“Andijon” oʻz mamlakatining amaldagi chempioniga qarshi maydonga tushadi
“Andijon” Antaliya yigʻini doirasidagi oʻzining uchinchi uchrashuvini 2-fevral kuni Bosniya va Gersegovinaning “Boras Banya-Luka” jamoasiga qarshi oʻtkazadi.
Banya-Luka shahridan boʻlgan “Boras Banya-Luka” klubiga 1926-yilda asos solingan va hozirda 99 yoshda. Ancha jiddiy raqib boʻlib, ayni paytda Bosniya va Gersegovina premyer-ligasida (bizning Superligamiz kabi) 12 ta klub orasida 17 ta oʻyindan keyin 13 gʻalaba, 2 durang va 2 magʻlubiyat qayd etib, 35 ta gol urgan va 8 ta toʻp oʻtkazib yuborib, 41 ochko bilan musobaqa jadvalida 2-oʻrinni band etib turibdi. Peshqadamdan hozircha uch ochkoga ortda qolmoqda.
Jamoaning oʻrtacha yoshi 25,7 ni tashkil qilmoqda. Klubning umumiy transfer summasi esa salkam 9 mln yevroga teng. “Boras Banya-Luka”ning eng qimmat futbolchilari - niderlandiyalik Bart Meyjers va serbiyalik Viktor Rogan boʻlib, ularning “Transfermarkt”da uning narxi 800 ming yevro etib belgilangan.
Klub oʻzining uy oʻyinlarini “Gradski” nomli stadionida oʻtkazadi. 1937-yilda ochilgan arena 9730 nafar muxlisni sigʻdiradi.
Mavsumning ikkinchi qismiga tayyorlanayogan “Boras Banya-Luka” Antaliyadagi yigʻin davomida bungacha Qozogʻistonning “Qayrat” klubiga qarshi maydonga tushib 0:0 oʻynagan boʻlsa, Rossiyaning “Nijniy Novgorod” jamoasini 3:2 hisobida magʻlubiyatga uchratdi. Bosniya jamoasi “Andijon”ga qarshi bellashuvdan keyin shuningdek, Latviyaning “Riga” va “Auda” klublari bilan ham oʻynaydi.
“Boras Banya-Luka” oʻz chempionatining sovrindorlaridan biri. Eʼtiborlisi, bu klub Bosniya va Gersegovinaning amaldagi chempioni hisoblanadi. Klub uch karra mamlakat chempionligini qoʻlga kiritgan. Shuningdek, Bosniya Kubogini ham yutgan. Kumush va bronza medallar sohibi sanaladi. Xullas, “Boras Banya-Luka” qator yutuqlarga ega chiqqan va oʻz mamlakatining yetakchilaridan biri.
Jamoaning 32 yoshli hujumchisi Jorje Despotovich 10 ta gol bilan toʻpurarlar roʻyxatida uchinchi oʻrinda turibdi. Qolaversa, shu kunlarda ushbu klub oʻz tarkibiga bir qator yangi oʻyinchilarni qoʻshib oldi. Tarkibida Niderlandiya, Serbiya, Kolumbiya, Shimoliy Makedoniya, Xorvatiya, Sloveniyadan kelgan legionerlar bor.
Klubni oldinda Bosniya Kubogi, chempionati va albatta UEFA Konferens ligasida muhim uchrashuvlar kutib turibdi.
“Boras Banya-Luka”ni mahalliy Mladen Jijovich boshqarib bormoqda. 45 yoshli murabbiy 2024-yilning 11-iyun sanasidan beri mazkur jamoaga bosh murabbiylik qilib kelmoqda. Klub ushbu murabbiy boshchiligida hozirga qadar Bosniya chempionati, UEFA Liga konferensiyasi, Yevropa chempionlar ligasi saralashi, Yevropa ligasi saralashi hamda Bosniya Kubogida hammasi boʻlib, 32 ta oʻyin oʻtkazgan. Shundan 19 tasida gʻalaba qozonishgan. 5 ta durang va 8 ta magʻlubiyat qayd etilgan. “Burgutlar”ning raqibi Yevropa maydonlarida ham ishtirok etib keladi.
“Andijon” – “Boras Banya-Luka” bellashuvi 2 fevral kuni Antaliyadagi “Mirakl” stadionida boʻlib oʻtadi. Uchrashuv Antaliya vaqti bilan 17:00, Toshkent vaqti bilan esa 19:00 da boshlanadi.