“Andijon” futbol klubi “Nasaf” PFK matbuot xizmati vakilining haqoratomuz soʻzlari yuzasidan bayonoti
"Nasaf” futbol klubi matbuot xizmati xodimi Sarvar Bobonazarov oʻzining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali “Andijon” klubi muxlislariga nisbatan asossiz ravishda bildirgan haqoratomuz soʻzlari sababli voqelikni keskinlantiruvchi holatning vujudga kelishiga olib kelmoqda.
Darhol “Andijon” klubi matbuot xizmati bu borada “Nasaf” klubi rasmiylari – Botir Qorayev hamda klub matbuot kotibi Sardor Nurov bilan bogʻlandi hamda yuz bergan vaziyat yuzasidan izoh soʻradi.
Oʻz navbatida “Nasaf” futbol klubi rasmiylari har doim “Andijon” klubi va uning muxlislariga hurmati cheksizligini, Sarvar Bobonazarov yozgan haqoratomuz soʻzlar yuzasidan klubda ichki yigʻilish oʻtkazilishini va tegishli jazo qoʻllanilishini maʼlum qildilar.
Afsuski, Sarvar Bobonazarovning “Andijon” muxlislari nomiga bu birinchi haqoratomuz soʻzlari emas. Klubning rasmiy vakili boʻla turib bu kabi nojoʻya soʻzlar bilan haqorat qilishi oʻz kasbi va professionallikka mutlaqo zid.
Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib OʻzPFLdan mazkur vaziyat yuzasidan tegishli chora koʻrishini soʻraymiz!

