SAYT TEST REJIMIDA!!!

Keskin kurashlar ostida oʻtgan oʻyinda 5 ta gol urildi

Keskin kurashlar ostida oʻtgan oʻyinda 5 ta gol urildi

Xabar berganimizdek, “Andijon” klubi bugun Antaliya yigʻini davomidagi yana bir oʻrtoqlik uchrashuvini oʻtkazdi.

Polshaning “Vishista Krakov” jamoasiga qarshi bellashuv keskin va gollarga boy tarzda oʻtdi. Oʻyin esa kutilmaganda raqibning tezkor gollari bilan boshlandi. Bellashuv boshida polshaliklar hisobni ochishdi va 6-daqiqada ikkinchi golni ham kiritdilar. Albatta, uchrashuvning bunday boshlanishini hech kim kutmagandi. “Andijon” esa bunday holatdan tushkunlikka tushib qolgani yoʻq va raqib darvozasi oldida birin-ketin xavfli hujumlarni uyushtira boshladi. 

Faqat boʻlim oxirlariga yaqin keskin hujumlarimizdan biri gol bilan yakunlandi. Raqib jarima maydoni ichidagi chiroyli kombinatsiyamiz chogʻida Farhod Sohibjonovni polshalik himoyachi yiqitdi. Qirgʻizistonlik bosh hakam ikkilanmasdan 11 metrlik nuqtani koʻrsatdi. Buni hujumchi Rustam Turdimurodov muvaffaqiyatli bajargan holda hisobni qisqartirdi.
Oldindan rejalashtirilganidek, tanaffusdan keyin tarkibimizda oʻzgarishlar kuzatildi va bir qator futbolchilar oʻyinga qoʻshilishdi. 

Ikkinchi boʻlimni tajovuzkorlik bilan boshlagan jamoamiz 53-daqiqada raqibning yana bir kutilmagan hujumidan keyin toʻp oʻtkazib yubordi. Lekin futbolchilarimiz bu holatga tezda reaksiya koʻrsatib, hisobni qisqartirishdi. Qanotdan Bektemir Abdumannonovning tezkor hujumidan soʻng u toʻpni jarima maydoni ichiga uzatgan paytda toʻp raqib futbolchisining qoʻliga tegdi. Qirgʻizistonlik Alimardon Baynazarov ikkinchi marotaba “Vishista Krakov” darvozasi tomon penalti belgiladi. Abdumannonov 11 metrlik nuqtadan zarba berishda adashmadi.

Jamoamiz shiddat bilan oʻyinni davom ettirayotgan mahalda bosh hakam Islom Mamatkazinni raqib bilan toʻp uchun kurashda qoʻpollik ishlatdi, deya unga sariq va soʻng qizil kartochka koʻrsatib, maydondan chetlatdi. Hakam oʻyin oldidan kimdir chetlatilsa, oʻrniga boshqa futbolchi tushishiga ruxsat yoʻqligini aytdi va natijada jamoamiz qolgan daqiqalarda maydonda bir futbolchi kam oʻtkazishiga toʻgʻri keldi. Qolaversa, hakam bir necha bor choʻntagidan sariq kartochkalarni chiqarishiga toʻgʻri keldi. 

Shunda ham “Burgutlar”da golli imkoniyatlar boʻldi. Rossiyalik hujumchi Islam Mashukov 2-3 marotaba xavfli zarbalar yoʻlladi. Gohida darvozabon gollardan saqlagan boʻlsa, gohida omad yuz oʻgirdi.

Oʻyin davomida yomgʻir yogʻib turdi. Shunga qaramay, futbolchilarimiz boʻsh kelishgani yoʻq va keskin qarshilik koʻrsatishdi. Bir futbolchi kam boʻlib qolganda ham yigitlarning shiddati kamaymadi. Lekin raqib oʻyinchilari bir muncha qoʻpol oʻyin namoyish qilishgani bilan ham yodda qoldi. Nima boʻlganda ham “Andijon” futbolchilari maydonda mardonavor kurashdilar.

“Andijon” navbatdagi uchrashuvini 20-fevral kuni Chexiyaning “Zbroyovka Brno” jamoasiga qarshi oʻtkazadi. 

“Andijon” – Vishista Krakov” (Polsha) – 2:3 (1:2)

18-fevral. Antaliya. “Kaya” sport majmuasi.

Bosh hakam: Alimardon Baynazarov

Yordamchi hakamlar: Azamat Sadibakasov, Barsbek Djunshbayev

Zaxira hakami: Beksultan Parpibayev

“Andijon”: Mohir Komilov, Miomir Jurichkovich, Islom Mamatkazin, Abdulvohid Gʻulomov, Usmonali Ismonaliyev, Farhod Sohibjonov, Doniyor Abdumannopov, Shoxjahon Yorqinboyev, Altin Kreziu, Ilhom Abdugʻaniyev, Rustam Turdimurodov.

Ikkinchi boʻlimda maydonga tushganlar: Valijon Rahimov, Abdurahmon Komilov, Iskandar Shoyqulov, Oleg Zoteyev, Sardor Azimov, Muhammadkarim Toirov, Abubakir Ashurov, Bektemir Abdumannonov, Islam Mashukov.

“Vishista Krakov”:  Antoni Mikulko, Bartoz Brzek, Daniyel Mikolayevski, Mixal Pazdan, Daniyel Sandoval, Manuyel Torres, Tomas Svedrovski, David Pakulski, Roman Goku, Lisandro Semedo, Chuma.

Ikkinchi boʻlimda maydonga tushganlar: Oskar Miyelkars, Konrad Kasolik, David Kiyedrovich, Karol Daniyelek, Mixal Trabka, Yakub Volosik, Yakub Pesek, Mixal Feliks.

Gollar: Chuma, 2 – 0:1. Semedo, 6 – 0:2. Rustam Turdimurodov, 36-pen. – 1:2. Roman Goku, 53 – 1:3. Bektemir Abdumannonov, 56-pen. – 2:3.

Share on Facebook Share on Twitter Share on Pinterest