SAYT TEST REJIMIDA!!!

Hujumkor o'yinda g'olib aniqlanmadi

Hujumkor o'yinda g'olib aniqlanmadi

O'zbekiston Kubogi “B” guruhining so'nggi – 3-turida “Andijon” jamoamiz o'z uyida Samarqandning “Dinamo”sini qabul qildi. 

O'yin yaxshi boshlandi. Dastlabki 10 daqiqa yakunlanmasidanoq “Burgutlar”ning jiddiy hujumlaridan biri gol bilan yakunlandi. Farhod Sohibjonovga nisbatan ishlatilgan qo'pollikdan keyin bosh hakam penalti belgiladi va bu vazifani Doniyor Abdumannopov bexato bajardi. Bo'limga qo'shib berilgan daqiqada esa samarqandlik futbolchilar standart vaziyatdan so'ng hisobni tenglashtirdilar.

Ikkinchi bo'limda “Andijon” hujumkorlikni yanada oshirdi. Raqib darvozasi oldida ketma-ket golli imkoniyatlarni yaratdilar. Faqat gol yetishmadi. Gohida darvozabon yaxshi o'ynadi, gohida zarbaga aniqlik yetishmadi. “Burgutlar” g'alaba qozonish istagida faqat hujumkor o'yin ko'rsatdilar. Shunga qaramay, yakunda 1:1 hisobi o'zgarmasdan qoldi. Har qanday holatda ham andijonlik fanatlar jamoani qo'llab-quvvatlab, ularga ishonishda davom etishlarini yana bir bor isbotladilar.

To'g'ri, shu bilan “Andijon”ning O'zbekiston Kubogidagi ishtiroki nihoyasiga yetdi.  Asosiy e'tibor chempionat o'yinlariga qaratiladi. Endilikda jamoamizda yangi sahifa ochiladi. Bosh murabbiy sifatida o'zbek futboli afsonalaridan biri Maksim Shatskix bosh murabbiy sifatida e'lon qilindi. Unga Vitaliy Shpanyuk yaqindan yordam beradi. Shatskix 14 may sanasidan jamoani qabul qilib oladi va debyutini 17 may kuni Superliganing 10-turi doirasida safarda “Sho'rtan”ga qarshi o'tkazadi.

Futbolda muvaffaqiyatsiz natijalar bo'lib turishi tabiiy va bu holat “Andijon” jamoasi bilan yuz berdi. Ketma-ket omadsizlikdan so'ng jamoaga yangi qon quyish talab etilgandi. Futboldagi qora chiziqlar albatta tugaydi va mazkur yoqimsiz holat nihoyasiga yetganiga umid bildiramiz. Endi barchasi jamoamiz uchun muvaffaqiyatli kechishiga tilakdoshmiz. Yangi bosh murabbiy – Maksim Shatskix bilan birga oldimizga qo'yilgan maqsadlar sari oldinga yuramiz. Biz hech qachon tushkunlikka tushmaymiz va orqaga chekinmaymiz. G'alabalar hali oldinda. Yangilangan murabbiylar shtabiga ishonamiz hamda omad tilab qolamiz!

“Andijon” – “Dinamo” – 1:1 (1:1).
13 may. Andijon. “Bobur arena” stadioni. 4216 tomoshabin.

Hakamlar: Umidjon Rahimjonov, Aziz Isakov, Axror Rahmatov
Zaxira hakami: Asadbek Qosimjonov
Nazoratchi: Viktor Serazetdinov
Komissar: Said Shoxruh

“Andijon”: Eldor Adhamov, Islom Mamatkazin, Miomir Jurichkovich, Abdurahmon Komilov, Oleg Zoteev, Altin Kreziu (Iskandar SHoyqulov, 63), Ilhom Abdug'aniev (Damir Temirov, 63), Farhod Sohibjonov, Doniyor Abdumannopov (Bektemir Abdumannonov, 80), Mirzad Mexanovich (Usmonali Ismonaliev, 80), Islam Mashukov (Rustam Turdimurodov, 46). 

“Dinamo”: Edem Nemanov, Akbar Abdirasulov, Maykon, Xislat Halilov, Abdulahad Hoshimov (Oybek Hamroqulov, 33), Maqsudxo'ja A'loxo'jaev (Bakir Saidov, 75), Muhammadaziz Ibrohimov (Dilyor Baxtiyorov, 46; Ravshan Abdumannonov, 80), Behruz Oblaqulov, Muhsin Bozorov, Ismoil Farhodov, Vohid Oqbo'taev. 

Gollar: Doniyor Abdumannopov, 9-pen. – 1:0. Akbar Abdirasulov, 45+2 – 1:1.

Ogohlantirishlar: Islom Mamatkazin, 89 – Ismoil Farhodov, 76.

Share on Facebook Share on Twitter Share on Pinterest