tushunib turgandik. Chunki bizni juda katta muxlislar armiyasi qoʻllab-quvvatlab turgandi. Ular bizga qaygʻurishyapti, ishonishyapti hamda doimgidek gʻalabani kutishyapti. Murabbiy sifatida bir qancha holatlar meni qoniqtirmadi. Bir qator rejalarimiz oʻxshamadi. Raqib bizga oʻynashimiz uchun imkoniyat yaratib berdi. Bunday paytda boshqacharoq oʻyin koʻrsatsak boʻlardi. Birinchi va ikkinchi boʻlimdagi tezkor gollar esa bizni taslim qilmadi. Oʻyin yakunida ochko olishni uddaladik. Albatta, buning uchun yigitlarga rahmat.
- Oxirgi yillarda Namanganda “Andijon” ajoyib oʻyin namoyish qilyapti va noqulay raqibga aylanib boryapti. Ayting-chi, bu uchrashuvda nima oʻxshadi va nima oʻxshamadi? Shuningdek, “Navbahor” maydonida eng ogʻir oʻyin qaysi boʻlgan?
- Savol uchun rahmat. Har bir uchrashuv qiyin oʻtadi. Oʻyinda aynan nimalar oʻxshagan yoki oʻxshamagani haqida gapirmoqchi emasman. Rejamiz boʻyicha biz boshqacharoq oʻyin koʻrsatmoqchi edik. Ikkala boʻlim boshida gollar oʻtkazib yuborganimiz yomon. “Navbahor” toʻrttalik uslubiga oʻtganidan keyin bizda muammolar koʻzga tashlandi. Aytganimdek, bu yerdagi har bir bellashuv ogʻir oʻtadi. Baʼzida oʻylaganlaring amalga oshadi, baʼzida esa yoʻq. “Navbahor” yaxshi jamoa. Omad biz tomonda boʻldi. Bir futbolchi kam boʻlib qolganimizda ham yigitlar qoʻlini tushirishmadi. Oʻz imkoniyatini kutishdi. Uchrashuvdan yaxshi jihatlarni koʻrsa boʻladi.
- Oldingi uchrashuvlarga nisbatan tarkibda rotatsiya boʻlishiga nima sabab?
- Bilasizmi, ob-havo tufayli ayrim oʻyinchilarimiz betob boʻlib qolishdi. Kreziu shamollagandi. Oleg Zoteyevda isitma bor edi. Tavakkal qilib uni maydonga tushirishni istamadik. Zaxiradan oʻyinga qoʻshilganlar yaxshi kirishib ketishdi, omadli boʻldi va eng asosiysi, kerakli golni urdik.
- Hakam futbolchimizga qizil kartochka koʻrsatdi. Oʻsha vaziyatdan oldin koʻpchilik “Navbahor” oʻyinchisiga qizil koʻrsatishini kutgandi. Buni kutganmidingiz?
- Oʻsha epizod bizdan uzoqda edi. Raqib oʻyinchisi qoʻpollik ishlatgandek koʻringandi. Bizning oʻyinchimizga qoʻpol oʻynagandek, edi. Lekin hakam xalqaro tajribaga ega. Bizning oʻzbek hakamlarimiz orasida bayroqdori. Ayrim vaziyatlar uchun bahslashish mumkindir, biroq umumiy olganda unga ortiqcha eʼtirozlar yoʻq.
- “Andijon”ning ikkala golini “Navbahor” futbolchilari kiritishdi. Jamoangiz koʻp ham vaziyat yarata olgani yoʻq. Bunday oʻyin bilan OCHLga qanchalik tayyor boʻla olasizlar?
- Ha, menga yoqmadi. Lekin futbol xatolardan iborat. Hech kim xato qilmasa futbolning jozibasi yoʻqoladi. Muxlislar shu bois stadionga keladilar. Bizda ham, “Navbahor”da ham xatolar uchrab turdi. Oʻyinda muammolarimiz bor. Hamma oʻz muammolarini toʻgʻrilash harakatida. Tajovuzkor oʻynashga harakat qilyapmiz, ammo himoyada oʻtkazib yuboryapmiz. OCHLga hali vaqt bor. Kamchiliklarimiz ustida ishlaymiz. OCHL bahslarida boshqa daraja boʻlamiz.
- Tarkibdan qoniqyapsizmi? OCHL uchun yana kuchaytiriladimi?
- Albatta, yigʻilgan tarkibdan qoniqish hosil qilyapman. Bu jamoa bilan jiddiy maqsadlarni bajarishga harakat qilamiz. Hozircha biroz vaqt kerak. Koʻplab yangi futbolchilar bor. Bir-birini tushunishi uchun vaqt talab qilinadi. Koʻramiz, vaqt oliy hakam. Himoyada va hujumda, oʻyinni tashkil qilish boʻyicha ishni davom ettiramiz.
- “Neftchi”, “Navbahor” va “Andijon” kabi vodiy klublarining sovrinli oʻrinlar uchun imkoniyatini qanday baholaysiz?
- “Qoʻqon-1912” ham bor. Men bashoratchi emasman. Hozir yaqqol favorit yoʻq. Endigina 3-turni oʻtkazdik, nima deyishim mumkin? Har bir jamoada imkoniyat bor. Chunki har bir klub oxirigacha kurash olib boryapti. Natijaga bir qator omillarning taʼsiri boʻladi.
- Bu mavsumda “Andijon”ning maqsadi qanday?
- Yuqori maqsad bor. Medallar uchun kurashamiz. Har bir oʻyinda muxlislarimizni xursand qilish uchun oʻynaymiz.