Ilhom Abdugʻaniyev: “Toʻgʻrisi, jamoa sardori boʻlib maydonga tushishimni kutmagandim. Buning oʻziga yarasha masʼuliyati bor”
Jamoamizning isteʼdodli futbolchilaridan biri Ilhom Abdugʻaniyev Polshaning “Vishista Krakov” klubiga qarshi uchrashuvda maydonga sardorlik bogʻichi ostida tushdi.
Andijonlik futbolchi Antaliya yigʻini mobaynida oʻz ustida ishlab, yangi mavsumga oʻzining sport formasini tiklab boryapti.
Abdugʻaniyev polshaliklarga qarshi uchrashuvdan keyin “Andijon” matbuot xizmatiga intervyu berdi.
- Ilhom, avvalo oʻyindan olgan taassurotlaringiz qanday boʻldi?
- Oʻyinni sust boshladik va tezkor gol qabul qilib oldik. Bu raqib jamoani ruhlantirdi va ikkinchi golni ham oʻtkazib yubordik. Ammo yomon oʻyin boʻlmadi, deb oʻylayman. Biz ham yetarlicha vaziyatlar yaratdik. Biroq oxirida golga aylantira olmadik. Bilasiz, tarkibimizda yangi kelgan futbolchilar bor. Ular jamoa oʻyiniga moslashib borishyapti. Xudo xohlasa, qolgan uchrashuvlarda yaxshi oʻynab ijobiy natijalarga erishamiz, degan umiddaman.
- Siz ushbu uchrashuvda jamoani sardor sifatida maydonga boshlab tushdingiz. Sardorlik bogʻichi ostida toʻp surish qanday boʻldi?
- Toʻgʻrisi, jamoa sardori boʻlib maydonga tushishimni kutmagandim. Buni albatta oʻziga yarasha masʼuliyati bor.
- Oldimizda yana 3 ta oʻyin bor. Lekin shu kungacha boʻlib oʻtgan oʻrtoqlik uchrashuvlari orasida siz uchun eng qiyin raqib qaysi boʻldi?
- Ha, yigʻinimiz davomida yana 3 ta oʻyinimiz bor. Albatta, oʻrtoqlik uchrashuvlari orqali bor eʼtiborimizni oʻyinimizni shakllantirishga qaratyapmiz. Shu kungacha boʻlgan oʻrtoqlik oʻyinlari orasida qiyin raqib “Boras Banya-Luka” jamoasi boʻldi, deb oʻylayman.
- Uchrashuvda ikkala jamoa noqulay ob-havo sharoitida oʻynadi. Bu hol qanchalik taʼsir qildi, deb oʻylaysiz?
- Bugungi oʻyin yomgʻir ostida oʻtdi. Biroq uchrashuvga unchalik taʼsir koʻrsatdi, deya olmayman. Chunki maydonda raqib ham, biz ham shu sharoitda oʻynadik. Balki chempionat boshlarida ham shunaqa ob-havo sharoitida oʻynashimiz mumkin. Jamoamiz Xudo xohlasa, bunday holatlarga ham tayyor boʻladi.
- Uchrashuvdagi tezkor gollardan keyin ham jamoa tushkunlikka tushmadi va raqibga munosib qarshilik koʻrsatdi. Kutilmagan tezkor gollar oʻyin rejasini oʻzgartirib yubordi, deb oʻylaysizmi?
- Albatta, tezkor gol oʻyinga taʼsir koʻrsatadi. Biroq uchrashuv davomida biz raqibga butun oʻyinda ustunlik qilishiga yoʻl qoʻymadik. 2 ta goldan keyin bizda ham yaxshi hujumlar boʻldi. Ikkinchi boʻlim boshlarida 2-3 ta yaxshi vaziyatimiz bor edi. Hakam tomonidan jamoadoshimizga qizil kartochka koʻrsatilganidan soʻng bir futbolchi kam boʻlib qoldik. Shunga qaramasdan yigitlar vaziyatlar yaratishga harakat qilishdi.
- Umuman, Antaliya yigʻini jamoamiz uchun qanchalik foydali boʻlyapti, deb oʻylaysiz?
- Antaliyadagi yigʻinimiz tabiiyki, jamoamizga katta foyda boʻlyapti. Mashgʻulot qilishga sharoitlar juda yaxshi. Ikki mahaldan mashgʻulot, jismoniy va taktik tomondan murabbiylar jamoa ustida ishlashyapti. Qolaversa, juda yaxshi saviyadagi sparring-raqiblar bilan oʻynayapmiz. Ushbu bellashuvlar orqali optimal formaga kirib, chempionatga puxta tayyorlanib boryapmiz.