Jamoamiz uchun foydali o'yin
Yana bir bor butun xaqlimizni Qurbon hayit bayrami va milliy terma jamoamizni tarixda ilk bor jahon chempionati yo'llanmasini qo'lga kiritgani bilan muborakbod etamiz. Bunday qo'shaloq bayram muborak bo'lsin!
Mana shunday ulug', sharafga to'lgan onlarda bizning jamoamiz ham Tojikistondagi yig'inini bayramlarga hamoxang tarzda yuqori kayfiyatda olib bormoqda.
Maksim Shatskix jamoasi FIFA kunlaridan foydalanib, “Xo'jand”ga qarshi belgilangan o'rtoqlik o'yinini o'tkazdi. Bu albatta bizning “Burgutlar” uchun bu juda kerakli o'yin edi. Boisi, bo'lajak rasmiy o'yin oldidan murabbiylar shtabi barcha futbolchilarning funksional holatini va taktik uslublarga moslashish jarayonida qo'llanilayotgan sxemalarni o'yin orqali ko'rib olishlari ayni muddao edi. Buning ustiga mazkur yig'inda yoshlar jamoamizdan bir qator yoshlar ham jalb qilingan bo'lib, ularni ham sinovdan o'tkazish taqozo etilardi.
Shu sababli “Xo'jand”ga qarshi bahsning dastlabki daqiqalaridan murabbiylar shtabi asosan yoshlarga imkoniyat taqdim etishdi. Uchrashuv esa 30 daqiqadan 4 taym davomida o'tkazildi.
Dastlakib ikki taymdan so'ng asosiy tarkib o'yinchilari maydonga tushishdi. O'yin davomida ikkita gol ko'rdik. Avvaliga Abdurahmon Komilovga nisbatan ishlatilgan qo'pollikdan so'ng belgilangan penaltini Damir Temirov golga aylantirgan bo'lsa, uchrashuv oxirlarida raqib jamoa hisobni tenglashtirdi.
Albatta, bahs davomida futbolchilarimiz “Xo'jand” darvozasi oldida bir qator golli imkoniyatlarni hosil qildilar. Biroq yakunda hujumlarni gol bilan tugatishda omad yetishmadi. Muhimi, jamoada o'ziga bo'lgan ishonch yuqori.
“Andijon” Superliganing 12-turini 13 iyun kuni Samarqandda “Buxoro”ga qarshi o'tkazadi. Futbolchilarimiz bir kunlik xordiqdan keyin ertadan yana mashg'ulotlarga kirishishadi hamda “Buxoro”ga qarshi kechadigan uchrashuv uchun tayyorgarlikni davom ettiradilar.

