SAYT TEST REJIMIDA!!!

Abdulvohid Gʻulomov: “Muxlislarimiz 90 daqiqa bizni yuqori tempda qoʻllab-quvvatlashdi. Ularga alohida rahmat”

Abdulvohid Gʻulomov: “Muxlislarimiz 90 daqiqa bizni yuqori tempda qoʻllab-quvvatlashdi. Ularga alohida rahmat”

Namanganda boʻlib oʻtgan vodiy derbisida “Andijon” tarkibida birinchi marta sardorlik bogʻichida maydonga tushgan himoyachi Abdulvohid Gʻulomov ham oʻziga bildirilgan ishonchni oqladi va ijobiy taassurot qoldirdi. 

Futbolchi maydonda bor kuch va imkoniyatini ishga soldi. Uchrashuvdan keyin Abdulvohid “Andijon” matbuot xizmatiga ortda qolgan uchrashuv haqida intervyu berdi. 

- Abdulvohid, vodiy derbisi haqida nima deya olasiz?

- Avvalambor, barchani Ramazon hayit bayrami bilan tabriklayman. Uchrashuv qiyin boʻlishi oldindan maʼlum edi. Chunki bu derbi. Muxlislarimizga katta minnatdorchiligimizni bildiramiz. Ular 90 daqiqa bizni yuqori tempda qoʻllab-quvvatlashdi. Ularga alohida rahmat. Biz maydonga faqat gʻalaba uchun tushgandik. Oʻyin esa durang bilan yakunlandi. Buni safarda yomon natija deb hisoblamayman. Endi bor eʼtiborimizni keyingi uchrashuvga qaratamiz. 

- Vodiy derbisidagi oʻyinda ilk bor jamoa sardori sifatida maydonga tushdingiz. Bunday muhim bahsda buning masʼuliyati qanday boʻldi?

- Albatta, sardorlik bogʻichi bilan maydonga tushish oʻziga yarasha masʼuliyatli sanaladi. Bu oʻyinga boʻlgan motivatsiyani yanada oshiradi. Sardorlik bogʻichi bilan maydonga tushish, men uchun yoqimli. 

- Oxirgi daqiqada “Andijon taym” boʻldi va gol urib hisobni tenglashtirdik. Vaziyat shunday tus olishini oʻylaganmidingiz?

- Qalban sezib turgandik. Oxirigacha harakat qildik. Mehnatimizga yarasha Xudoim buning samarasi va natijasini berdi.

- Derbida katta jang kechdi va unda qayd etilgan durangdan qanchalik qoniqish hosil qildingiz?

- Ikkinchi taym oʻrtalaridan keyin maydonda bir futbolchi kam boʻlib harakat qildik. Yana qaytaraman, safarda, derbida yomon natija deb oʻylamayman.  

- Darhaqiqat, vodiy derbilari juda shiddatli va yuqori haroratda oʻtyapti. Bunga “Navbahor”ga qarshi oʻtgan yilgi derbilarni misol keltirish mumkin. Juda prinsipial oʻyin va oxirgi paytlarda mazkur derbilarning darajasi yanada yiriklashib ketmoqda, buni endi oddiy oʻyin deb boʻlmaydi... 

- Derbi haqida oldin ham bir fikr bildirganman: derbida maydon, tarkib, muhit taʼsir qilmaydi. Derbida faqat maydonga chiqiladi va jang boʻladi. Qaysi jamoa tayyor boʻlsa gʻalabani ilib ketadi. 

- Keyingi turda “Mashʼal” bilan oʻynaymiz. Derbidan keyin boʻlajak uchrashuvga tayyorgarlik qanday kechadi?

- “Navbahor”ga qarshi uchrashuvdan soʻng yechinish xonasidayoq “Mashʼal” bilan oʻyinga tayyorgarlikni boshladik. Xudo xohlasa, bundan keyin gʻalabalarimiz bilan muxlislarimizni xursand qilamiz.

 

Share on Facebook Share on Twitter Share on Pinterest