“Bobur arena”da g'olib aniqlanmadi
Superliganing 13-turiga start berildi. “Andijon” “Bobur arena”da Navoiyning “Qizilqum” jamoasini qabul qildi. Uchrashuv kutilmaganda mehmonlarning tezkor goli bilan boshlandi. Burchakdan uzatilgan to'pni “Andijon”ning sobiq futbolchisi Farhod Bekmuratov kiritdi.
Shundan so'ng “Andijon” vaziyatni o'nglash borasida qiyinchiliklarga duch keldi. Chunki raqib himoyalanishda hujumlarni bartaraf etib turdi. Ba'zida esa omad yuz o'girdi. Bir vaziyatda Damir Temirovning ajoyib zarbasi to'singa tegib maydondan chiqib ketdi. Raqib esa qarshi hujumlarda keskinlikni oshirib turdi.
Kutilganidek, “Andijon” tanaffusdan keyin o'yinni yanada kuchaytirdi. “Qizilqum” deyarli himoyalandi. Birin-ketin Sanjar Quvvatov darvozasi oldidan o'ta xavfli hujumlar ko'paya boshladi va barchasi golga qarab borayotgandi. Qachonki, bosh murabbiy Maksim Shatskixning tarkibda o'zgarishlarga qo'l urganidan keyin hisob tenglashdi. Ilk bor “Andijon” safida Superligada maydonga tushgan 20 yoshli yarim himoyachi Shoxjahon Yorqinboev maydonga tushiboq gol urishga muvaffaq bo'ldi. U debyut uchrashuvida debyut golini urdi.
Zaxiradan maydonga shuningdek, Bekzod Sulaymonov, Asad Habibullaev va Miraziz Maxamadaliev ham tushishdi. Ushbu U21 jamoamizing 4 nafar a'zosi “Andijon” safida debyutlarini o'tkazdilar. O'tgan turdagi bellashuv esa Abubakir Ashurovning debyutiga aylangandi. G'alabaga yaqin kelgan bellashuvda jamoalar bir ochkodan bo'lishib oldilar.
“Andijon” navbatdagi o'yinini 26 iyun kuni safarda “Xorazm”ga qarshi o'tkazadi.
“Andijon” – “Qizilqum” – 1:1 (0:1).
19 iyun. Andijon. “Bobur arena” stadioni. 7241 tomoshabin.
Hakamlar: Ibrohim Ismoilov, Maksim Nexochin, Shoxruh A'zamov
Zaxira hakami: Alisher Abduvohidov
VAR: G'ayrat Jo'raev
AVAR: Alisher Usmonov
Nazoratchi: Oleg Dachev
Komissar: Shoxruh Said
“Andijon”: Eldor Adhamov, Abubakir Ashurov, Islom Mamatkazin, Sardor Azimov (Bekzod Sulaymonov, 76), Usmonali Ismonaliev, Muhammadkarim Toirov, Ilhom Abdug'aniev (Shoxjahon Yorqinboev, 76), Bektemir Abdumannonov (Miraziz Maxamadaliev, 89), Damir Temirov (Asad Habibullaev, 89), Doniyor Abdumannopov, Rustam Turdimurodov.
“Qizilqum”: Sanjar Quvvatov, Ilhom Vahobov, Dilshod Komilov, Samandar Shukurullaev, Nikola Kumburovich, Dushan Miyich, Davron Anvarov, Farhod Bekmuratov (Murodali Usmonov, 79), Fayzullo Jumanqo'ziev (Sulton Rahmatov, 90+7), Ilhom Kenjaev (Bobomurod Bozorov, 67), Roman Papariga (Akmal Muzaffarov, 79).
Gollar: Farhod Bekmuratov, 5 – 0:1. Shoxjahon Yorqinboev, 77 – 1:1.
Ogohlantirishlar: Islom Mamatkazin, 20. Usmonali Ismonaliev, 26 – Davron Anvarov, 15. Farhod Bekmuratov, 26.