SAYT TEST REJIMIDA!!!

Namanganda “Andijon taym”

Namanganda “Andijon taym”

Superliganing 3-turidan oʻrin olgan vodiy derbisiga tayyorgarlik juda katta boʻldi. Bunday derbi endi oddiy oʻyin toifasidan emas. Aytish kerakki, bu kabi qarama-qarshilik yirik koʻrinishda va katta auditoriyani keng qamrovga olgani bilan ham diqqatga sazovor. 

“Navbahor” va “Andijon” klublari bir-biri uchun prinsipial raqibligini barcha yaxshi biladi. Oʻtgan yilgi tarixiy uchrashuvlar soʻzimizni tasdiqlaydi. Jamoalarning navbatdagi toʻqnashuvi ham oldindan kutilganidek, “olovli” haroratda oʻtdi. Bunda albatta muxlislarning roli beqiyos. “Andijon” fan-klubi Namangandagi “Markaziy” stadionni “yondirdi”. Andijonda “Burgutlar”ni qoʻllash uchun 5000 ga yaqin muxlislar Namanganga keldilar. “Ultras Burgut” chindan ham katta daraja. Nodirbek Toʻychiyev boshchiligidagi muxlislar armiyasi oʻyinning haroratini yanada oshirib yubordilar. Bunday muhitda toʻp surish istalgan futbolchiga zavq bagʻishlaydi.

Oʻyin “Andijon” uchun omadsiz boshlandi. Chunki dastlabki daqiqalardayoq mezbonlar gol urishdi. Lekin “Andijon” futbolchilari bu golga tezda reaksiya koʻrsata oldilar. Islam Mashukov qulay toʻp uzatishini qabul qilib, jarima maydoni ichida mahoratini ishga solgan holda raqibi va darvozabonni ortda qoldirib, oʻtkir burchakdan boʻlishiga qaramay, darvoza tomon zarba yoʻlladi hamda toʻp raqib oʻyinchisiga tegib darvoza toʻridan joy oldi. Bunda albatta Mashukovning mehnati katta boʻldi. Garchi yana golli imkoniyatlar boʻlsa-da, tanaffusgacha shu hisob oʻzgarmadi.

Ikkinchi boʻlim ham shiddatli boshlandi. 52-daqiqada mezbonlar futbolchisi Abbos Gʻulomov hisobni oʻzgartirdi. Ikkala jamoa ham oʻz muxlislari qarshisida va bunday derbida magʻlub boʻlishni sira xohlashmasdi. Shu bois futbolchilar maydonda bir-birini ayamadilar, har bir toʻpga jon-jahdlari bilan kurashdilar. Bir vaziyatda Mirzad Mexanovich Shoxmalik Komilov bilan markazda toʻp uchun kurashdi va jarohat olishdi. Bosh hakam esa VARni koʻrgach, Mexanovichni maydondan chetlatdi.

Vodiy derbisi oddiy oʻtishi mumkin emas, unda albatta keskinlik, asabiylik, tinim bilmaslik va kurashuvchanlik yuqori darajaga chiqadi. Hakam toʻxtalishlar uchun 10 daqiqa qoʻshib berdi. Oʻsha daqiqalar ichida “Navbahor” futbolchisiga ham qizil kartochka koʻrsatildi. Soʻnggi daqiqalarda esa “Andijon taym” ishga tushdi. Burchakdan uzatilgan toʻpdan keyin jarima maydoni ichida Islom Mamatkazin toʻp uchun kurashdi va yana raqib oʻyinchisi toʻpni oʻz darvozasiga kiritib qoʻydi. Natijada yuqori tempdagi derbiga oʻziga mos va xos ravishda nuqta qoʻyildi. Yodingizda boʻlsa, oʻtgan yilgi chempionatning oxirgi turida Namangandagi bahsda “Andijon” 2:3 hisobida gʻalaba qozonayotgan mahalda mezbonlar oxirgi daqiqada gol urib magʻlubiyatdan qutulib qolishgandi. Bu safar esa “Andijon” irodasini, xarakterini koʻrsatib, soʻnggi daqiqada kerakli golni urdi.

Bu kabi oʻyinlar shubhasiz Superliganing intrigasi hamda uning darajasini oshirishda davom etadi.

Jamoamiz navbatdagi turda 6-aprel kuni "Bobur arena"da "Mashal"ni qabul qiladi. 

“Navbahor” – “Andijon” – 2:2 (1:1).
28-mart. Namangan. “Markaziy” stadion. 15420 tomoshabin.

Hakamlar: Ilgiz Tantashev, Timur Gaynullin, Andrey Sapenko
Zaxira hakami: Shaxboz Azimov
VAR: Nikita Mustafin
AVAR: Baxtiyorxoʻja Shavkatov
Nazoratchi: Vladislav Seytlin
Komissar: Diyor Hotamqulov

“Navbahor”: Umid Ergashev, Azim Ahmedov (Javohir Abdujabborov, 62), Shoxmalik Komilov (Shaxzod Toirov, 75), Gilyerme Gedesh, Gabriyel Alves, Saidazamat Mirsaidov, Benjamin Tedi, Sergey Karpovich, Abbos Gʻulomov (Ruslan Jiyanov, 80), Zabihillo Oʻrinboyev (Pedro Karvalyo, 75), Shaxzod Ubaydullayev (Alisher Odilov, 62). 

“Andijon”: Eldor Adhamov, Islom Mamatkazin, Luka Uskokovich, Abdulvohid Gʻulomov, Abdurahmon Komilov (Doniyor Abdumannopov, 68), Iskandar Shoyqulov (Altin Kreziu, 68), Usmonali Ismonaliyev (Sardor Azimov, 86), Muhammadkarim Toirov (Rustam Turdimurodov, 86), Mirzad Mexanovich, Bektemir Abdumannonov (Farhod Sohibjonov, 82), Islam Mashukov.

Gollar: Zabihillo Oʻrinboyev, 2 – 1:0. Gilyerme Gedesh, 6-avtogol. – 1:1. Abbos Gʻulomov, 52 – 2:1. Benjamin Tedi, 90+8-avtogol. – 2:2.

Ogohlantirishlar: Shoxmalik Komilov, 40+3. Saidazamat Mirsaidov, 90+3. Qobil Olimjonov, 90+6 (darvozabonlar murabbiyi).

Chetlatishlar: Mirzad Mexanovich, 72. Saidazamat Mirsadiov, 90+6.

 

Share on Facebook Share on Twitter Share on Pinterest