SAYT TEST REJIMIDA!!!

Oʻyindagi ustunlik natijada aks etdi

Oʻyindagi ustunlik natijada aks etdi

“Andijon” jamoamiz Tojikistonda davom etayotgan yozgi oʻquv-mashgʻulot yigʻini doirasida Tojikiston oliy ligasi vakili “Esxata” klubiga qarshi dastlabki nazorat uchrashuvida ishtirok etdi.

Bosh murabbiy Maksim Shatskix ikkala taymda ikki xil tarkibni maydonga tushirdi. Yangi oʻyinchilar ham “Andijon”dagi norasmiy bahsda debyutini oʻtkazdilar. Faqat Sunnatillo Hamidjonov bundan mustasno boʻlib, u endi jamoaga qoʻshildi va keyingi bahsda maydonga tushadi.

Oʻyin qiziqarli va hujumkor ruhda oʻtdi. Uchrashuvda jamoamiz tezkor gol urdi. Damir Temirovning pasidan soʻng Saidumarxon Saidnurullayev ustalik bilan raqib darvozasini ishgʻol qildi. 12-daqiqada “Esxata” vakillari muvozanatni tiklaganidan soʻng yana “Andijon”da golli hujumlar sodir boʻldi. Damir Temirov juda qulay vaziyatdan foydalana olmadi. Keyinchalik Usmonali Ismonaliyev gol urdiyu, biroq ofsayd deb topildi. Shunga qaramay, jamoamizni maydonga sardor sifatida boshlab tushgan Usmonaliyev 17-daqiqada baribir oʻz maqsadiga erishdi. U birinchi gol muallifi Saidnurullayevning ajoyib pasidan soʻng raqib darvozasini ishgʻol qildi. 

Birinchi boʻlimda boshqa gol urilmadi. Qolgani tanaffusdan keyin yuz berdi. Ikkinchi taymda boshqa tarkib maydonga tushirildi va sardorlik bogʻichi Sardor Azimovga oʻtdi. Tashabbus esa toʻliq jamoamiz tomoniga oʻtdi. Avvaliga Shoxjahon Yorqinboyev, oradan koʻp oʻtmasdan Doniyor Abdumannopov oʻzlarini koʻrsatishgan holda raqib darvozasini ishgʻol qildilar. Oʻyindagi oxirgi gol “Esxata” tomonidan kiritildi. Umumiy qilib aytganda, oʻyindagi ustunlik natijada aks etdi.

Shunday qilib, “Andijon” yozgi yigʻinidagi birinchi nazorat uchrashuvida 4:2 hisobida gʻalaba qozondi. Jamoamiz keyingi oʻyinni 22-iyul kuni Tojikistonning boshqa bir klubi – “Istaravshan”ga qarshi oʻtkazadi.

“Andijon” - “Esxata” – 4:2 (2:1).
18-iyul. Tojikiston. Guliston. “Natsbank” maydoni.

Bosh hakam: Xurshed Dadaboyev
Yordamchi hakamlar: Murod Qurbonov, Shaodat Abdullayeva
Nazoratchi: Zoxir Hotamov

“Andijon”:  Eldor Adhamov, Abubakir Ashurov, Muhammadali Abdurashidov, Bekzod Sulaymonov, Damir Temirov, Muhammadkarim Toirov, Bektemir Abdumannonov, Miraziz Muxamadaliyev, Farhod Sohibjonov, Saidumarxon Saidnurullayev, Usmonali Ismonaliyev.

Ikkinchi boʻlimda maydonga tushganlar: Artyom Odinsov, Islom Mamatkazin, Kristian Novak, Abdurahmon Komilov, Sardor Azimov, Shoxjahon Yorqinboyev, Altin Kreziu, Abdurahmon Abdullayev, Muhammadali Usmonov, Doniyor Abdumannopov, Otabek Joʻraqoʻziyev.

“Esxata”: Izzat Tursunov, Dilshod Karimov, Sardor Xursandov, Soxib Xakimov, Abdurahmon Uzoqov, Diyor Shavqiyev, Abdusamad Samadov, Ibrohim Eshonxonov, Xoji Abdumannon, Rustam Saburov, Baxtiyor Zaripov.

Gollar: Saidumarxon Saidnurullayev, 2 - 1:0. Rustam Saburov, 12 - 1:1. Usmonali Ismonaliyev, 17 - 2:1. Shoxjahon Yorqinboyev, 57 - 3:1. Doniyor Abdumannopov, 60 - 4:1. Ibrohim Eshonxonov, 66 - 4:2.

Share on Facebook Share on Twitter Share on Pinterest