Elbek Samatov: “Har qanday tarix bir kun kelib yangilanadi”
Jamoamizning “Paxtakor”ga qarshi tarixiy gʻalabasidan soʻng bosh direktorimiz Elbek Samatov jurnalistlarning ayrim savollariga javob qaytardi.
- Ajoyib gʻalaba bilan tabriklaymiz. Hissiyotlar qanday?
- Avvalambor, barcha muxlislarimizni, Andijon xalqimizni tarixiy gʻalaba bilan tabriklayman. 26 yil deganda Toshkentda “Paxtakor” ustidan gʻalaba qozondik. Har qanday tarix albatta bir kun kelib yangilanadi. Oʻtgan yili Kubokni oldik, yangi tarix yaratdik. Bugun ham oʻyindan oldin kiyinish xonasiga kirib futbolchilarga “har qanday tarix bir kun yangilanadi, biz emas, aksincha raqib bizdan qoʻrqishi kerak, boringlarni beringlar”, deb aytdim. Yana bir narsani aytishim mumkinki, yigitlar zoʻr oʻynashdi, muxlislar ham zoʻr qoʻllab-quvvatlashdi, hammaga rahmat. Asosiysi, bosh murabbiymizga alohida minnatdorchilik bildirmoqchiman. Chunki, 1-daqiqadan 90-daqiqagacha murabbiyning imzosi koʻrindi.
- “Andijon” bu yil OCHLda qatnashadi va Oʻzbekistonning bayroqdori hisoblanadi. Bu musobaqaga tayyorgarlik qanday ketyapti, ikkinchi davraga kelib qanaqa oʻzgarishlar boʻladi?
- Osiyo Chempionlar ligasiga tayyorgarligimiz yil boshidan boshlangan. Qaysidir maʼnoda tarkibimizni OCHLni hisobga olib yigʻganmiz. Nimagaki, biz bu yerda nafaqat Andijon, balki butun Oʻzbekiston shaʼnini himoya qilamiz. Bu oʻziga yarasha masʼuliyat talab qiladi. Yozda bir-ikkita pozitsiyalarni oʻzgartirishimiz mumkin. Biroq bunga hali erta. Oʻyinlar davomida murabbiylar shtabi bilan gaplashgan holatda koʻrib chiqamiz.
- Bugun muxlislar stadionni “yondirdi”...
- Ishqibozlarimizga katta rahmat. Andijondan uzoq yoʻl bosib kelishgani uchun minnatdormiz. Ularning olqishlashi evaziga jamoamiz xuddi oʻz uyida oʻynadi, deb aytsak boʻladi.