OFK vakillari “Bobur arena”ni ko'zdan kechirdilar
“Andijon” jamoamiz bu yil o'z tarixida ilk bor Osiyo Chempionlar ligasi 2 musobaqasida ishtirok etadi. Osiyo sahnasida debyutini o'tkazadigan jamoamiz allaqachon OCHL nafasini his qilishni boshlagan.
Bo'lajak musobaqaning ilk uchrashuvlari 16-17 sentabr kunlari o'tkaziladi. 15 avgust kuni esa qur'a tashlash marosimi bo'lib o'tadi. Ko'rib turganingizdek, turnir boshlanishiga 2,5 oy vaqt qoldi.
Musobaqa oldidan OFK vakillari turnir ishtirokchilarining OCHLni joriy mavsumiga tayyorgarlik ishlari bilan yaqindan tanishib chiqadi. Shu maqsadda OFK vakillari Andijonga tashrif buyurib, jamoamiz va stadion bilan yaqindan tanishdilar.
Qirg'izistonlik tajribali instruktor Kemal Tokabaev OFK vakili sifatida Andijonga kelgan komissiyaga rahbarlik qildi. Shuningdek, O'FA hamda O'zPFLdan tuzilgan maxsus ishchi guruh ham hamroxlik qildi.
Jumladan, Kemal Tokabaev ikki kun davomida Andijonda bo'lib, klub infratuzilmasini yaqindan o'rgandi. Xo'jaoboddagi yangi futbol bazasini ko'zdan kechirdi.
Bo'stondagi futbol maktabidagi sharoitlar ham o'rganildi va albatta eng asosiysi, OCHL 2 o'yinlarini o'zida qabul qiladigan “Bobur arena” stadionidagi barcha yo'nalishlar bo'yicha yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar. Mutasaddilar bilan alohida yigʼilish ham oʼtkazildi. Stadion obdon koʼzdan kechirildi va o'zlarining kerakli ko'rsatma hamda maslahatlarini berdilar.
“Andijon”ning OCHL 2 dagi hayajonli va unutilmas onlariga oz fursat qoldi...