SAYT TEST REJIMIDA!!!

Yagona gol “Andijon”ga dastlabki gʻalabani taqdim etdi

Yagona gol “Andijon”ga dastlabki gʻalabani taqdim etdi

“Andijon”ning “Mashʼal”ga qarshi uchrashuvi oʻziga xos ahamiyatga ega edi. Zero, klublar elitada oxirgi bor 4 yil oldin kuch sinashishgandi. Oʻyinga qiziqish odatdagidek katta boʻldi. Bunga sabablar yetarli. Doim Andijondagi uchrashuvlar bayramona ruhda va yuqori kayfiyatda oʻtyapti. Bunda albatta fan-klub boshchiligidagi “Ultras Burgut”ning roli katta. “Bobur arena”da bayram yuzaga kelyapti va bu albatta butun stadion boʻylab oʻz ifodasini koʻrsatmoqda. 

“Andijon” – “Mashʼal” bahsini yurtimizdagi ikki taniqli sharhlovchilar – Xayrulla Hamidov va Davron Fayziyev bevosita stadionda sharhlab bordilar. Oʻyin kutilganidek mezbonlarning keskin hujumlari bilan boshlandi. Bunday muhitning oʻziyoq “Burgutlar”ni oldinga chorlashi tabiiy hol. “Andijon”ning xavfli hujumlari dastlabki 10 daqiqaga yetmasdanoq gol bilan yakunlandi. Abdulvohid Gʻulomovning qanotdan zargarona uzatgan toʻpini Ilhom Abdugʻaniyev boshi bilan darvozaga joylab qoʻydi.

Garchi “Mashʼal” oʻtgan turda “Paxtakor”ga yirik hisobda imkoniyatni boy bergan boʻlsa-da, “Bobur arena”dagi “olovli” muhitda oʻzini yoʻqotib qoʻymadi va “Burgutlar”ga munosib qarshilik koʻrsatdi. Ayniqsa, ikkinchi boʻlimda, uning oxirlarida xavfli hujumlar sodir etdilar. 

Albatta, qachonki, jamoamiz aʼzolari oʻz imkoniyatlaridan foydalana olganlarida 1:0 hisobi oʻzgarishi ham mumkin edi. Lekin bir qator futbolchilarimizdan omad yuz oʻgirdi. Ikkinchi boʻlim yomgʻir ostida oʻtdi. “Bobur arena” esa tinmadi va muxlislarning ajoyib performanslari, qoʻllab-quvvatlashu, betakror aurasi bilan oʻyinga yanada fayz qoʻshdi. 

Ogʻir oʻtgan bellashuvda “Andijon” chempionatdagi dastlabki gʻalabasini qoʻlga kiritdi. Navbatdagi turda jamoamiz 13-aprel kuni Toshkentda “Paxtakor”ga qarshi maydonga tushadi. Boʻlajak oʻyinda ham jamoamizga omad tilaymiz. 

“Andijon” – “Mashʼal” – 1:0 (1:0).

6-aprel. Andijon. “Bobur arena” stadioni. 11200 tomoshabin.

Hakamlar: Ibrohim Ismoilov, Maksim Nexochin, Shoxruh Aʼzamov.

Zaxira hakami: Isroil Imomnazarov

VAR: Rustam Lutfullin

AVAR: Ruslan Serazetdinov

Nazoratchi: Viktor Serazetdinov

Komissar: Oybek Davletmuratov

“Andijon”: Eldor Adhamov, Islom Mamatkazin, Abdulvohid Gʻulomov, Miomir Jurichkovich, Oleg Zoteyev, Altin Kreziu (Iskandar Shoyqulov, 83), Muhammadkaim Toirov, Doniyor Abdumannopov (Bektemir Abdumannonov, 58), Farhod Sohibjonov (Usmonali Ismonaliyev, 58), Ilhom Abdugʻaniyev (Damir Temirov, 68), Islam Mashukov (Rustam Turdimurodov, 68). 

“Mashʼal”: Doston Toʻxtaboyev, Samandar Ochilov (Sherzod Fayziyev, 46), Islom Baratov (Anvar Murodov, 46), Ergash Ismoilov, Avazxon Mamatxoʻjayev, Muhammadali Aliqulov, Javohir Abdualimov, Dilshod Rahmatullayev (Sardor Abduraimov, 63), Islom Sharipov (Ibrohim Noʻmonov, 89), Ibrohim Gʻanixonov, Xumoyun Murtazoyev (Shoxnazar Norbekov, 82).  

Gol: Ilhom Abdugʻaniyev, 7 – 1:0.

Share on Facebook Share on Twitter Share on Pinterest