"Bu shubhasiz sifatli jamoa boʻladi" yoxud Chexiya klubi biz haqimizda!
Maʼlumki, “Andijon” klubi 13-fevral sanasida ikkita oʻrtoqlik uchrashuvini oʻtkazadi va dastlabki bahs Chexiyaning “Zlin” jamoasiga qarshi boʻlib oʻtadi.
Oʻz navbatida “Zlin” ham boʻlajak oʻyinga tayyorlanmoqda va klub matbuot xizmati bizga qarshi uchrashuv oldidan jamoamiz haqida maʼlumot taqdim etgan. Unda jumladan shunday yozilgan:
“Oldinda jamoamizni Turkiyadagi soʻnggi oʻyin kutib turibdi. Ukrainaning “Obolon”i (0:1) bilan ilk uchrashuv va seshanba kuni Shveysariyaning “Ditikon” (3:0) jamoasiga qarshi oʻyindan soʻng, payshanba kuni Oʻzbekistonning “Andijon” jamoasi bilan uchrashamiz. Shu kuni Oʻrta yer dengizi sohilida qiziqarli toʻqnashuv boʻlib oʻtadi.
Jamoamiz uchun bu Chexiyaga qaytish oldidan soʻnggi sinov boʻladi – nomaʼlum raqib bilan navbatdagi jang.
“Bu biz uchun yigʻinning eng muhim voqeasi boʻladi. Yigitlar 100 foiz tayyor boʻlishi uchun kuchlarimizni taqsimladik. Bizda raqib haqida aytarli maʼlumot yoʻq. Faqat biz uning chempionatdagi oʻyinining bir qismini koʻrdik. Bu shubhasiz sifatli jamoa boʻladi. Faqat payshanba kungi oʻyin uning holatini koʻrsatadi”, - deydi “Zlin” yordamchi murabbiyi Ivo Svetlik.
Shuningdek, “Zlin” matbuot xizmati jamoamiz haqida toʻxtalar ekan, yana quyidagilarni davom ettirdi:
“Andijon” FK Andijon viloyatining maʼmuriy, iqtisodiy va madaniy markazi hisoblanadigan Andijon shahrida joylashgan. U Fargʻona vodiysining janubi-sharqidagi va Qirgʻiziston bilan chegaradosh boʻlgan viloyatdir.
Andijon mintaqaning eng qadimgi shaharlaridan biri. “Andijon” FK 1964-yili “Spartak” nomi ostida tashkil etilgan, bugungi nomi ostida 1997-yildan beri faoliyat yuritib kelmoqda. Jamoa bahor-kuz tizimida oʻtkazib kelinadigan oʻzbek Superligasida qatnashib kelmoqda. Jamoa sigʻimi 18360 tomoshabinga moʻljallangan “Bobur Arena”da uy oʻyinlarini oʻtkazib keladi.
Oʻtgan yil oktyabr oyida klub oʻzi uchun ilk sovrin - Oʻzbekiston Kubogini qoʻlga kiritdi va mavsumni 9-oʻrinda tamomladi. Oʻzbekiston Kubogi sohibi sifatida “Andijon” 2025/26 mavsum OCHLda debyutini oʻtkazish imkoniyatiga ega boʻldi.
Qishki yigʻinda “Andijon” bir qator oʻrtoqlik uchrashuvlarini oʻtkazdi. Polshaning “LKS Lodz” klubi bilan 0:0 oʻynadi. Ukrainaning “Vorskla” jamoasi 4:3 hisobida magʻlub etildi. Bosniya “Boras Banya-Luka”siga 0:1 hisobida yutqazdi va Norvegiyaning “Raufoss” jamoasi bilan uchrashuvda 0:2 hisobi qayd etildi. Endi esa biz bilan oʻynashadi.
Jamoaning asosiy futbolchilarini oʻzbekistonlik oʻyinchilar tashkil etishadi va legionerlari ham bor. Jamoaga bu yil chernogoriyalik Miomir Jurichkovich va Luka Uskokovich, shuningdek, “Zlin”ning sobiq futbolchisi Mirzad Mexanovich, rossiyalik Islam Mashukov hamda Kosovodan Altin Kreziular bor”, - deyiladi xabarda.
Eslatib oʻtamiz, “Andijon” – “Zlin” oʻyini bugun Toshkent vaqti bilan 13:30 (Antaliya vaqtiga 11:30) da boshlansa, ikkinchi uchrashuv Qozogʻistonning “Shaxtyor”i bilan Toshkent vaqti bilan soat 19:00 (Antaliya vaqtiga 17:00)da start oladi.