“Andijon”ning ertangi raqiblari haqida
Oldin xabar berib oʻtganimizdek, ertaga, 13-fevral sanasida “Andijon” jamoamiz yana ikkita oʻyinda maydonga tushadi.
Dastlab Chexiyaning “Zlin” va soʻngra Qozogʻistonning “Shaxtyor” jamoalariga qarshi bahs olib boradi.
Bu safar ham boʻlajak raqiblarimiz haqida sizlarga maʼlumotlarni taqdim etamiz.
Chexiyaning “Zlin” klubi yana bir yaxshi saviyadagi sparring-raqiblarimizdan biridir. 1919-yilda asos solingan mazkur jamoa ayni paytda Chexiya xalq ligasi (bizning pro ligamiz kabi)da ishtirok etmoqda. 16 ta klub qatnashayotgan musobaqada hozircha 16 ta jamoa orasida 16 oʻyindan soʻng 12 gʻalaba, 4 durang va magʻlubiyatsiz odimlab (toʻplar nisbati 24\5), 40 ochko bilan mutlaq peshqadam boʻlib turibdi.
Jamoa oʻtgan yili kuchlilar orasini tark etganiga qaramay, bu yil katta ishtiyoq bilan kurashmoqda va oʻz joyiga qaytishni maqsad qilgan.
“Zlin” klubi xuddi “Andijon” singari shahar nomi bilan ataladi. Zlin shahridagi “Letna” stadioni klubning uy arenasi hisoblanadi va oʻz bagʻriga 5898 muxlisni sigʻdiradi.
Klubga 49 yoshli mahalliy mutaxassis Bronislav Chervenka bosh murabbiylik qilmoqda. Hozirgacha “Zlin” ushbu murabbiy qoʻli ostida 19 ta oʻyinda qatnashib, 15 gʻalaba va 4 durang qayd etib, hali magʻlubiyatga uchragani yoʻq.
Jamoani oldinda Chexiya Kubogi 1\8 finalida mamlakat yetakchilaridan biri “Viktoriya Plzen”ga qarshi oʻyin kutib turibdi. Chempionatning 17-turini esa 3-mart sanasida oʻtkazadi. Shuningdek, 2016\17 yilgi mavsumda “Zlin” Chexiya Kubogini yutgan.
“Zlin” tarkibidagi eng qimmat futbolchi 22 yoshli yarim himoyachi David Tkach hisoblanadi. “Transfermarkt”da uning narxi 350 ming yevro sifatida baholangan. Tarkibda Kamerun, Sloveniya, Gruziya, Serbiya, Senegal va Nigeriyadan kelgan legionerlar toʻp surishmoqda.
Bungacha “Zlin” Antaliya yigʻini doirasida Ukrainaning “Obolon” klubiga 0:1 hisobida yutqazdi va ikkinchi bahsda Shveysariyaning “Ditikon” jamoasini 3:0 hisobida taslim qildi.
Darvoqe, jamoamiz aʼzosi Mirzad Mexanovich oʻz vaqtida “Zlin” tarkibida toʻp surgan.
--------------------------------------------------------
Jamoamizning ikkinchi raqibi hisoblangan “Shaxtyor” haminqadar oʻzbek muxlislariga yaxshi tanish. Klub oʻtgan yili elitada oxirgi oʻrinni band etib, birinchi divizionga tushib ketdi.
Qaragʻandaning “Shaxtyor” klubiga 1957-yilning 30-noyabr sanasida asos solingan. Jamoa hozirda yangi mavsum uchun Antaliyada yigʻin oʻtkazmoqda va bu 4-24-fevral kunlarini oʻz ichiga oladi.
“Shaxtyor” klubi uy oʻyinlarini Qaragʻandadagi “Shaxtyor” markaziy stadionida oʻtkazib keladi va oʻz bagʻriga 19500 muxlisni sigʻdira oladi.
Klubda 4 ta sovrin bor. 2011 va 2012-yillari Qozogʻiston chempionligini qoʻlga kiritgan. 2013-yili esa Qozogʻiston Kubogini yutgan hamda yana 2013-yili mamlakat Superkubogi sohibiga aylangan. Qolaversa, jamoaning muvaffaqiyatlarida “Andijon”ning sobiq ustozi Viktor Kumikovning hissasi boʻlib, uning boshchiligida “Shaxtyor” oʻz tarixidagi eng yaxshi muvaffaqiyatli davrni oʻtkazgan.
“Shaxtyor” tarkibida eng qimmat futbolchi darvozabon Igor Shaskix hisoblanadi. 35 yoshli posbon “Transfermakrt”da 450 ming yevroga baholangan.
“Shaxtyor” klubini chexiyalik taniqli mutaxassislardan biri, sobiq futbolchi Irji Yaroshik boshqarmoqda. Ammo rasmiy xujjatlarda Andrey Finonochenko bosh murabbiy sifatida koʻrsatilgan. Sababi, Qozogʻiston birinchi divizionida xorijlik mutaxassisning bosh murabbiy boʻlib ishlashi mumkin emas.
Eslatib oʻtamiz, “Andijon” 13-fevral kuni dastlab “Zlin”ga qarshi maydonga tushadi va ushbu uchrashuv “SB” arenasida Toshkent vaqti bilan 13:30 da boshlanadi (Antaliya vaqtiga 11:30). Ikkinchi oʻyinda esa “Burgutlar” “Titanik” maydonida “Shaxtyor” bilan bahs olib boradi va bu oʻyin Toshkent vaqti bilan 19:00 ga belgilangan (Antaliya vaqtiga 17:00).