Jangovar o'yin, jangovar durang. “Bobur arena”da esa mutlaqo yangi darajadagi muhit!
“Andijon” klubi 2025 yilda o'z maydonidagi rasmiy uchrashuvini o'tkazdi. Xabaringiz bor, o'tgan yili chempionat yakunlangach, “Bobur arena”da rekonstruksiya ishlari boshlangandi va o'yingacha stadion yangicha dizayn va yanada qulay sharoitlarga ega bo'lgan holatga keltirildi.
“Nasaf”ga qarshi o'yinni hamma intiqlik bilan kutgani rost. O'yindan bir kun oldingi mashg'ulotda muxlislar “Bobur arena”da mushakbozlik uyushtirgan holda futbolchilarni o'zgacha qo'llab-quvvatladilar. Aytish kerakki, “Andijon”ning ushbu uchrashuviga hamma jiddiy tayyorgarlik ko'rdi. Fan-klub ham o'zgacha tayyorlandi va “Bobur arena”da aqlbovar qilmas muhit yuzaga keldi.
“Andijon” fan-klub endi mutlaqo boshqa darajada va ularga O'zbekistonda shubhasiz hech kim teng kela olmaydi. O'yin oldidan butun stadion qizilga burkandi. “Bobur arena” o'zining betakror qo'shig'ini kuyladi. Muxlislarning atmosferani “dahshatli” darajaga keltirgani va ularning kuchli ishtiyoqi o'z-o'zidan futbolchilarga ham ta'sir ko'rsatdi va “Andijon” raqibga kuchli bosim uyushtirgan holda o'yinni boshladi.
“Burgutlar” birin-ketin “Nasaf” jarima maydoni ichida xavfli vaziyatlarni yarata boshladi va yakunda bu gol bilan tugadi. Jamoa sardori Oleg Zoteev o'zining hujumkorligini ko'rsatib, jarima maydoni ichida raqiblarini aldab o'tib, kuchli zarbasi bilan Abduvohid Ne'matovni ojiz qoldirdi.
Birinchi bo'lim o'rtalarida esa “Nasaf” Suhrob Nurulloevning goli bilan javob qaytardi. O'yin tempi juda baland bo'ldi. Uchrashuv harorati maydonda ham, maydon tashqarisida ham sezilib turdi.
Ikkinchi bo'limda ham ana shunday temp saqlanib turildi. “Andijon” yetakchiga qarshi munosib va kuchli xarakter ko'rsatdi. Bir qator golli imkoniyatlarga ega bo'ldi. Bu nihoyatda jangovar o'yin kechdi. To'g'ri, uchrashuv 1:1 hisobi bilan yakunlandi, ammo stadionga yig'ilgan muxlislar ajoyib futboldan bahramand bo'ldilar. O'yindan so'ng muxlislar o'yinchilarga o'ziga xos tarzda minnatdorchilik bildirdilar.
Endi ushbu klublar may oyida Superkubok o'yinida maydonga tushishadi.
"Andijon" navbatdagi uchrashuvini 28 mart kuni safarda "Navbahor"ga qarshi oʼtkazadi.
“Andijon” – “Nasaf” – 1:1 (1:1).
15 mart. Andijon. “Bobur arena” stadioni. 17000 tomoshabin.
Hakamlar: Rustam Lutfullin, Sanjar Shoyusupov, Alisher Usmonov.
Zaxira hakami: Umidjon Rahimjonov
VAR: Ilgiz Tantashev
AVAR: Timur Gaynullin
Nazoratchi: Ma'mur Saidqosimov
Komissar: Muhammad Sodiq Sodiq-Oxunov
“Andijon”: Eldor Adhamov, Islom Mamatkazin, Miomir Jurichkovich, Oleg Zoteev, Abdulvohid G'ulomov, Usmonali Ismonaliev (Sardor Azimov, 87), Muhammadkarim Toirov, Iskandar Shoyqulov (Altin Kreziu, 57), Mirzad Mexanovich (Ilhom Abdug'aniev, 57), Doniyor Abdumannopov (Bektemir Abdumannonov, 57), Rustam Turdimurodov (Islam Mashukov, 80).
“Nasaf”: Abduvohid Ne'matov, Umar Eshmurodov, Shuhrat Muhammadiev, Igor Golban (G'olib G'aybullaev, 80), Akmal Mozgovoy, Javohir Sidiqov (Zafarmurod Abdirahmatov, 80), Sharof Muhitdinov, Suhrob Nurulloev (Stefan Cholovich, 61), Oybek Bozorov, Dragan Cheran, Xusayn Norchaev.
Gollar: Oleg Zoteev, 15 – 1:0. Suhrob Nurulloev, 28 – 1:1.
Ogohlantirishlar: Iskandar Shoyqulov, 24. Islom Mamatkazin, 49 – Akmal Mozgovoy, 71. Shuhrat Muhammadiev, 75. Zafarmurod Abdirahmatov, 84. Ro'ziqul Berdiev, 90+5.