Iskandar Shoyqulov: “Futbolchilarni jismonan va taktik tomondan puxta tayyorlashga ham eʼtibor qaratilmoqda”
Maʼlumki, jamoamiz Antaliyada qizgʻin ravishda oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini davom ettirmoqda. Qolaversa, qator nazorat uchrashuvlari ham oʻtkazib kelinyapti.
Aynan “Burgutlar”ning u yerdagi yigʻini va oʻrtoqlik oʻyinlari borasida jamoamiz aʼzosi Iskandar Shoyqulov klub matbuot xizmatiga oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdi:
“Hammasi asta-sekin joyiga tushyapti. Odatda futbolchilarni bir-birini tushunish uchun vaqt kerak boʻladi. Bizda esa bu borada aytarli vaqt yoʻq. Shu bois koʻplab oʻrtoqlik uchrashuvlari tashkillashtirilmoqda. Bundan koʻzlangan maqsad tezroq bir-birimizni tushunishimiz uchundir. Natija muhim emas. Hozirda eng asosiysi, futbolchilarni jismonan va taktik tomondan puxta tayyorlashga ham eʼtibor qaratilmoqda.
Albatta, bir-biridan qiziqarli sparring-raqiblar va hammasi oʻzining oʻyin uslubi bilan ajralib turadi. Bu borada murabbiylar shtabiga tasanno. Bizning chempionatimizda shu uslublarda oʻynay oladigan jamoalar koʻp. Ushbu klublarga qarshi oʻyinlarda qanaqa harakat qilishni oʻrtoqlik uchrashuvlaridagi raqiblarga nisbatan sinab koʻrmoqdamiz”.