Maksim Shatskix: "Ikkinchi davrada boshqacha shakllangan jamoa paydo boʼladi"
“Andijon” – “Bunyodkor” (0:2) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida jamoamiz bosh murabbiyi Maksim Shatskix ishtirok etdi.
- Koʻp gapirishdan foyda yoʻq. Yomon oʻyin koʻrsatdik. Uchrashuvdan avval qanday oʻynash kerakligini tushuntirgandik. Afsuski, barchasi aksincha tus oldi. Futbolchilar koʻrsatmalarimizni toʻliq bajarishmadi. Tahlil qilamiz, oʻrganamiz. Oʻyinchilarimizni koʻp qismi bunday uchrashuvlarga tayyor emas. Yoshlar ham birdaniga oʻynab keta olmaydi. Oʻyin tashkil qilish va yana bir qancha jihatlarda bizga vaqt kerakligi koʻrinib turibdi. Oʻyinni oʻzgartirishga qilgan urinishlarimiz ham taʼsir koʻrsata olmadi. Doimgidek, asosiy muammolarimiz himoyada. Shu bilan birga yaxshi futbolchilarimiz ham bor. Oʻylaymanki, hammasi iziga tushib ketadi. Ikkinchi davrada boshqacha shakllangan jamoa paydo boʻladi, deb oʻylayman. Uchrashuvda bir qator muammolarimiz ham koʻrindi. Tegishli xulosalarni chiqaramiz.
- Maydon markazi raqibga berib qoʻyildi. “Bunyodkor”da bu pozitsiyada tajribali oʻyinchilar bor. Shoxjahon Yorqinboyev ikkinchi boʻlimda maydonga tushirsangiz boʻlmasdimi?
- Mashgʻulotlarda ishlashini, harakatini koʻrib unga imkoniyat berishga qaror qildik. Oʻrinbosarlar safida oʻynayotgandi va bugun asosiyda. Bizda boshqa variant ham yoʻq edi. Endi biroz tanaffus boʻladi va yigʻin tashkil qilamiz. Ana shunda oʻyinchilarning miyasini yanada shakllantiramiz. Jismoniy holat boʻyicha bizda yaxshi. Futbol bugungi kunda aql bilan oʻynaladigan oʻyin. Kim yaxshi, tez va aqlli fikrlasa oʻsha bugungi futbolda gʻalaba qozonadi.
- Legioner Luka Uskokovich qaydnomaga kiritilmayapti. Unda jarohat yoʻq, nega oʻynamayapti?
- Lukada jarohat bor, u davolanyapti. Superkubokda jarohat olgandi. Shundan beri oʻynamadi. Jarohatidan qutulish uchun harakat qilyapti. Tiklanishiga oz qoldi va safimizga qaytadi. Markaziy himoyada himoyachi boʻlmagan Ismonaliyev, Azimov kabilar boshqa pozitsiyalarda oʻynashga majbur boʻldilar. Afsuski, bizda boshqa varianlar yoʻq edi.
- Altin Kreziu nega zaxirada qolyapti?
- Kim qanday ishlasa, shunga yarasha oʻynaydi. Bu haqida har kuni oʻyinchilarga aytaman va buni ular yaxshi bilishadi. Bu normal jarayon deb hisoblayman. Mashgʻulotlarda borini berib mehnat qilish kerak. Boshqa yoʻl ham yoʻq.
- Ilhom Abdugʻaniyevni muxlislar bilan oʻrtasida yuz bergan holatga munosabatingiz.
- Notoʻgʻri qildi, men buni unga aytdim. Jarimaga tortiladi. Har qanday holatda ham haqorat qilganida javob qaytarmasliging kerak edi, xato qilding deb aytdim. Toʻgʻrisi, nima deb baqirishganini eshitmadim. Futbolchi maydonga tushdimi, oʻz ishini qilishi kerak. Murabbiy esa natijaga javob beradi. Boshqa narsaga eʼtibor qaratmasligi lozim. U ham tribunadagi holatga eʼtibor qaratmasligi kerak. Biz bu boʻyicha gaplashib olamiz va tegishli xulosalarni chiqaramiz. Umid qilamanki, boshqa bunday holat boʻlmaydi.
- Ikkinchi davrada “Paxtakor”dan Azmiddinov, Saidnurullayev va Usmonovning kelishi haqida gap-soʻzlar yuribdi. Bu qanchalik haqiqat?
- Usmonov va Saidnurullayev bizga oʻtadi. Azmiddinov masalasi katta savol. Uni jalb qilish oson boʻlmaydi. Futbolchini yaxshi bilaman, bizga foydasi tegadi. Rahbariyat bilan uni ijaraga olish masalasini gaplashib koʻramiz. Rejalar bor va buni amalga oshirish uchun biroz vaqt kerak. Oʻyinchilarni avvaldan bilaman, kreativ yigitlar.
- Birinchidan davradan soʻng hozirgi tarkibdan ham yana kimlardir jamoani tark etadimi?
- Albatta, boʻlishi mumkin. Hozircha bu savolga javob bera olmayman. Futbolchi mehnat qilishi va oʻynashi kerak. Yetarlicha tajribasi, amaliyoti boʻlmagan futbolchini klubda olib qolishdan maʼno yoʻq.