SAYT TEST REJIMIDA!!!

Gollarga boy oʻyinda jamoamiz gʻalaba qozondi

Gollarga boy oʻyinda jamoamiz gʻalaba qozondi

“Andijon” Antaliya yigʻini doirasidagi ikkinchi oʻrtoqlik uchrashuvini Ukrainaning “Vorskla” klubiga qarshi oʻtkazdi. Poltava shahri sharafini himoya qiladigan ushbu jamoaga qarshi bahs “Titanik Lara” maydonida boʻlib oʻtdi. 

Mazkur toʻqnashuv qiziqarli va gollarga boy tarzda oʻtganini alohida taʼkidlash joiz. Aleksandr Xomyakov jamoasi uchrashuvni tezkor gol bilan boshladilar. Hali ikkinchi daqiqa boshlanmasidanoq iqtidorli hujumchimiz Rustam Turdimurodov jarima maydoni ichida oʻzining aniq zarbasi bilan hisobni ochishga muvaffaq boʻldi – 1:0. 

Boʻlim oʻrtalarida esa “Vorskla”nng legioner futbolchisi Ibrahim Kane muvozanatni tikladi – 1:1. Shunga qaramay, jamoamiz tanaffusga 2:1 hisobidagi gʻalaba bilan chiqib ketdi. Tezkor qarshi hujumga oʻtgan jamoamiz bundan ustalik bilan foydalandi. Futbolchilarimizning pressing qoʻllashi natijasida Farhod Sohibjonov toʻpni egallab jarima maydoni ichiga kirib bordi va bu vaziyatda raqib himoyachisi uni yiqitdi hamda bosh hakam penalti belgiladi. Bu vazifani bosniyalik legioner Mirzad Mexanovich muvaffaqiyatli bajargan holda “Andijon”ni yana hisobda oldinga olib chiqdi – 2:1. Jamoalar tanaffusga shu hisobi bilan chiqib ketdilar.  

Ikkinchi boʻlim ham yanada shiddatli va qiziqarli tus oldi. Uchrashuvning 60-daqiqasidan keyin tarkibimizda deyarli toʻliq tarkib almashdi. Xavfli hujumlarimiz esa davom etdi. Jumladan, qanot yarim himoyachisi Bektemir Abdumannonovning xavfli reydidan keyin toʻpni jarima maydoni ichidagi jamoadoshiga uzatgan paytda “Vorskla” himoyachisi Artyom Chelvadin boshi bilan oʻz darvozasiga toʻpni kiritib yubordi – 3:1.

Jamoamizning toʻrtinchi goli esa kuchli pressing va bosim evazidan keyin kiritildi. Aniqrogʻi, Oleg Zoteyev maydon markaziga yaqin joydan toʻpni raqibdan ilib olgan holda bir futbolchini ustalik bilan aldab oʻtdi va oʻzidan-da qulay vaziyatga chiqib borayotgan Bektemir Abdumannonovni toʻp bilan taʼminladi. Oʻz navbatida Abdumannonov yuzaga kelgan imkoniyatdan samarali foydalanib hisobni 4:1 koʻrinishiga keltirdi. 

Aslida hisob bundan ham yirikroq koʻrinishda boʻlishi mumkin edi. Lekin 4 ta gol ham yaxshi koʻrsatkich. Faqat oxirgi daqiqalarda “Vorskla” futbolchilari oʻz imkoniyatlaridan foydalanib qoldilar. Avvaliga Ivan Nesterenko, keyinchalik esa avtogol muallifiga aylangan Artyom Chelvadin oradagi farqni qisqartirdi – 4:3. 

Shunga qaramay, “Andijon” gollarga boy tarzdagi bellashuvda 4:3 hisobida gʻalaba qozondi. Qizigʻi shundaki, 2022-yili Antaliyadagi yigʻin doirasida “Andijon” “Vorskla” U21 jamoasiga qarshi bellashgan va oʻsha bahsda ham “Burgutlar” 4:3 hisobida gʻalaba qozongan. Oradan 3 yil oʻtib, “Andijon” “Vorskla”ning asosiy jamoasini ham xuddi shu hisobda taslim qildi.

Xomyakov shogirdlari navbatdagi bahsni 2-fevral kuni Bosniya va Gersegovinaning “Boras Banya-Luka” jamoasiga qarshi oʻtkazadi.

“Andijon” – “Vorskla” – 4:3 (2:1).
29-yanvar. Antaliya. “Titanik Lara” stadioni.
Hakamlar:
Ramazon Kelich, Sezgin Chinar, Xasan Astar.
“Andijon”: Valijon Rahimov, Miomir Yurichkovich, Abubakir Ashurov, Abdulvohid Gʻulomov, Abdurahmon Komilov, Damir Temirov, Sardor Azimov, Mirzad Mexanovich, Iskandar Shoyqulov, Farhod Sohibjonov, Rustam Turdimurodov.
Ikkinchi boʻlimda maydonga tushganlar: Mohir Komilov, Usmonali Ismonaliyev, Oleg Zoteyev, Islom Mamatkazin, Muhammadkarim Toirov, Shoxjahon Yorqinboyev, Xamidullo Karimov, Abubakir Rejabboyev, Ilhom Abdugʻaniyev, Bektemir Abdumannonov, Shaxrom Samiyev.

“Vorskla”: Oleksandr Domolega, Ilya Krupskiy, Igor Perduta, Daniil Xrischuk, Yevgen Pasich, Navin Malish, Anton Sabalay, Oleksandr Sklyar, Milot Avoili, Ibrahim Kane, Serxi Myakushko.
Ikkinchi boʻlimda zaxiradan maydonga tushganlar: Luka Guchek, Artyom Chelvadin, Ivan Nesterenko, Samson Iede, Denis Ndyakve, Vladislav Ostrovski, Oleksiy Shevchenko.

Gollar: Rustam Turdimurodov – 1:0. Ibrahim Kane – 1:1. Mirzad Mexanovich-pen. – 2:1. Artyom Chelvadin-avtogol. – 3:1. Bektemir Abdumannonov – 4:1. Ivan Nesterenko – 4:2. Artyom Chelvadin – 4:3.

Share on Facebook Share on Twitter Share on Pinterest