SAYT TEST REJIMIDA!!!

Ilhom Abdugʻaniyev: “Kiritgan golim jamoa uchun gʻalaba goli boʻlganidan nihoyatda xursand boʻldim”

Ilhom Abdugʻaniyev: “Kiritgan golim jamoa uchun gʻalaba goli boʻlganidan nihoyatda xursand boʻldim”

“Andijon” 6-aprel kuni Oʻzbekiston Superligasining 4-turi doirasida “Bobur arena”da Muborakning “Mashʼal” jamoasiga qarshi boʻlib oʻtgan uchrashuvda 1:0 hisobida gʻalaba qozondi. 

Bilasiz, ushbu oʻyinda yagona gol 7-daqiqada yarim himoyachi Ilhom Abdugʻaniyev tomonidan kiritildi. Albatta, bellashuv oson kechgani yoʻq. Shunday boʻlsa-da, “Andijon” dastlabki gʻalabasiga erishdi. Yagona gol muallifiga aylangan Abdugʻaniyev muborakliklarga qarshi oʻtgan bahs borasida klub matbuot xizmatiga shunday dedi:

“Bu yilgi mavsumdagi birinchi gʻalabamiz. Hammamizga muborak boʻlsin. Toʻgʻri, uchrashuv oson boʻlmadi. Jamoamiz uch turdan beri gʻalaba qozona olmayotgani uchun bu oʻyinda faqat va faqat gʻalaba uchun maydonga tushgandik. Natijada shuni bosimi ham boʻldi, deb oʻylayman. Xudoga shukurki, gʻalaba qozondik va shu bilan bir qatorda stadionga kelgan barcha muxlislarga rahmat aytmoqchiman. Ob-havo noqulay boʻlishiga qaramasdan bizni oxirigacha qoʻllab-quvvatlashdi”.

Gʻalaba uchun baʼzida bir nechta gol ham yetmay qolishi mumkin. Yana baʼzida birgina gol ham uch ochkoga kifoya qiladi. Maydonga tushayotganda har bir futbolchi jamoasining muvaffaqiyatga erishishi uchun munosib hissa qoʻshish istagida boʻladi. Ilhom ham hal qiluvchi golni urdi va u bunday boʻlishini bahsdan avval hayoliga keltirganmi?

“Kiritgan golim jamoa uchun gʻalaba goli boʻlganidan nihoyatda xursand boʻldim. Uchrashuvdan avval hammani oʻziga yarasha niyati boʻladi. Jamoaga foyda keltiradigan gol yoki golli vaziyat yaratishni istaydi. Albatta, bu narsa mening ham hayolimdan oʻtgandi. Xudoga shukurki, niyatga yarasha gol urishga erishdim”, - deydi Abdugʻaniyev. 

Shu oʻrinda Ilhom “Andijon”ga raqib boʻlgan Muborakning “Mashʼal” jamoasi xususida ham fikrlarini aytib oʻtdi:

“Mashʼal” jamoasi juda yaxshi taassurot qoldirdi. Bu yil Superligaga qaytgan boʻlsa ham tajribali oʻyinchilari yetarlicha va oʻyin tempini yaxshi his qila oladilar. “Mashʼal” bu yil raqiblariga yaxshigina bosh ogʻriq boʻladi, deb oʻylayman”.

“Andijon” jamoamizning navbatdagi oʻyini 13-aprel kuni Toshkentda “Paxtakor”ga qarshi boʻlib oʻtadi. “Burgutlar” endi butun eʼtiborini mazkur oʻyinga qaratishgan. Abdugʻaniyev esa boʻlajak uchrashuv oldidan quyidagilarni maʼlum qildi:

“Xudo xohlasa, “Paxtakor” bilan oʻyinga yaxshi kayfiyatda tayyorgarlik koʻrib, boʻlajak oʻyinda ham gʻalaba qozonish uchun maydonga chiqamiz. Shunday uchrashuvlardagi gʻalabalar jamoa uchun juda ham kerak. Mashgʻulotlarda mehnat qilib, murabbiylar taktikasi va muxlislar qoʻllab-quvvatlashi orqali bu oʻyinda ham gʻalabani birga nishonlaymiz, degan umiddaman”, - deya fikrlarini yakunladi, Ilhom Abdugʻaniyev.

 

Share on Facebook Share on Twitter Share on Pinterest